O‘zbekiston | 18:32 / 23.04.2019
165195
2 daqiqa o‘qiladi

Haj yangi mavsumi uchun narxlar belgilandi

Joriy yildan o‘zbekistonlik musulmonlar uchun haj safari xarajatlari 33,3 million so‘mgacha tushirildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

«2018 yilda fuqarolarimiz uchun Haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million so‘mni tashkil etgan edi. 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga ko‘ra, bu yil haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan  42-43 million so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi. Olib borilgan muzokaralardan so‘ng, haj safari xarajatlari 33,3 million so‘mgacha tushirildi », — deyiladi xabarda.

2016 yilda O‘zbekistondan 5200 kishi muqaddas Haj amallarini ado etib kelgan bo‘lsa, 2017 yildan boshlab 7200 nafar o‘zbekistonlik Islom dinining muqaddas arkonlaridan birini ado etish imkoniga ega bo‘ldi. 

Avval Umra ziyoratiga O‘zbekiston fuqarolari cheklangan kvota asosida yuborilgan bo‘lsa, o‘tgan yildan e'tiboran ularning yil davomida kvotasiz Umra ziyoratiga borish imkoniyati yaratildi. 

«Haj-2019» mavsumidan so‘ng umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, «Haj-2018» to‘lovidan ortgan 926,5 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ har bir ziyoratchiga qaytarib berildi», —  deyiladi Din ishlari bo‘yicha  qo‘mita matbuot xizmati tarqatgan ma'lumotda.

Mavzuga oid