Oqqon qanday kasallik, uni davolashning samarali usullari bormi?
Kun.uz “Sog‘lom hayot” loyihasini davom ettiradi. Bugun sizga xalq tilida “oqqon” nomi bilan ataladigan kasallik – leykoz to‘g‘risida ma'lumot beramiz. Hozirgacha kasallikning kelib chiqish sabablari to‘liqligicha o‘rganilmagan, bu sirli xastalik uzoq vaqt davolanish va katta mablag‘ni talab etadi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Xo‘sh, oqqon kasalligi qanday kasallik, uni davolashning qanday usullari bor? Davolanish davomida nimalarga ahamiyat berish zarur? Savollarimizga javob olish maqsadida “Gematologiya va qon-quyish ilmiy tekshirish instituti” bolalar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Boboxonovaga yuzlandik.
– Oqqon kasalligi bu onkologik holat - qon raki. Xalq tilida oqqon, tibbiyotda leykoz yoki leykemiya deb ataladi. Kasallik kelib chiqishining aniq sabablari hali tibbiyotga noma'lum, profilaktik me'yorlari ham yo‘q. Bu kasallikka bola ham, ayol kishi ham, katta yoshdagi odam ham chalinishi mumkin. Kasallik butun dunyoda – rivojlangan davlatlarda ham, qoloq davlatlarda ham uchraydi.
Oqqon murakkab kasallik bo‘lib, XXI asrda davolanishi mumkin bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatiga kirmoqda. O‘zbekistonni olib qaraydigan bo‘lsak, 20 yillar oldin oqqonni samarali davolash usullari hali u qadar o‘rganilmagan edi. Hozirgi vaqtga kelib bu kasallikni yenguvchi davo muolajalari yo‘lga qo‘yilgan.
To‘g‘ri, oqqon kasalligi uzoq davolanadigan kasalliklar toifasidan. Bir necha kimyoterapiya kurslari o‘tkazilishi lozim. Undan keyin ushlab turuvchi kimyoterapiyalar ham bor. Kasallikning ba'zi bir turlari borki, ximioterapiya holatidan chiqqandan keyin (remissiya holati) suyak iligini ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari tavsiya qilinadi.
– Oqqon kasalligining belgilari nimalarda namoyon bo‘ladi?
– Oqqon kasalligi butun organizm kasalligi bo‘lgani uchun, u har xil belgilar bilan boshlanishi mumkin. Kasallikning boshlanishi bolalarda asosan:
- oyoq og‘rishi;
- umumiy holsizlik va shamollash;
- keyinchalik ahamiyat berilmasa burun qonashi yoki ko‘karishlar;
- limfa tugunlarining kattalashishi;
- jigar, taloqning kattalashishi bilan kuzatilishi mumkin.
Boshlanishida ko‘pincha umumiy holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishiga o‘xshash umumiy belgilar bilan boshlangani uchun ko‘pchilik shifokorlar (asosan pediatrlar) uni shamollashga yo‘yib, shunga qarshi dorilar berishadi. Maslahatim shundan iboratki, umumiy qon tahlili tumanlarda, mahalliy QVPlarda ham tekshiriladi. Shamollash belgilari mavjud bo‘lsa, umumiy qon tahlilini ham tekshirishsa yaxshi bo‘lardi. Chunki aynan shu tahlil ko‘p savollarimizga javob bera oladi. Ko‘pincha umumiy qon tahlili vaqtida topshirilmasdan, kechikib murojaat qilganlar ham bo‘lgan. Shuning uchun mening tavsiyam – bunga jiddiy qarash lozim. Umumiy qon tahlilida biror-bir o‘zgarish borligi aniqlanadigan bo‘lsa, mutaxassis-gematologlarga yuborish kerak.
– Oqqon-leykozning qanday turlari mavjud?
– O‘tkir leykozlar ikkita katta turga bo‘linadi, bular: limfoblast va miyeloblast leykozlar. Oqqon (leykoz) tashxisi qo‘yilishi uchun zarur bo‘lgan tahlil o‘tkaziladi, ya'ni suyak ichidan namuna olinadi. Buni shifokor gematolog amalga oshiradi. Blast hujayralari aniqlangandan so‘ng, tsitoximiya tahlili o‘tkaziladi. Shu tahlil bo‘yicha kasallikning turi aniqlanadi. Bu qo‘shimcha testlar orqali genetik o‘zgarish va saraton hujayralari tomonidan hujayra yuzasining ma'lum belgilarini ifodalash bilan ko‘rib chiqiladi. Ushbu testlarning natijalaridan kasallikni tasniflash va optimal davolanish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun foydalaniladi.
Davolashning yana bir usuli suyak iligini ko‘chirib o‘tkazishdir. Hozircha O‘zbekistonda bu operatsiya amalga oshirilmaydi. Biz bemorlarni bu bo‘yicha xorijiy klinikalarga yo‘llashga majburmiz.
Bemorlarimizning tuzalib ketishi uchun zaruriy omillarga kelsak, avvalambor diagnostikani oxirigacha o‘tkazish, to‘g‘ri ximioterapiya kurslarini tanlash zarur. Davolash jarayonida bir jamoa bo‘lib ishlash, ya'ni ota-onalarning bizga bo‘lgan ishonchi va bergan ko‘rsatmalarimizni yuz foiz bajarishi juda muhim.
Yana bir holat, bemorlarimiz birinchi kursni tamomlagandan so‘ng ko‘p hollarda tabiblarga yoki o‘zini “doktor” deb ataydiganlarga ketib qolishadi. Bolalar uzoq davolanishi sababli immuniteti pasayadi. Immuniteti pasaygandan so‘ng bolaga judayam jiddiy va har tomonlama nazorat kerak. Bu gigiyenik holat, ovqatlanish tartibi, vaqtida yotib vaqtida uyg‘onish, vaqtida dorilarini ichish kabi choralardir. Buning uchun ota-onaga sabr-toqat kerak. Chunki butun jarayon 3-4 yilni tashkil qilishi mumkin. Shuncha vaqt bolani vaqtida ovqatlantirish, vaqtida cho‘miltirishga ko‘p ota-onalarning sabr-bardoshi yetmaydi. Bu kasallikni bir sinovdek qabul qilib, davolanish kerak.
– Nahot rivojlangan tibbiyot leykozning kelib chiqish sababini aniqlay olmagan bo‘lsa?
– Kelib chiqishi bo‘yicha turli nazariyalar mavjud. Lekin aniq bir sabab belgilanmagan. To‘g‘ri, avloddan-avlodga o‘tish, yuqish nazariyasi bor. Hammasi o‘rganilyapti, lekin murakkab tadqiqotlar yakuniy xulosa bermagan. Shuncha vaqtdan buyon bemorlarimiz bilan ishlayotgan shifokorlar bor, lekin ular orasida leykoz yuqish holati kuzatilmagan. Avloddan-avlodga o‘tishi ham hali isbotlanganicha yo‘q. Ko‘pchilik bemorlarimiz “bizning avlodda yo‘q edi, qayerdan paydo bo‘ldi?” deb savol berib qolishadi. Bu kasallik nasldan-naslga o‘tmaydi. To‘g‘ri, qon kasalliklari ichida nasldan-naslga o‘tadiganlari bor, lekin bu oqqon kasalligi emas.
Oqqon kasalligi juda murakkab kasallik hisoblanadi. Chunki qon butun tanamiz bo‘ylab harakatlangandan keyin har bitta hujayramiz, har bitta a'zomiz zararlanishi mumkin. Shuning uchun ham davolanish vaqti juda uzoq. Chunki har bir organni davolashga to‘g‘ri keladi.
– Oqqon kasalligining qaytalanish sabablari aniqlanganmi?
– Qaytalanish sabablari ham hali tibbiyot tomonidan yuz foiz aniqlanmagan. Ko‘p holatlarda, masalan miyeloblast leykozni ilik ko‘chirib o‘tkazmasdan, faqat ximioterapiya kursini qilib, remissiyaga chiqarib, ushlab turuvchi davolash rejasini o‘tkazib bo‘lganimizdan so‘ng, ma'lum vaqt o‘tib qaytalanib qolish holati kuzatiladi.
Limfoblast leykozlarda ham ilik ko‘chirib o‘tkazish tavsiya qilingan. Lekin buni amalga oshirish qiyin, birinchidan juda katta mablag‘ zarur, ikkinchidan boshqa davlatga borish kerak. Hamma ham buning uddasidan chiqa olmaydi. Shuning uchun qaytalanib qolishi mumkin. Bu haqda oldindan hech kim ayta olmaydi.
Kasallik boshlanishida davolashga kirishsak, yaxshi natijalarga erishamiz. Buning uchun esa fuqarolarimiz bir yilda ikki marta maxsus tekshiruvlardan o‘tishlari, qon analizlari topshirib turishlari kerak bo‘ladi. Chunki 3-4 yil davomida bola organizmi dori-darmonlardan charchaydi. Bu kasallikka qarshi kurashish uchun ishonch bo‘lishi kerak, ishonchsiz bu kasallikni davolab bo‘lmaydi.
Katta yoshdagi bemorlarga qaraganda kichik yoshdagilarning sog‘ayish foizi yuqoriroq. Chunki katta yoshdagilarda organizmning boshqa a'zolari bilan ham muammolari bo‘ladi. Yosh bemorlarda esa unday emas. Shuning uchun ko‘proq yosh bemorlarimiz tuzalib ketadi. Yana bir tomoni borki, bizning bemorlar sog‘ayib ketgandan keyin, bola sal shamollab qolsa ham boshqa shifokorga bormay bizga murojaat qilishadi. Shuning uchun bizning shifoxonamizda go‘yo kasallar ko‘p bo‘lib ko‘rinadi. Aslida unday emas.
– Kasallik o‘lim bilan yakun topishiga qanday sabablar bor?
– Bemorlar vafot etishiga ko‘p holat sabab bo‘lishi mumkin. Avvalambor, kech tashxis qo‘yilishi. Bundan tashqari, oxirigacha tashxis qo‘ya olmagan vaqtlarimizda ham vafot etishlari mumkin. Yana bir holat bor – oxirigacha davolanmaslik. Yoki bo‘lmasa infeksiya yuqib qolishi natijasida ham bemor vafot etishi mumkin.
Hozirgi kunda ilik ko‘chirish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, Oliy Majlisda bu boradagi qonun loyihasi ko‘rilmoqda. Agar qabul qilinsa, yurtimizda ham ilik ko‘chirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Albatta bu judayam katta qadam bo‘lardi, yanada ko‘proq bemorlarimiz shifo topib ketar edilar.
– Nega markazga viloyatlardan ko‘plab bemorlar kelishadi?
– Taklif qilardikki, bizdagi sharoitlar viloyatlarda ham bo‘lsa. To‘g‘ri, bu yuqori texnologik davolanish rejasiga kirgani uchun dori-darmonlar ham juda ko‘p ishlatiladi. Poytaxtda buning iloji bor, viloyatlarimizda esa kerakli dorilar topilmaydi. Bemorlardan eshitishimizcha, ko‘p joylarda bu kasallikni davolashdan qo‘rqishadi ham. “Oqqonmi? Bo‘ldi, davolab bo‘lmaydi”, degan tushuncha shakllanib qolgan.
To‘g‘ri, biz ham davolashga yuz foiz kafolat berolmaymiz. Lekin ko‘p bemorlarimiz tuzalishyapti. Ko‘pchilik viloyatlardagi shifoxonalar bemorlarni faqat Toshkentga yuboradilar. Bizda 1 kurs 1-1,5 oyni tashkil qilsa, shu vaqt davomida bolaga qarashning o‘zi bo‘lmaydi. Oila butunligi degan jihatlar bor. Ba'zan bolaning otasi birga keladi, unga ham bu yerda joy kerak. Bu ham ortiqcha xarajat. Toshkentda davolatish uchun ijarada turib yashash juda og‘ir.
Oqqon kasalligini jamoa bo‘lib davolash kerak. Bitta shifokor davolashi qiyin. Ko‘p viloyatlarda mutaxassislarimiz yetishmaydi. Chunki ish stavkalar kam. Albatta ular davolashga qiynaladilar. Toshkentda dorilarni topish osonroq, homiylarni ham jalb qilish mumkin. Balki shuning uchun ham ko‘pchilik poytaxtga intilar...
Yana shuni alohida ta'kidlashni istardimki, bu kasallikda turli tabiblarga borish mutlaqo mumkin emas. Kasallik ildiz otib bo‘lgandan keyin uni davolash qiyin bo‘ladi.
Dori-darmonlar masalasida ham gapirib o‘tish kerak. Shubhasiz, dorilar juda qimmat. Shuning uchun oqqonga chalingan bolalar uchun alohida jamg‘arma tashkil qilinsa deyman. Jamg‘arma komissiyasi orqali kimga qaysi dori kerak bo‘lsa, olib berilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Homiy tashkilotlarimiz, yordam berish istagida bo‘lgan insonlar bor. Faqat ba'zida gapga usta, o‘zini ko‘rsatishni biladigan bemorlarimiz homiylarni jalb qila bilyapti va yordam olyapti. Gap bilmaydiganlari, uyaladiganlari yordamsiz qolib ketadi. Shuning uchun jamg‘arma tashkil qilinishi hamma uchun qulay bo‘lib, bemorlarga bir xil yordam bo‘lar edi.
Rahmatillo Isroilov tayyorladi.
Mavzuga oid
14:28 / 14.05.2022
18 yillik umr kushandasi yoki millionlab insonlarni kishanlagan odat
09:50 / 13.02.2022
Sog‘lom yashash uchun eng qulay bo‘lgan dunyoning top-20 shahri
12:53 / 01.02.2021
SSV: bolalarda o‘tkir limfoblast leykoz kasalligini Moskva-Berlin tajribasi asosida davolash yo‘lga qo‘yiladi
17:29 / 19.07.2020