Sport | 11:28 / 18.04.2019
20067
8 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» YeChLda ham «Siti»dan oldinda. Endi Kloppni finaldan oldingi final kutmoqda

Foto: REUTERS

«Qizillar» Chempionlar ligasi chorakfinali javob uchrashuvida ham «ajdarlar»ni ishonchli tarzda mag‘lub etishdi (4:1).

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«Portu» (Portugaliya) – «Liverpul» (Angliya) – 1:4 (0:1)
Gollar: Mane, 26 (0:1). Saloh, 65 (0:2). Eder Militau, 69 (1:2). Robertu Firmino, 77 (1:3). van Deyk, 84 (1:4).
«Portu»: Kasilyas, Eder Militau, Felipe, Pepe, Telles, Otaviu (Soares, 46), Danilu Pereyra, Errera, Korona (Fernandu, 78), Marega, Braimi (Brunu Koshta, 81).
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold (Gomes, 66), Matip, van Deyk, Roberson (Henderson, 71), Veynaldum, Fabino, Milner, Saloh, Origi (Robertu Firmino, 46), Mane.
Ogohlantirishlar: Mane, 32. Pepe, 36.
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).
17 aprel. Portu. «Dragau» stadioni.
Birinchi o‘yin – 0:2.

Katalonlarga qarshi o‘yin imkoni
Bu o‘yindan oldin «Liverpul» ham, «Portu» ham bu juftlik g‘olibini yarimfinalda «Barselona» kutayotganidan boxabar edi - katalonlar chorakfinalning javob uchrashuvida «MYu»ni yirik hisobda taslim etishdi. «Dragau»dagi javob uchrashuvi arafasida katalonlarga o‘tgan haftadagi birinchi o‘yinda 2:0 hisobida ustun kelgan inglizlar ro‘baru bo‘lishi haqiqatga yaqin edi. Portugallar vaziyatni o‘zgartirish uchun o‘yin boshidan tashabbusni qo‘lga olib, kamida ikki gol urishi va shu bilan birga o‘z darvozasidan gol o‘tkazmasligi talab etilardi.

Birinchi bo‘limda 15ta zarba
«Portu» kutilganidek o‘yinni hujumkorlik bilan boshladi va mehmonlarni jarima maydonchasiga qamab qo‘yishga harakat qildi. O‘yinning ilk yarim soatida mezbonlar «qizillar» darvozasi tomon 15 bor zarba berdi, shundan 6tasi darvoza sohasi tomon aniq bordi. «Liverpul» esa 4ta zarba bilan javob qaytardi, shundan faqat bittasi aniq zarba. «Ajdarlar» to‘pga egalik qilish borasida ham ustunlik qilishdi, mezbon futbolchilar nisbatan aniqroq pas berishdi, to‘p uchun kurashlarda ko‘p hollarda ustun kelishdi.

Mareganing faolligi
Portugallar barvaqt taslim bo‘lishni istashmadi va tanaffusga qadar barcha futbolchilar hujumga o‘tishdi. Statistikaga ko‘ra birinchi bo‘limda «Portu»ning 8 futbolchisi kamida bir marta «Liverpul» darvozasini nishonga oldi, ulardan eng faoli Marega bo‘ldi. Portugallarning YeChLdagi to‘purari bo‘lib turgan bu malilik futbolchi «Portu» zarbalarining uchdan bir qismi (5ta zarba) muallifi bo‘ldi. U istalgan nuqtadan turib zarba bera olishini namoyish etdi va Alissonga tinchlik bermadi. Ammo braziliyalik darvozabon hech bir vaziyatda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi.

VAR mehmonlar foydasiga
«Liverpul» futbolchilari esa o‘z kuchiga ishonmay harakatlanayotgandi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida mehmonlarning tezkor qarshi hujumi Salohning aniq pasi va Manening hal qiluvchi zarbasi bilan yakunlandi. Bu epizod bir necha daqiqa davomida muhokama qilindi - ko‘rinishidan senegallik futbolchi ofsaydda qolgandek edi, ammo videotakrordan keyin gol inobatga olindi. Bu o‘yinda VAR inglizlar klubi tomonda bo‘ldi.

Salohning goli
«Portu» gol o‘tkazib yuborgandan keyin ham tushkunlikka tushmadi va bosimni pasaytirmadi. Ammo endi vazifa qiyinlashgan - endi 4ta gol urish talab qilinar, «Liverpul» esa bu mavsumda hech kimdan buncha ko‘p gol o‘tkazmagandi.

Ikkinchi bo‘limni jamoalar hujumlar almashinuvi bilan boshlashdi, ammo yana «qizillar» o‘z vaziyatidan foydalanishdi. 65-daqiqada Saloh Kasilyas bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va o‘yin taqdirini amalda hal qiluvchi golni urdi.

Militao-Firmino-van Deyk
Yozda «Real» safiga borib qo‘shiladigan Militao o‘yin yakuniga yarim soat borligida taslim bo‘lishga rozi bo‘lmadi va burchak zarbasidan keyin boshi bilan hisobni qisqartiruvchi golni urdi. Ammo Origining o‘rniga maydonga tushirilgan Roberto Firmino ko‘p o‘tmasdan mehmonlarning uchinchi golini urdi. Keyin esa van Deyk burchak zarbasidan keyin osonlik bilan darvozani ishg‘ol etib, o‘yindagi yakuniy natijani o‘rnatdi. Portugallarga taskin beruvchi yagona jihat - ular bu safar o‘z uyida o‘tgan yilda bo‘lgani kabi «Liverpul»dan 5ta gol o‘tkazmadi.

Keyingi oylarda Angliya chempionatida «Manchester Siti» bilan quvlashmachoq o‘ynayotgan Klopp shogirdlari Chempionlar ligasida bu jamoadan uzoqroqqa boradigan bo‘ldi. «Siti» ham, «Liverpul» ham 4tadan gol urishdi, ammo yarimfinalga faqat mersisaydliklar yo‘l olishdi.

Kataloniyalik murabbiy muvaffaqiyatsizlikka ruhan tayyor edi. U «Tottenhem»ga qarshi o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida shunday degandi: «Odamlar meni «Manchester Siti»ga bu jamoa bilan Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish uchun kelganim haqida gapirishadi. Lekin bunday emas. Men bu yerga jamoa men istaganimdek o‘ynashi uchun kelganman. Men uchun eng muhim sovrin - Premer-liga g‘olibligi».

APL hammasi hali oldinda. Ayni vaqtda turnir jadvalida «Siti» «Liverpul»dan 2 ochko kam jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda, ammo «shaharliklar»da bitta zaxira o‘yini bor. Lekin Gvardiola jamoasida taqvim biroz qiyinroq: «Tottenhem»ga qarshi uy o‘yini (bu o‘yinga manchesterliklar qanday vajohat bilan tushib kelishini tasavvur qilish qiyin emas) va «Manchester Yunayted»ga qarshi safar o‘yini. Shuningdek, «Byornli», «Lester» va ligada qolish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan «Brayton». «Siti»da faqat bir yo‘l bor, barcha raqiblarni yakson etish va YeChLdagi muvaffaqiyatsizlik uchun muxlislar oldidagi aybini yuvib, Angliyada chempion bo‘lish.

«Liverpul»da esa 4ta o‘yin bor: shanba kuni ligada qolish uchun borini maydonga tashlaydigan «Kardiff»ga qarshi o‘yin, shundan keyin ligani tark etib bo‘lgan «Haddersfild», ishtiyoqsiz «Nyukasl» va «Vulverhempton».

Qolaversa, «Liverpul» taqvimida yana ikki murakkab o‘yin yuzaga keldi - «Barselona»ga qarshi o‘yinlar. Bu o‘yinlarga kuch tejash uchun ichki chempionat qurbon qilinadimi yoki APL Klopp uchun ham muhimroqmi, buni yaqin haftalar ichida bilib olamiz.

«Liverpul» va «Barselona» o‘tgan mavsumdayoq YeChL yarimfinalida o‘zaro o‘ynashi mumkin edi, ammo o‘shanda ko‘k-anorranglilar kutilmaganda chorakfinalda «Roma» to‘sig‘idan o‘tolmagandi. Ammo bu safar bu ikki klubning o‘zaro to‘qnashuviga hech kim to‘sqinlik qila olmadi. Futbol muxlislarini finaldan oldingi final kutmoqda.

Mavzuga oid