Jahon | 18:16 / 23.04.2019
25280
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev ma'muriy sudi impichment va Poroshenkoga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini talab qildi

Foto: REUTERS

Kiyev okrug ma'muriy sudi Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning impichmenti va unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini talab qilmoqda. Bu haqda sud organining rasmiy saytida xabar qilindi.

Sud hokimiyati vakillari odil sudlov oliy kengashiga ularni davlat rahbarining o‘zboshimcha va noqonuniy harakatlaridan himoya qilishni ta'minlash bo‘yicha real choralar ko‘rishni so‘ragan. Hujjatda aytilishicha, Poroshenko hamda adliya vaziri Pavel Petrenko, Ukraina milliy banki rahbari Yakov Smoliy jinoyat sodir etishgan. Kollegiya Privatbankni milliylashtirish noqonuniy deb topilganidan so‘ng Poroshenkoning bayonotini sud tizimiga bosim o‘tkazish, uning mustaqilligiga daxl qilish deb baholamoqda. 

Sud kollegiyasi parlamentdan prezident impichmenti jarayonini boshlash masalasini ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.

O‘tgan haftada sud Privatbankning milliylashtirilishini noqonuniy deb topgandi. Bu qaror bankning asosiy egasi bo‘lgan biznesmen Igor Kolomoyskiyning da'vosi bo‘yicha qabul qilingan.

Shundan so‘ng Poroshenko Privatbankning Kolomoyskiyga qaytarilishi mamlakatga defolt va iqtisodiy inqiroz olib kelishi mumkinligini aytdi. U bu qarorni chiqargan sudyalarni qayta attestatsiyadan o‘tkazishni tezlashtirish, Ukraina xavfsizlik xizmati va bosh prokuraturasini esa ularga qarshi ish qo‘zg‘atish imkoniyatini o‘rganib chiqishga chaqirdi. 

Mavzuga oid