O‘zbekiston | 11:00 / 20.04.2019
6997
5 daqiqa o‘qiladi

Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot vaziriga faxriy professor unvoni berildi

20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot vaziri Pak Ning Xu o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda qayd etilganidek, ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab sohalar, jumladan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, mamlakatimizda tibbiy sug‘urta va elektron sog‘liqni saqlash tizimini yaratish, telemeditsina, tibbiy turizmni rivojlantirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda izchil hamkorlikni alohida ta'kidlash joiz.

Uchrashuvda Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston-Koreya hamkorligi markazini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi alohida ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi. Mazkur markazning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida bilim va tajriba almashinuv faollashishiga yordam beradi. Shuningdek, Memorandumga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishning bosh rejasi, shu jumladan, sohaning huquqiy asoslari, tibbiyot xodimlarining bilimlarini muntazam takomillashtirish, davlat-xususiy sektor hamkorligi hamda tibbiy turizm va tibbiy sug‘urta sohasida mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston-Koreya forumi doirasida Sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid o‘zaro anglashuv memorandumi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Xalqaro hamkorlik jamiyati «KOFIH» o‘rtasida imzolangan ishoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, Koreya Respublikasining Kyong Buk universiteti klinikasi va Samarqand Davlat tibbiyot institutining klinikalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani ham uchrashuvda alohida e'tirof etildi.

Shu o‘rinda hamkorlik samarasi o‘laroq, ko‘plab yirik loyihalar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida o‘xshashi yo‘q to‘rtinchi avlod bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini bunyod etish ishlari jadal olib borilmoqda. Qiymati 130,58 million AQSh dollarini tashkil etgan markazda ishlaydigan xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Milliy salomatlik sug‘urtasi xizmati o‘rtasida mamlakatimizda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida shartnoma ham imzolangan. Koreya Respublikasining ko‘plab tashkilotlari, jumladan, «KOICA», «KOFIH», «EDCF» jamg‘armalari bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash sohasida qiymati 190 million AQSh dollaridan ziyod qator sarmoyaviy va grant loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, o‘tgan yili Koreyadagi klinika va ta'lim muassasalarida 35 nafar o‘zbek shifokori o‘z malakalarini oshirishgan bo‘lishsa, joriy yil davomida esa yuzga yaqin mutaxassislar malaka oshirish va tajriba almashish uchun Janubiy Koreyaga yuboriladi. O‘z navbatida, o‘tgan yil Koreya Respublikasining yetakchi klinika va oliy o‘quv yurtlarining 47 nafar mutaxassisi mamlakatimizga tashrif buyurib, ilmiy anjuman, mahorat darslari, amaliy-seminarlar hamda 80ta yuqori texnologiyali operatsiyalarni o‘tkazishgan.

Do‘stona va ko‘tarinki ruhda o‘tgan muloqotda tibbiyot sohasini rivojlantirish yo‘lidagi hamkorlik bundan buyon ham izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Uchrashuvdan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi Markaziy apparati, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va davolash muassasalari rahbarlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirokida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot vaziri Pak Ning Xu O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a'lochisi» ko‘krak nishoni hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid