O‘zbekiston | 11:20 / 20.04.2019
57922
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaota-Toshkent yo‘nalishida avtobus ag‘darildi. YTH oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan

Foto: Tengrinews.kz

20 aprel kuni tongda Qozog‘iston janubidagi Jambul oblasti Qorday tumani hududida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Qozog‘iston IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, YTH oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.

«YTH oqibatida voqea joyida 8 kishi halok bo‘lgan, 32 kishi shifoxonaga olib borilgan. Olingan jarohatlar tufayli shifoxonada yana 3 kishi jon bergan», deya ma'lumot bergan IIV matbuot kotibi Oraz Nurdilda.

Uning aniqlik kiritishicha, YTH shanba kuni soat 5:00 atrofida «Olmaota-Toshkent» avtoyo‘lining 181-kilometrida sodir bo‘lgan.

Uning aytishicha, Toyota Camry avtomobili yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga urilgan, bu vaqtda ortda kelayotgan yo‘lovchi avtobusi haydovchisi navbatdagi to‘qnashuvdan qochish uchun rulni keskin burgan va avtobus ag‘darilib ketgan.

Voqea joyiga oblast rahbariyati, prokuror, oblast politsiya departamenti boshlig‘i va boshqa rahbarlar yetib borishgan.

Hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlangan.

Hozircha qurbonlarning shaxsiga aniqlik kiritilmagan.

Mavzuga oid