Jamiyat | 22:25 / 19.04.2019
31930
3 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt falsafasi: hamma narsa, faqat bekat emas

 Yodingizda bo‘lsa, saytimizda “Bekatlar falsafasi” ruknini tashkil qilib, unda respublikamizning turli burchaklaridagi bekatlar suratlarini joylab chiqqandik. Loyihaning o‘ziga xos jihati shunda ediki, har bir hududda joylashgan bekat qiyofasi orqali o‘sha joydagi umumiy holat haqida tasavvur qilish mumkin bo‘lardi.

Loyihamiz uchun ma'lumot to‘plab yurganimizda o‘z shaxsini sir tutgan mushtariylarimizdan biri yuzdan ortiq suratlarni tahririyatimizga taqdim qildi. Biz ulardan eng saralarini sizga ilindik. Ularda poytaxtimiz Toshkent shahridagi biri-biridan qiziq me'moriy yechimga ega, asosiy vazifasidan ancha chetlab ketgan “bekat”lar tasvirlangan.

Bekat jamoat transporti to‘xtashi uchun. Ammo... avtomobil qimmatbaho bo‘lsa, jamoat transporti ham kutib turishi mumkin (odob yuzasidan avtomobilning davlat raqamini yashirdik, ammo ishoning, raqam ham mashinaning o‘zi kabi hayratda qoldirgudek).

Nomi bekat bo‘lgan maskan. Odamlar transport kutishi lozim bo‘lgan nuqtada savdo avjida. Bu hali kichikrog‘i, kattalari oldinda.

Hamma narsa bor, bekatdan tashqari...

Bekatda “Maselko”, “Maselko” ichida “Maishiy xizmat”, “Maishiy xizmat” ichida balki avtobus kutayotgan odamlar...

№ 2. Hamma narsa bor, bekatdan tashqari...

Va nihoyat bekat va avtobus uyg‘unligi. Ammo bu bekatga odamlar kira olishadimi, bunisi katta savol.

Tish pastasiga talab katta. Shu bois avtomobil to‘xtashi mumkin, avtobus esa kutib tura qoladi.

Ko‘p qavatli uydan ham uzun bekatni ko‘rganmisiz? Lekin uning biror joyidan odamlar avtobus kutish uchun kira olmasa kerak...

Bekatda kiyimlar do‘koni g‘oyasi ham faqat bizda bo‘lsa ajablanmaymiz.

Bekatda dorixona! Qoyil qoling, chet elliklar!!!

Yomg‘irda qolishing mumkin, lekin faqat kabob yeyish uchungina bekatga kira olasan.

Avtobus kutatursin, bekat bizniki!

Bizning bekatlarda hatto ovqatlanish ham mumkin. Sanitariya? Nima u?!

Bu bekatmas, bozor. Birni izlab mingni topasiz.

Avtobus nima qilyapti bekatda?

Bekatda go‘sht ham sotaveramiz!

Bu suratlarning bir qismi xolos. Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy obekt sifatida egallab olingan bekatlar asosiy vazifasidan chetlashib, daromadning turli ko‘rinishlari uchun manba bo‘lmoqda. Buning uchun kim, qaysi shaklda va nimaning evaziga ruxsat bergani asr savoli bo‘lishga arziydi.

Mavzuga oid