Turli davlatlarda eski uylarni buzish qanday amalga oshirilgan?
O‘zbekistonda poytaxtning o‘ziga xos renovatsiyasi boshlandi. Uylarni buzish muammosi ko‘pchilikka daxl qilmoqda. Tez orada hokimlik Toshkent shahrining yangi bosh rejasi konsepsiyasini taqdim etishi lozim.
RBK nashri jahon mamlakatlarida eski uylarni buzish muammosi qanday hal qilinishi haqida maqola tayyorladi. Ayni paytda bu muammo Rossiyada ham dolzarb hisoblanadi.
Pekinning markaziy rayonlari renovatsiyasi. Sabablar
1980-yillar oxirlariga kelib, Xitoy poytaxti markazidagi uylarning aksariyat qismi xarob ahvolga kelib qolgandi. Aholi turmush tarzi havas qilgudek emasdi: 1985 yilda Pekindagi xonadonlarning yarmidan ko‘pi o‘z oshxonasiga, 60%dan ortig‘i shaxsiy hojatxonasiga ega emasdi va oilalarning yarmigina suv tizimiga ega edi. Kishi boshiga o‘rtacha 8,7 kv. metr yashash maydoni to‘g‘ri kelardi. Markaziy rayonlarda ayniqsa uy-joy muammosi dolzarb edi.
Pekinning markaziy rayonlari renovatsiyasi. Jarayon
1987-1990 yillarda shahar hukumati bir nechta markaziy kvartallarda sinov renovatsiya dasturini o‘tkazdi, 1990 yilga kelib esa markazdagi eski binolarni buzish va qayta qurish bo‘yicha to‘liq miqyosdagi dasturni yo‘lga qo‘ydi. Bo‘shagan uchastkalar o‘rniga ko‘p xonadonli uylar va tijoratga mo‘ljallangan binolar qurish rejalashtirildi. Asosiy vazifa renovatsiya loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirish uchun developerlarni jalb etish edi. hukumat dasturini amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi maxsus xizmat tashkil etildi. Munitsipalitet vaziyat nisbatan og‘ir bo‘lgan to‘rtta rayon uchun 200 mln yuan (37 mln dollar atrofida) ajratdi, developerlar esa soliq imtiyozlariga ega bo‘lishdi.
1980-yillar oxiridagi xususiy investitsiya uchun sharoit yaratgan yerdan foydalanish islohoti dasturni o‘tkazishga xizmat qildi: yerga egalik huquqi bilan operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, mahalliy hukumat moliyaviy islohotlar fonida yerdan foydalanish huquqini sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi, bu esa infrastrukturani investitsiyalashda qo‘shimcha daromad bilan ta'minladi.
Pekinning markaziy rayonlari renovatsiyasi. Natija
Qayta qurish aksariyat binolar eskirgan deb topilgan butun boshli kvartallarda o‘tkazildi. Avvaliga o‘tkazilgan tadqiqotlarda umumiy maydoni 16,12 mln kv.m. bo‘lgan binolar renovatsiya qilinishi aniqlandi. Dasturning to‘rtga bo‘lingan birinchi bosqichida 710 ming kishi yashaydigan umumiy maydoni 7,25 mln kv.m. bo‘lgan kvartallar rekonstruksiya qilindi. Rekonstruksiyadan so‘ng ushbu hududda qurilgan maydon 15,6 mln kv. metrni, jumladan, 11 mln kv. metr yashash maydonini tashkil etdi. 1999 yil oxiriga kelib 160 mingdan ortiq oila ko‘chirildi, ularning 43,8%i boshqa rayonlardan uy-joyga ega bo‘ldi. 2001–2005 yillarda yana 340 ming oila ko‘chirilishi kutilayotgani ma'lum qilindi.
Renovatsiya dasturi Pekinning markaziy rayonlarida infrastrukturaning yangilanishi va tijorat ko‘chmas mulklari qurilishi uchun sharoit yaratdi. Bundan tashqari, aholining nochor qatlami yashash sharoiti sezilarli darajada yaxshilandi, chunki dasturni amalga oshirishning qizg‘in pallasida xonalar sonini oshirgan va uy-joy qurilishi sanitar normalarini yaxshilagan «Qulay uy-joy milliy loyihasi» qabul qilindi. Dasturni amalga oshirish vaqtida Xitoyda iqtisodiy o‘sish va qurilishning jadallashishi kuzatildi. Milliy statistika idorasining ma'lumotiga ko‘ra, 2005-2010 yillarda Pekinda 300 mln kv. metrdan ortiq inshoot qurildi, bu butun mamlakatda o‘sha davrda qurilgan barcha binolar umumiy maydonining 2-3%ini tashkil etadi.
AQShda eski uylardan voz kechish dasturi. Sabablar
Buyuk depressiya va Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Amerikada xaroba uylarni yo‘qotish va yirik shaharlarni qayta rejalashtirish muammosi yuzaga keldi. Bu choralar iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish uchun zarur edi. Mazkur muammo 1948 yilgi saylovlarda mamlakatdagi har ikki partiya dasturidan o‘rin olgandi.
AQShda eski uylardan voz kechish dasturi. Jarayon
Keng miqyosdagi dastur 1949 yilda uy-joy to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng boshlandi. Dastur shahar hokimiyatiga shaharni qayta qurish loyihasidan keladigan sof daromadning 60-75%ini tashkil etuvchi grantlar ajratilishini ko‘zda tutardi (yerni sotib olish, aholini ko‘chirish va uylarni buzish qiymati minus qurilish uchun tozalangan maydonlarni sotishdan keladigan foyda). Bundan tashqari, qonun ipoteka bozoriga davlat sug‘urta qo‘llab-quvvatlovini taqdim etardi.
Uy-joy fondini modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanish huquqini olgan agentlik tuzildi: u renovatsiya talab qilinadigan uchastkani aniqlar, jamoatchilik tinglovini o‘tkazar, mahalliy va federal hukumatdan modernizatsiya loyihasini yaratishga rozilik olardi. Bitta loyihani amalga oshirish uchun bir necha yildan vaqt ketdi. 1966 yilga kelib 300 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan umumiy maydoni 230 kv.kmdan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq inshootlarni buzishga ruxsat olindi. Tozalangan maydondan uy-joy (35%), ko‘cha va shosselar (27%), sanoat (15%) va tijorat qurilishi (13%) hamda davlat ehtiyojlari uchun (11%) foydalanish rejalashtirilgandi. Ushbu dasturni moliyalashtirish to‘xtatilgan 1974 yilga qadar 2,1 mingdan ortiq renovatsiya loyihasi uchun 51 mlrd dollarga yaqin (2007 yilgi narx bo‘yicha) grant ajratildi.
AQShda eski uylardan voz kechish dasturi. Natija
Dastur ko‘plab qarama-qarshiliklarga ega edi va jamiyatda noroziliklarga sabab bo‘ldi. U aholining faqatgina qashshoq qatlamiga tegishli ekanligi, mulk huquqidan mahrum qilishda suiiste'molchiliklarga olib kelganligi, butun boshli shahar tizimlarining buzilib ketishiga, rayonlarning tarixiy qiyofasi yo‘qolishiga sabab bo‘lganligi qayd etildi.
Dasturni amalga oshirish natijasida ko‘plab shaharlar restrukturizatsiya qilindi, ko‘chmas mulk bozori va aholi maskanlarining ijtimoiy tuzilmasi o‘zgardi. Uning iqtisodiy oqibatlari haligacha o‘rganilmoqda.
Braziliyada yangi uylar qurilishi. Sabablar
2010 yil boshidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Braziliyada mamlakat aholisining 6%ga yaqini istiqomat qiluvchi 6,3 mingdan ortiq favel bo‘lgan. Yetti million oila yashash sharoitlarining yaxshilanishiga ehtiyojmand bo‘lgan. Braziliyadagi yuqori darajadagi urbanizatsiya hamda qurilish sohasini rivojlantirish zaruriyati ham yangi uylar qurilishiga asos bo‘lgan. Favellarning yana bir o‘ziga xos jihati, ularda jinoyatchilik darajasi juda yuqori bo‘lib, bunga qarshi yangi yashash kvartallari qurish orqali kurashish mumkin deb taxmin qilingandi.
Braziliyada yangi uylar qurilishi. Jarayon
2009 yilda yoppasiga arzon uylar qurish dasturini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. U Minha Casa, Minha Vida («Mening uyim, mening hayotim») deb nomlandi. Birinchi bosqichda $17,5 mlrd ajratilib, 1 mln.ta xonadon qurish rejalashtirildi. Ikkinchi bosqich 2011 yilda boshlandi —2 mln.ta kvartira qurish uchun $35,1 mlrd ajratildi. Dasturda aholining nochor qatlamiga yangi uylar sotib olish uchun imtiyozli stavkalarda kredit taqdim etish ko‘zda tutilgandi.
Prezident Dilma Ruseffning iste'fosidan sal oldin uy-joy qurilishi uchun yana 60 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratilishi ma'lum qilindi, ammo amalda 2015 yil o‘rtalarida mablag‘ yetishmasligi sababli jarayon to‘xtab qolgandi. Yangi hukumat moliyalashtirishni qisqartirib va uni manzilli qilib dasturni davom ettirmoqchi ekanligini bildirdi.
Braziliyada yangi uylar qurilishi. Natija
2017 yil aprel oyi holatiga ko‘ra, so‘nggi 12 oyda mamlakatda qurilgan uylarning 80%dan ortig‘i Minha Casa, Minha Vida ulushiga to‘g‘ri kelgan. Yangi kvartallar qurishdan tashqari, favellarda 2008 yildan buyon uyushgan jinoyatchilikka qarshi faol kurash olib borilmoqda.
Dastur shaffof emasligi va korrupsiya bois muntazam tanqid qilingan, bundan tashqari, ularning sifati ham tanqid ostiga olingan. So‘rovlarga ko‘ra, Rio-de-Janeyroning 10% aholisi Minha Casa, Minha Vida loyihasini qo‘llab-quvvatlagan. Shaharliklar xonadonlarning kichik o‘lchami, zarur infrastrukturaning yo‘qligi va yangi yashash kvartallari uzoqligidan shikoyat qilishgan. Ammo bu kamchiliklarga qaramasdan, ekspertlarning fikricha, yangi uylar qurilishi yashash sharoitlarini yaxshilashga zarurati bo‘lgan oilalar sonini kamaytirgan.
Sharqiy Germaniyadagi shaharlar rekonstruksiyasi. Sabablar
Germaniya birlashganidan so‘ng GDRda ma'naviy eskirgan uylar muammosi yuzaga qalqib chiqdi. Uylardan foydalanish katta xarajatlarni talab qilar, ulardagi isitish tizimlari eskirgan, liftlar yo‘q edi. XXI asr boshiga kelib Sharqiy Germaniyada 1 mlnga yaqin tashlandiq binolar mavjudligi ma'lum bo‘ldi, bu uy-joy fondining 13%ga yaqinini tashkil etardi.
Sharqiy Germaniyadagi shaharlar rekonstruksiyasi. Jarayon
2002 yilda Germaniya hukumati yangi federal yerlarda, keyinchalik G‘arbiy Germaniyada shaharsozlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirdi. Asosiy maqsad ortiqcha maydonlarni qisqartirish va yashash sharoitlarini yaxshilash uchun binolarni rekonstruksiya qilish edi. Tashlandiq uylarni buzish federal va mahalliy budjet hisobiga amalga oshirildi, binolarni rekonstruksiya qilishda esa shahar hokimiyati ham ishtirok etdi.
Sharqiy Germaniyadagi shaharlar rekonstruksiyasi. Natija
G‘arbiy va Sharqiy Germaniyadagi shaharlarni rekonstruksiya qilishda 494 sharqiy hamda 530 g‘arbiy shahar va munitsipal tuzilmalar qatnashdi. 2016 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarda dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilgani o‘z isbotini topdi.
Rekonstruksiya dasturi birinchi navbatda u eski binolarni tiklash emas, bo‘sh binolarni buzib tashlashga qaratilgani uchun tanqid qilindi.
Mavzuga oid
13:37 / 03.08.2024
“Avariya holatigina renovatsiyaga sabab bo‘la oladi” – arxitektor shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasini «xavfli» deya atadi
21:18 / 06.05.2024
Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun 60 gektar yer auksionga chiqariladi
22:29 / 09.08.2023
Uyni ijaraga berish yoki olish bilan bog‘liq huquqiy masalalar bayon etildi
23:51 / 19.12.2022