Sport | 08:00 / 20.04.2019
25875
19 daqiqa o‘qiladi

«Yaralangan sher» qasosga shaylanmoqda. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

Navbatdagi dam olish kunlari ham futbol muxlislari uchun bir qator qiziq uchrashuvlar tayyorlab qo‘ygan. Italiya va Fransiyada nihoyat chempion deb rasman e'lon qilinishi mumkin, Angliya va Germaniyada esa, minimal farq bilan raqobat qilayotgan nomzodlar chempionlik uchun sirtqi kurashni davom ettirmoqda. Shuningdek, kelasi mavsumda YeChLga yo‘llanma beradigan o‘rinlar uchun hal qiluvchi to‘qnashuvlar bor.

SeLTA – JIRONA (20 aprel, 16:00)

Mavsum boshida bu jamoalar shu darajada yaxshi o‘yin ko‘rsatgandilarki, shu tempda davom etishsa, bu o‘yin balki yevrokuboklar uchun qattiq kurash maqomida bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo har ikki jamoa mavsumning ikkinchi yarmini juda bo‘sh o‘tkazmoqda.

«Selta» nihoyat so‘nggi o‘yinlarda g‘alaba qozonishni boshladi va xavfli zonadan chiqib oldi, «Jirona» esa, qatorasiga 4 o‘yindan beri faqat mag‘lubiyatga uchramoqda. Kataloniyaliklar 34 ochko bilan 14-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Selta» hisobida 32 ochko bor va vigoliklar 17-o‘rinni band qilib turibdi. Xavfli zonadan esa 1 ochkolik masofa ajratib turibdi, xolos. Bu o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan jamoa turni xavfli zonada tugatishi mumkin.

«Selta» so‘nggi paytlarda uy o‘yinlarini yuta boshladi, dedik. Lekin o‘z navbatida, «Jirona»ning ham ajoyib statistikasi bor. Hozirda autsayderlar qatorida borayotgan «Jirona» safar o‘yinlarida juda ishonchli o‘yin ko‘rsatadi va bu borada Ligada 5-o‘rinda bormoqda. Faqat «Barselona», «Real», «Atletiko» va «Xetafe» yaxshiroq natija ko‘rsatgan, xolos. Hatto to‘plar nisbati bo‘yicha ham, «Jirona» safarda manfiy farqqa ega bo‘lmagan besh jamoadan biridir.

«Jirona»ning foydasiga aytish mumkin bo‘lgan yana bir jihat – jamoalar La Liga doirasida uch marta to‘qnash kelishgan bo‘lsa, «Selta» biror marta ham g‘alaba qozona olmagan, ikki o‘yin «Jirona» foydasiga hal bo‘lgan. Vigodagi o‘tgan yilgi uchrashuv 3:3 hisobida yakunlangan bo‘lsa, birinchi davradagi o‘yinda «Jirona» o‘z maydonida 3:2 hisobida ustun kelgan.

Ammo tarkibdagi muammolar borasida mehmonlarning ahvoli biroz yomonroq. Jamoa tarkibida Fernandes, Silva, Alanas, Aday kabi o‘yinchilar maydonga tusha olmaydi. «Selta»da esa, faqat Brays Mendesning may oyi boshigacha safdan chiqqanini aytish mumkin. Emre Mor esa mashg‘ulotlarga kirishdi va balki o‘yin zayavkasiga kiritilishi mumkin.

«MANCheSTeR SITI» – «TOTTeNHEM» (20 aprel, 16:30)

Yo‘q, bu boshqa o‘yin. Yevropa Chempionlar Ligasida bizga yilning eng yaxshi o‘yinlaridan birini taqdim etgan ikki jamoa endi APL doirasida orani ochiq qilishadi.

«Shaharliklar» «yaralangan sher» misoli maydonga tushishlari tayin, zero hayot davom etadi va Angliya chempionatida zafar quchish uchun «Manchester Siti» bundan buyog‘iga ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Bu o‘yindan to‘rt kun o‘tib «Manchester Siti» «Old Trafford»ga safar qiladi. Aynan mana shu ikki o‘yin Angliyada chempionlik masalasini hal qilsa kerak. Chunki Gvardiola shogirdlari keyingi o‘yinlarni «Byornli», «Lester» va «Brayton»ga qarshi o‘tkazadi. Hozirda «Liverpul»dan 1 ochko kam yo‘qotgan «Siti» oldindagi shu ikki top-o‘yinni o‘z foydasiga hal qilsa, o‘shandagina poygada favoritga aylanadi. «Liverpul»ning taqvimi raqobatchisinikidan yengilroqligini ham inobatga olish lozim.

O‘z navbatida, «Tottenhem»ning ham yarimfinal va «Ayaks»ni o‘ylab yurish imkoniyati yo‘q, kuchli to‘rtlik uchun kurash yo‘lida londonliklar ham ochko qo‘lga kiritishlari shart. Demak, bizni chorshanba oqshomidagi teatrdan kam bo‘lmagan o‘yin kutib turibdi.

Paradoks shundaki, «Tottenhem» sardori va yetakchisi Harri Keyn jarohat olib, maydonga tusha olmagan paytlarda ketma-ket g‘alaba qozonib, hatto chempionlik poygasiga qo‘shilib qolgandi. Keyin Keyn maydonga qaytdi, jamoa APLda 5 o‘yindan 4tasini yutqazib, bitta durang qayd etdi. Natijada, «shporlar»ning hatto kuchli to‘rtlik uchun imkoniyatlari pasayib qolgandi. «Liverpul» bilan o‘yinda Keyn og‘ir jarohat olib mavsum oxirigacha maydonga tusha olmaydigan bo‘ldi. Natija? Topdingiz, «Tottenhem» yana g‘alaba qozonmoqda – umumiy 7:0 hisobidagi qatorasiga uch g‘alaba va «Etihad»da g‘alabaga teng mag‘lubiyat.

Keyn borasida tushunarli, Pochettinoni ko‘proq Sissokoning yo‘qligi xavotirga solsa kerak. Chunki uning ixtiyorida markazda o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchilar deyarli qolmadi. Dayyer ham, Uinks ham jarohatdan tiklanishgani yo‘q, chorshanba kungi o‘yinda jarohat olgan fransiyalik yarimhimoyachining o‘rniga tushirish uchun faqat bir variant – 18 yoshli Oliver Skip qolgan, xolos.

«Manchester Siti»da tarkib borasida muammo kamroq. Lekin biz bilmagan va o‘lchab bo‘lmaydigan yana bir omil – ikki jamoa chorshanba kungi o‘yinga qay darajada kuch yo‘qotdi va bu o‘yinga qaysi futbolchi qay darajada tiklanib ulguradi? Har ikki murabbiy hozirda shu borada ko‘proq bosh qotirayotgan bo‘lishlari tabiiy. Albatta, ko‘plab zaxira variantlari va tayyor futbolchilari bo‘lgan Gvardiolada bu borada imkoniyat ko‘proq bo‘lsa kerak.

INTeR – ROMA (20 aprel, 23:30)

Mana necha yildirki, bu jamoalar o‘yini Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun ahamiyat kasb etib kelmoqda. «Inter» uchinchi o‘rinda bormoqda va 5-o‘rindagi jamoa, ya'ni «Roma»dan 6 ochko ko‘p jamg‘argan. Ustunlik jiddiy, ammo bu o‘yindagi mag‘lubiyat «Roma»ni milanliklarga ancha yaqinlashtirib qo‘yadi. «Inter» esa, mavsum oxirida «Yuventus» bilan ham, «Napoli» bilan ham o‘ynashi kerak. Bu jamoalar o‘rtasida juda qulay taqvimga ega bo‘lgan «Milan» ham borligini e'tiborga olsak, kurashning asosiy qismi oldinda va bu aynan mana shu o‘yindan boshlanadi. Aytish mumkinki, «Inter» bu kurashdagi olovga suv sepishi mumkin, buning uchun rimliklar ustidan g‘alaba qozonib, farqni 9taga yetkazish kerak bo‘ladi.

Qizig‘i, «Inter» uchun bu oson bo‘lmaydi, chunki milanliklar rimliklar ustidan o‘z maydonida oxirgi marta 4 yil oldin g‘alaba qozongan. Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi ikki o‘yin esa durang bilan yakunlangan. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yil dekabrida Rimda kechgan o‘yin juda keskin kurashlar ostida kechib, 2:2 hisobida yakunlangandi. «Inter» o‘z maydonidagi uchrashuvlarda o‘ta ishonchli ko‘rinmasa-da, o‘z darvozasi daxlsizligi borasida yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etmoqda – milanliklar bu mavsum San-Siroda o‘tkazilgan 15 o‘yinda atigi 7 bor gol o‘tkazib yuborgan.

Bu o‘yinda «Inter» Sim Vrsalkoning yordamidan foydalana olmaydi. Xorvatiyalik himoyachi tizzasidan jarohat olib, mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Shuningdek, Marselo Brozovich ham mushaklaridagi jarohati tufayli sheriklariga yordam berolmaydi. «Roma» esa Milanga ikki muhim o‘yinchisiz tashrif buyurmoqda. Davide Santon va Rik Karsdop jarohat tufayli bu o‘yinda qatnasha olishmaydi. Ammo jamoa sardori Daniyele De Rossi asosiy tarkibda tushish ehtimoli bor.

XeTAFe – SeVILYa (21 aprel, 17:00)

Ispaniyada chempionlik uchun bahsda hammasi deyarli hal bo‘lgan, ammo turnir jadvalining quyi qismida va ayniqsa, Yevropa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beruvchi 4-o‘rin uchun kurash qizg‘in tusga kirgan. Bu yerda «Sevilya» yoki «Valensiya»ni ko‘rib o‘rganib qolganmiz, ammo «Xetafe»ning paydo bo‘lishi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lishi tabiiy.

Madridliklar yilni juda yaxshi boshlashgan va yetarli farq bilan to‘rtlikka joylashib olishgandi. Ammo oxirgi o‘yinlar ancha omadsiz keldi – «Leganes»dan uyda mag‘lubiyat, «Espanol», «Valyadolid» bilan duranglar vaziyatni biroz o‘zgartirdi. Bu orada so‘nggi 6 o‘yindan 5tasini o‘z foydasiga hal qilgan «Sevilya» 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ana endi, Peralta shogirdlari o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasida ishtirok etish uchun juda muhim pallaga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Buning uchun avvalo, asosiy raqib – «Sevilya» dog‘da qoldirilishi shart.

Shart deganimizning sababi, «Xetafe»ning keyingi o‘yinlari taqvimi biroz og‘irroq. Jamoa so‘nggi turlarda «Barselona» bilan ham, «Real» bilan ham o‘ynaydi, Sosedadga safar qilinadi. Demak, imkoniyat qolishi uchun bu turda «Xetafe» to‘rtlikka kirib olishi talab etiladi. «Sevilya»ni bu o‘yindan tashqari Madridga yana bir safar – «Atletiko» kutib turibdi. Albatta, liganing quyi o‘rinlardagi jamoalarga qarshi o‘yinlarni ham yoddan chiqarmaslik kerak – o‘z o‘rnini saqlash uchun kurashayotganlar balki mavsumdagi o‘rni hal bo‘lib ulgurgan «Barsa» yoki «Real»dan xavfliroq bo‘lishlari mumkin. Masalan, «Barselona» «Ueska»ga qarshi o‘yinga ikkinchi tarkibni tushirib, YeChL o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rdi. Xuddi shu shaklda kataloniyaliklar keyingi ba'zi o‘yinlarda aralash tarkib bilan o‘ynashlari turgan gap.

Mehmonlar tarkibida bir qator muammolar bor – Andre Silva bu o‘yinga tayyor bo‘lmasa kerak, shuningdek, Gonalon, Vyober va Nolitoda jarohatlar bor. Mezbonlardan faqat Markel Bargarada jarohat bor edi, ammo u ham mashg‘ulotlarga qaytdi.

Darvoqe, birinchi davrada bu jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Xetafe» mehmonda 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

EVeRTON – MANCheSTeR YuNAYTeD (21 aprel, 17:30)

«Asal oyi nihoyasiga yetdi, endi hayot boshlandi». Sulsher va «Manchester Yunayted» munosabatlariga bugungi kunda xuddi shunday baho berilmoqda. Vaqtinchalik murabbiy boshchiligida manchesterliklar ajoyib seriya namoyish qilishdi, APLda hammadan ko‘p ochko jamg‘arishdi, Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqishdi. Ammo Sulsher bilan uch yillik shartnoma imzolandi hamki, muammolar boshlandi. To‘g‘ri, gap shartnomada emas, aksariyat futbolchilarning sport formalari qishdagidan ancha farq qilayotganini ham ta'kidlash kerak.

Lekin fakt shu, «Manchester Yunayted» oxirgi 7 o‘yindan 5tasida mag‘lubiyatga uchradi. Ikki marta «Barselona»ku mayli, «Vulverhempton» ham ikki marta bir xil uslubda «qizil iblislar»ni yer tishlatdi. Bu qisqa vaqtda «MYu» Angliya Kubogi va Chempionlar Ligasidan chiqib ketdi. «MYu» so‘nggi 20 yilda birinchi marta qatorasiga 4 safar o‘yinini boy berdi, zero ungacha, qatorasiga 8 safar o‘yinida g‘alaba qozonib, boshqa rekord qo‘yilgandi. Yana bir antirekord – «MYu» o‘z tarixida ilk marta YeChL pley-offida umumiy 4 gol farqi bilan ikki o‘yinda raqibga boy berdi. Qolaversa, bu vaqt davomida g‘alaba qozonilgan ikki o‘yinda ham jamoa ishonchli ko‘rinmadi. Bir xil 2:1 hisobida yakunlangan va ancha xavotirli kechgan o‘yinlarning ayniqsa, ikkinchisi, «Vest Hem»ga qarshi o‘yin haqida Sulsherning o‘zi ham tan oldi – faqat omad tufayli uch ochko qo‘lga kiritilgandi.

Ana endi, yangi palla boshlanyapti. Qiziq, aslida dekabr oyidayoq barcha musobaqalarda imkoniyat yo‘qdek ko‘ringan va faqat mavsumni yakunlash, keyingi yilga tayyorgarlik uchun olib kelingan Sulsher shunday qildiki, «MYu»ga endi bir-biridan og‘ir vazifalar qo‘yilyapti. Xullas, keyingi bir haftada «MYu» «Everton», «Manchester Siti» va «Chelsi»ga qarshi maydonga tushadi. Bu o‘yinlarda ochko yo‘qotilmasligi kerak, ana o‘shandagina, manchesterliklarda kuchli to‘rtlik uchun yaxshi imkoniyat hosil bo‘ladi. Aks holda, bu vazifa ham bajarilishi imkonsiz holga keladi.

«Everton» esa, ayniqsa o‘z maydonida juda xavfli bo‘lib qolgan. «Liverpul» bilan golsiz durang, «Chelsi» va «Arsenal» bilan o‘yinlarda g‘alaba. Bu top-jamoalar «Gudison Park»ni birorta ham gol urmay tark etganini hisobga olsak, so‘nggi paytlarda gol urish bo‘yicha muammolarga duch kelayotgan «Manchester Yunayted»ga oson bo‘lmaydi. Boshqa tarafdan esa, Sulsher aynan safar o‘yinlariga jamoani yaxshiroq tayyorlayotganini ham ta'kidlash kerak. Buni murabbiyning o‘zi ham tan oldi va safar o‘yinlarida mezbonlar ancha ochiqroq o‘yin namoyish etib, hujumga borishlari qo‘l kelayotganini aytgan edi. Rostdan ham, yuqorida tilga olingan mag‘lubiyatlarda, ayniqsa, «Arsenal» va «Vulverhempton»ga qarshi bahslarda «MYu» yaxshi harakat qilgan va bir qator yaxshi vaziyatlar yarata olgandi.

«Everto» uchun «MYu» ancha noqulay, ayniqsa, mana shu tarkibdagi «MYu» besh o‘yindan beri mag‘lub etilgani yo‘q. Oxirgi uch o‘yinda manchesterliklar ustun kelishgan. Birinchi davradagi o‘yin 2:1 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘lgandi.

PSJ – MONAKO (21 aprel, 23:55)

Parijliklar uch turdan beri chempionlik masalasini rasman hal qilish imkoniyatini qo‘ldan bermoqda. Avvaliga «Strasbur» bilan durang qayd etildi (2:2). Keyin esa, hatto durang ham qanoatlantiradigan o‘yinda eng yaqin ta'qibchi – «Lill»dan 1:5 hisobida mag‘lubiyatga uchraldi. 17 aprel kuni esa, «Nant»ga qarshi o‘yinda yana mag‘lubiyat – 2:3.

Vazifa yana o‘sha-o‘sha, «PSJ» navbatdagi turda «Monako» ustidan g‘alaba qozonsa bo‘ldi, chempionga aylanadi. Aslida durang ham amaliy tomondan barcha masalaga nuqta qo‘yadi, chunki to‘plar nisbati bo‘yicha parijliklar «Lill»dan +40 ustunlikka ega. Ammo bu haqida rasman aytish uchun albatta, ochkolar bo‘yicha ham yetib bo‘lmas holga kelish kerak.

Qizig‘i, «PSJ» o‘tgan yili ham aynan «Monako» ustidan g‘alaba qozonib, chempionlikni nishonlagandi. Roppa-rosa bir yil oldin, 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda parijliklar 7:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi. O‘sha o‘yindan keyingi Superkubok va chempionat o‘yinida ham «PSJ» monegasklarni yirik hisoblarda mag‘lub etgan. Har ikki o‘yinda ham 4:0 hisobi qayd etilgan. Umuman, sakkiz o‘yindan beri «PSJ» muntazam «Monako»ni yengib kelmoqda. «Oq-qizillar»ning so‘nggi g‘alabasi 2016 yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha mavsumda jamoa «PSJ»ni ikki bor yenggan va yakunda mamlakat chempioni bo‘lgandi.

Xuddi shunday holatda Turinda «Yuventus» ham turibdi. Turinliklar o‘tgan turda SPAL mehmoni bo‘ldi va muddatidan oldin chempion bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda durang ham «Yuventus»ni qatorasiga sakkizinchi marta Italiya chempioniga aylantiradi.

BOShQA O‘YINLAR

20 aprel. «Parma» – «MILAN» (15:30), «BAVARIYa» – «Verder» (18:30), «Eybar» – «ATLeTIKO» (19:15), «BARSeLONA» – «Real Sosedad» (23:45)

21 aprel. «Frayburg» – «BORUSSIYa» D (18:30), «ReAL» – «Atletik» (19:15), «ARSeNAL» – «Kristal Pelas» (20:00), «Kardiff» – «LIVeRPUL» (20:00).

Mavzuga oid