Jamiyat | 13:00 / 24.04.2019
67443
22 daqiqa o‘qiladi

Shirinkomaxo‘r rahbarlar, hujjatbozlikka ko‘milgan professorlar va «qorovul»ga aylantirilayotgan yoshlar. Ilm sohasidagi 5ta dolzarb nuqta

Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya), Biznes huquqi fakulteti professori, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi Alisher Umirdinov Kun.uz uchun yozgan maqolasida akademik erkinlik mavzusini yoritish barobarida ilm-fanimizning chuqur inqirozi haqida so‘z yuritadi.

Sohada yuz berayotgan ba'zi ijobiy o‘zgarishlarni tan olgan holda insofli ilmiy doiralarimizni hali-hamon qiynab kelayotgan masalalarni yoritish uchun 5ta dolzarb nuqtaga e'tiboringizni qarataman:

  1. Dunyo davlatlari orasida bellasha oladigan zamonaviy kadrlar tayyorlashni oldinga suryapmiz, ammo olimlarimizning aksariyati chet elni ko‘rmagan.
  2. Akademik darajani dunyo standartlariga chiqarishni o‘ylayapmiz, ammo universitetlarimiz nufuzli chet el oliy dargohlari bilan hamkorlikdagi, erkin o‘tadigan konferensiyalar (ilmiy almashinuvlar) o‘ta kam.
  3. Olimlarimizdan chet el jurnallarida maqolalarni ko‘paytirishni talab qilyapmiz. Biroq ular o‘z ustilarida ishlay olishlari uchun hatto shaxsiy kabinetlari yo‘q. Bundan tashqari, ular hujjatbozlikka ko‘mib tashlangan.
  4. Kadrlarimiz tez o‘zgarayotgan dunyoga mos bo‘lishi va kelib chiqayotgan muammolarga konstruktiv ruhdagi ilmiy yechimlarni o‘rtaga tashlashidan umid qilyapmiz. Ammo universitet o‘qituvchisi hatto o‘zi o‘tayotgan seminar yoki ma'ruza matnini o‘zi erkin shakllantira olmaydi.
  5. Dunyodagi eng kuchli 500ta universitet ro‘yxatini tuzib, ularning diplomlarini tan olishimizni bildirdik. Bu juda yaxshi. Ammo vataniga katta umidlar bilan qaytayotgan yosh vatandosh olimlarga yo‘l bermayapmiz, ularning intellektual mulkini, ilmiy ijodining bir qismini rektor va kafedra boshliqlari o‘zlashtirib olishayotgani holatlari uchramoqda...      

Endi batafsilroq izohlab beraman.

Birinchi nuqta. Tasavvur qiling: Bilag‘on Olimov ismli yosh, chet tilini yaxshi o‘zlashtirgan kafedra o‘qituvchisi Niderlandiyaga xalqaro simpoziumga ma'ruzachi sifatida taklif qilingani haqida xat oladi. Niderlandiyaning Toshkentdagi elchixonasi unga viza berishga rozi. Simpozium tashkilotchilari hatto chipta va mehmonxona xarajatlarini ko‘tarishga ham tayyor. Olimov esa ham xorijni ko‘radi, ham o‘zining ilmiy aloqalarini kengaytiradi, ham yurtimiz ilm-fanini chet elga tanitadi. Qanday yaxshi!

Ammo shoshilmang, aziz o‘quvchi. Universitet rahbariyati bunday holatda qanday yo‘l tutadi, deb o‘ylaysiz? Ruxsat berib, kerak bo‘lsa xodim cho‘ntagiga universitet fondidan pul ham solib, aeroportdan kuzatib qo‘yadi deb o‘ylaysizmi?

Ming afsuski, aksariyat universitetlarimizda ahvol bunday ko‘rkam emas. Avvalambor, ko‘pgina universitetlarimiz ma'lum bir vazirliklar qoshida tuzilgani uchun universitet o‘qituvchisi nafaqat rektoratdan, balki vazirlikdan ham ruxsat olishi kerak. Amalda rektor va vazirliklar ruxsatni osongina bermaydi. Bunda allaqanday ichki yo‘riqnomalar borligi pesh qilinadi. Qo‘shimcha tarzda, odat bo‘yicha «nega aynan sizni taklif qilishdi, nimaga har safar siz borishingiz kerak, boshqalar ham bor-ku, ular ham borsin» degan so‘zlar aytiladi.

Rahbariyatga aloqador xodimlarning simpozium va konferensiyalarga jo‘natilishi ko‘proq kuzatiladi, yosh tadqiqotchilar esa kamdan-kam yuboriladi.

Tajribamda kuzatganman – bir qancha yosh tadqiqotchilar uchun chiptalar olinganiga qaramasdan universitet rahbariyati e'tirozi bilan chet el safarlari bekor bo‘lgan.

Bunday «amaliyot» natijasida ko‘plab iqtidorli yoshlar ishlayotgan joyida «qorovul» bo‘lib qolishadi. Ikki-uch yil orasida dunyoda bo‘layotgan ilm-fan rivojidan bexabar, chetda qolib ketishadi. Bilganlarini «bilimning eng mukammali» deb o‘zlarini aldab yuraverishadi.

O‘z ustida ishlab, harakat qilayotgan, chet tilini bilgan, sof ilmiy grantlar asosida chet elga bormoqchi bo‘lganlarga munosabat shunday bo‘lsa, oldimizga yuksak marralarni qo‘ya olamizmi?  

Xorijiy universitetlarda bu ishlar qanday tashkil etilgan? Misol uchun, Yaponiya universitetlarida chet elga chiqmoqchi bo‘lgan xodim dekanatga «chet elga chiqish arizasi» degan bir parcha qog‘ozni topshiradi. Bu mazkur o‘qituvchining qayerdaligini rasmiylashtirib qo‘yish, hisobini yuritish va uning darslarini dekanatdagilar qaysi jadval asosida qayta ko‘rib chiqishi uchun kerak, xolos. Bunda o‘qituvchiga ruxsat berish yoki ruxsat bermaslik haqida umuman gap-so‘z yo‘q. Qandaydir «suhbat» haqida umuman gap bormaydi. Kafedra mudiri, dekan yoki rektor sizdan «chet eldan hadya» kutmaydi.

Shuncha yil Yaponiyada ishlab, shu paytgacha birorta universitet o‘qituvchiga chet el safariga ruxsat bermaganini eshitmadim. Professorlar semestr o‘rtasida ham ketaverishadi, darslarini keyinga surib, qaytib kelganlaridan keyin boshqa vaqtda o‘tib berishadi. O‘zim ham bunday imkoniyatdan yilda kamida 2-3 bor foydalanaman.

Universitet rahbariyati konferensiyalar doimo hafta oxirida yoki yozgi ta'tilda bo‘lavermasligini e'tiborga olib, har qanday paytda xodimini qo‘yib yuboradi. Zero, Yaponiyadagi universitetlar rahbarlari o‘z professori chet elga chiqib, ilmiy maqolalar yozsa universitetning dunyo universitetlar reytingidagi darajasi yanada ko‘tarilishini tushunadi.

Taklifim – universitet rahbariyati o‘qituvchilarni chet el safarlaridan ushlab qolishini ma'n etish lozim. Ular chet eldagi simpozium va konferensiyalarga (lozim bo‘lsa qisqa va uzoq muddatli ilmiy almashinuvga ham) qatnashishga targ‘ib qiladigan, «bizdan nima yordam?» deydigan holatga o‘tishlari kerak. Shundagina holat o‘zgarishi mumkin.  

Ikkinchi nuqta. Akademik darajani dunyo standartiga chiqarishni o‘ylayapmiz. Bunday maqsadga erishishda yurtimizdagi universitetlar ko‘plab konferensiyalarga mezbonlik qilishi va shu orqali universitetlarda kuchli xalqaro ilmiy muhitni vujudga keltirishi lozim.

Kuzatuvlarim natijasini aytishim mumkinki, ko‘pgina konferensiyalar bizda aynan rahbarlar tomonidan tashkil etadi. Chet elda esa bunday ilmiy tadbirlarni doimiy faoliyat ko‘rsatadigan turli ilmiy uyushmalar tashkil qilishadi. Ya'ni, olimlarning tashabbusi bilan uyushtiriladi ilmiy konferensiyalar. Bizda esa unday emas. Nega? Bilmayman.  

Shunisi e'tiborliki, O‘rta Osiyodagi eng ko‘p xalqaro ilmiy anjumanlar qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston respublikalarida bo‘lib o‘tadi. Bizda emas. Nega bizda doimo davlat sherikchiligi bo‘lishi, qaysidir davlat organi xalqaro konferensiyalarga aralashishi lozim?

Achchiq haqiqat shuki, biz allaqachon akademik ustunlikni qozoq do‘stlarimizga berib bo‘lganmiz. Qozoq olimlarining ilmiy monografiyalari allaqachon dunyodagi eng kuchli nashriyotlarda o‘z o‘rnini egallagan. Qozoq talabalarining Kembrij universitetida hatto o‘z jamiyatlari mavjud.

Buni ilmiy mard-u maydon deydilar, «mening ilmim eng zo‘ri» deb yurmasdan, o‘zimizga tanqidiy qarashimiz, «men bilmagan ilm yana qayerda bor va qayerga borib o‘rgansam bo‘ladi» degan yondashuvga o‘tishimiz kerak. Axir o‘rta asrlardagi yetuk olimlarimiz ilm istagida yurtlarni kezishgan. Bizdagi kabi «men professorman, doktorman, diplomim bor» deb o‘z ustida ishlamasdan yuraverishmagan-ku? Shuning uchun ham ularni hozirgacha butun dunyo tan oladi.

Qirg‘iziston va Qozog‘istonda hozirda O‘rta Osiyoga taalluqli eng mashhur ilmiy anjumanlar o‘tkaziladi. Nursulton (oldingi Ostona), Olmaota va Bishkek shaharlari ularga jon-ko‘ngildan mezbonlik qilishadi. Qozoq va qirg‘iz olimlari va talabalarining ilmiy saviyasi esa kundan-kunga yuksalyapti. Shuning uchun, davlat universitetlarimiz vazirliklarning nazoratidan chiqishi, ularning ilmiy erkinligi ta'minlanishi lozim. Ya'ni:

— universitetlarimiz o‘z an'anasiga ega bo‘lgan, xalqaro darajada tan olingan ilmiy uyushmalarning yillik yoki ikki yillik anjumanlariga aynan O‘zbekistonda mezbonlik qilishga jiddiy da'vogarlikni boshlashlari va shu orqali ilmiy salohiyatimizni yuksaltirishlari lozim;

— bundan tashqari, tor doiradagi vorkshop va seminarlar uchun ortiqcha byurokratik talablarni olib tashlash, ko‘zga ko‘rinmas to‘siqlarni yo‘q qilish lozim;

— yurtimiz universitetlarida xorijlik olimlar qisqa muddatga (1-3 oy) va uzoq muddatga (3 oydan 1 yilgacha) kelib ilmiy ish qilishlari uchun dasturlar tashkil etish darkor. Toshkentning nomdor universitetlaridan ba'zilari bunday dasturni allaqachon boshlaganliklari quvonarli, albatta, ammo bu kam. Viloyatlardagi universitet va institutlarda esa holat umuman yomon.

Uchinchi nuqta. Akademik (ilmiy) erkinlikni tor ma'noda tushunmaslik lozim. Olim yoki tadqiqotchi haqiqiy ma'noda erkin bo‘lishi lozim, buning uchun esa uning moddiy-texnik ta'minoti ham «joyida» bo‘lishi kerak. Shu yerda yo‘qotib qo‘ygan bir qadriyatimizni alam bilan tilga olsam. Qachon Buxoro yoki Samarqandga borsam ichim zil ketadi. Sababi, o‘sha paytlardagi madrasalarimizda (o‘rta asrlar ilm o‘choqlarida) har bir mudarrisga alohida hujra berilgan.

Hozirgi zamonaviy til bilan aytganda «professor kabineti». U yerda mudarrislarimiz xohlagancha qolganlar, ijod qilishgan va talaba (shogird) yetishtirishgan. Bu moddiy qadriyatimizni g‘arb olami juda ham yaxshi o‘zlashtirgan. Deyarli barcha universitetlarda professor xonalari mavjud. Ular xohlagancha kitob va onlayn dasturlarni sotib olishadi va kabinetlarida o‘tirib o‘z ustilarida, tinch sharoitda, hech narsaga chalg‘imay ishlay olishadi. Ularni hech kim bezovta qilmaydi.

O‘zbekiston universitetlarida vaziyat qanday? Bizda hali ham ushbu qadimiy qadriyatimiz va g‘arb olami muvaffaqiyatli qo‘llagan tajriba amalga tatbiq etilmay kelinyapti. Yurtimizdagi eng nomdor universitetlarda ham hali-hamon o‘qituvchilarimiz uchun umumiy bitta xona ajratilgan va har birining u yerda bittadan stol-stuli bor. Shu xolos. Maktabdagi o‘qituvchilar xonasidan deyarli farqi yo‘q. Faqatgina kafedra mudiri uchungina ayrim hollarda alohida xona mavjud bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, eng nomdor universitetlarimizda ham ba'zi o‘qituvchilar hattoki kompyuter bilan ham ta'minlanmagan. Professorlar qachon va qayerda o‘z ustlarida ishlashadi degan savol hamon ochiq qolmoqda.

Eshigi tez-tez ochilib yopiladigan, odam arimaydigan, yuqoridan tinimsiz keladigan turli tashkiliy topshiriqlar muhokama qilinadigan xonada yaxshi ilmiy ish yozish, biror jiddiy kitob yoki maqola o‘qish osonmi? Bu yoqda yana tashkiliy topshiriq berilsa-chi?

Shunday ekan, universitetlarimizdagi professor-o‘qituvchilarimizga alohida kabinetlar berish lozim. Yangi quriladigan yoki yangilanadigan universitet binolarini shu talabga muvofiqlashtirish lozim. Suiiste'mol hollari yuz bermasligi uchun o‘z xonasida bekorchilik qiladiganlarga semestr yakuniga ko‘ra ular amalga oshirgan ilmiy ishlari soni, sifati va ko‘lamiga qarab ilmiy kengashda ko‘rib chiqish orqali chora ko‘rish mumkin. Xorijda ham xuddi shunday qilinadi. Zero ko‘pchilik izza bo‘lishni xohlamaydi, o‘zini bilgan, ilmiy mas'uliyati bo‘lganlar esa bunga yo‘l qo‘ymaydi. 

Shu yerda universitet o‘qituvchi xodimlarining vaqt erkinligini ham tilga olsam. 2017 yilda Oliy ta'lim vazirligi tomonidan professor-o‘qituvchini dars vaqtida hech kim bezovta qilmasligi kerakligiga oid qarori chiqqan edi. Bu qaror yuzaki amalga oshirilyapti, amalda esa boshqa. Chunki, rahbariyatdan topshiriq kelsa uni o‘sha ondayoq bajarishingiz kerak – topshiriqni bajarish muddati yo bir soat yoki o‘sha kun. Sababi rahbariyatdagilar topshiriqni tugash vaqtidan biroz avval olib kelishga o‘rganib qolishgan yoki ularga ham yuqoridan juda kam vaqt beriladi. Agar bajarmasangiz ilmiy kengashda gap eshitasiz.

Menimcha, bunday amaliyotdan qutulish vaqti keldi. Yaponiyadagi shaxsan o‘zim ishlaydigan ilm dargohidan misol keltiraman: bir yil oldin universitetning to‘liq yillik ishlash dasturi kunma-kun tasdiqlanadi, o‘sha hujjat barcha o‘qituvchilarga o‘quv yili boshlanishidan 2-3 oy oldin tarqatiladi. Bundan tashqari, agar rektor, dekan yoki kengash boshliqlari o‘qituvchilardan biror ishni bajarishni so‘rasa, kamida 1 yoki 2 oy oldin elektron pochtadan maktub jo‘natib iltimos qiladi.

Yaponiyada hech kim favqulodda holatlarda ishlashga o‘rganmagan. Vaholanki, Yaponiya dunyoning uchinchi katta iqtisodi bo‘lib, pul aylanishini va maoshlarni yurtimiz bilan aslo solishtirib bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsada, ular tartib va jadval bo‘yicha universitet hayotini boshqara olishyapti. Nahot biz shunday qilolmaymiz?! 

To‘rtinchi nuqta. Dars mavzularini va o‘qituvchining yuklamasini belgilashdagi professor-o‘qituvchining erkinligi masalasi. Hozirgi kunda domlalarimiz o‘tmoqchi bo‘lgan seminar yoki ma'ruza matnlarini yoki boshqa yuklamani o‘zlari erkin shakllantira olmaydilar. Ma'muriy usulda belgilangan dars jadvali va nizomga amal qilishlari lozim. Undan chiqish mumkin emas. Shaxsan o‘zim yaqindan bilgan ilm dargohlaridan ba'zilari Angliya ta'lim tizimi kabi to‘liq kredit tizimiga o‘tishga harakat qilsa ham, ularga hali-hamon to‘liq ruxsat berilgani yo‘q.

Vaholanki, bunday byurokratik yo‘llar bilan ta'limni «qolip»ga solgan, dunyoga o‘z ilmiy yutuqlari bilan tanilgan mamlakatning o‘zi yo‘q. Chunki, har bir o‘qituvchi o‘tmoqchi bo‘lgan darsining mazmunini, o‘qilishi lozim bo‘lgan kitobni yoki maqolani belgilab bera olmasa, shaxsiy tashabbus bo‘g‘iladi. Dunyoda har kuni yuz berayotgan ilmiy o‘zgarishlarni ilg‘ashga ulgura olmay qoladi. Talabalarda esa bir tomonlama qarash shakllanib qoladi. O‘n-yigirma yil oldin o‘tilgan dars mazmuni bugun ham miyasida saqlanib qoladi.

Bu esa muammolarni oldindan ko‘ra bilish qiyin bo‘lgan 21 asrda o‘sha muammolarni osonlik bilan hal eta oladigan kadrlarni yetishtirishni juda ham qiyinlashtirib tashlaydi. Hozirda ishsizlik juda yuqori bo‘lib turgan bir paytda sifatli kadr inqirozi kabi tragik holat bilan yuzma-yuz turganimizni shundan ham tushunib olsa bo‘ladi. Kelib qolganimiz bu holat ta'lim sohamizni erkinlashtirib, o‘qituvchilarga yaxshi ma'nodagi mustaqillik berilishi qay darajada dolzarbligini yana bir bor yaqqol ko‘rsatadi.  

Oxirgi masala. Yurtimizda birinchi bor yetakchi xorijiy universitetlarning 500talik ro‘yxati shakllantirildi. Bu universitetlar diplomlari imtihon va turli byurokratik to‘siqlarsiz tan olina boshlandi. Biz yoshlar bunday ijobiy o‘zgarishni uzoq muddat kutgan edik. Biroq bu bilan muammo hal bo‘lgani yo‘q.

Birinchidan, universitet va institutlarimiz boshqaruvidagi ko‘rinmas «oltin qoida» hamon mavjud: «sen rahbaringdan oldinga o‘tib ketmasliging lozim!». «O‘tib ketdingmi, chopilasan!».

Natijada, ilmiy ishni siz o‘z kuchingiz bilan amalga oshirgan bo‘lsangiz ham albatta uni rahbar nomi bilan chiqarish lozim. Yoki hech bo‘lmasa, mualliflar ro‘yxati boshiga yo kafedra boshlig‘i yoki dekan yoki rektor nomi tirkalishi kerak. Buni ilm o‘g‘irlash emas, balki qaroqchilik deb atasak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki plagiat yuz berganda kimdir intellektual mulkingizni sizga sezdirmay o‘g‘irlaydi, yuqoridagi holatda esa sizni majburlashadi.

Qo‘shimchasiga siz tomoningizdan berilgan takliflar yoki innovatsion g‘oyalar ham shundayligicha rahbariyat tomonidan o‘zlashtirilib, rahbariyatning nomidan yuqoridagilarga yetkazilishi holatlari ham davom etyapti. Intellektual mulk huquqlari himoyasi muhimligi haqida bong urar ekanmiz, avvalo ilm dargohlari rahbariyati va yoshi katta o‘qituvchi-professorlarimizning holiga nazar tashlamog‘imiz lozim.

Kezi kelganda, masalaning yoshi katta professor-o‘qituvchilarga tegishli muhim tomonini aytib o‘tay. Bizda qo‘shtirnoq ichidagi olimlar xorijiy universitetni va uning ilmiy yutuqlarini tan olgisi, nazar pisand qilgisi kelmaydi. O‘z ustida ishlamay, «men zo‘rman» deb yuraveradi. Qaytib kelgan yosh olim yigit-qizlarimizning yo‘lini ochmay, ularga turli yuklarni yuklash orqali universitet hayotidan bezdirish holatlari bo‘layotganini eshitib turibmiz. Albatta, bunday paytlarda chet eldan kuchli xohish, olam-olam niyatlar bilan qaytayotgan yoshlarimizning holatini tasavvur etish qiyin emas.

Universitetlarimizda avlodlar almashinuvi muvaffaqiyatli o‘tishi uchun yaxshi sharoit yaratish kerak. Aks holda quyidagi ikki holatdan biri ro‘y berishi muqarrar: yo yurtiga katta umidlar bilan qaytgan yosh olim yana chet elga chiqib ketadi yoki ruhiy sinib ilm-fanni tark etadi – xususiy sektorga o‘tadi.

Shu yerda nafaqat universitet rahbarlarining, balki universitet professor-o‘qituvchilarining mas'uliyat hissi haqida ham biroz gapirib o‘tsam. Keyingi paytda kamina kuzatayotgan yurtimizdagi fenomen – ilmiy daraja va unvon olish ilmning boshlanishi emas, yakuni bo‘lib qolgani! Ilmiy ish himoyasini qilib tugatgan shaxs qaytib ilmga jiddiy kirishmaydi. Qanchadan-qancha kishilar ishini himoya qilib olgach, deyarli o‘z ustida ishlamaydi, ilm qilmaydi, shogirdlar chiqarmaydi, ilm faol rivojlanishiga munosib hissa qo‘shmaydi. Ilmiy ish himoyasi «men doktorman, sen esa doktor emassan» deb yurish uchungina hamda ma'lum bir maqom va imtiyozga erishish uchun vosita bo‘lib qolgan!

Rivojlangan davlatlarda siz fan doktorimisiz yoki professormi degan savolni berishmaydi. Balki «sening oxirgi ilmiy yangiliging yoki fanga qo‘shgan yangi g‘oyang nimadan iborat?», «Qaysi yetakchi xorijiy jurnalda maqolang chiqdi, o‘z ustingda ishlayapsanmi, shogirdlar chiqaryapsanmi?» degan savollarni berishadi. Agar mana shu savollarga ijobiy javob bo‘lmasa, hech kim 5-10 yil oldin fan doktori, professor yoki akademik bo‘lganiga qaramaydi va hech qaysi kengash va ilmiy konferensiyalarga qo‘shishmaydi. Chunki u odamda o‘sish yo‘q, u to‘xtagan. Unday odamdan ko‘ra, o‘z ustida tinimsiz ishlayotgan va ko‘plab xorijiy va mahalliy ilmiy jurnallarda yangidan-yangi ilmiy g‘oyalar berayotgan yosh olimning qadri baland. Shu yosh olim ilmiy kengashlarga ham kiritiladi va barcha imtiyozlardan ham foydalanadi.

Demak, asosiy mezon qo‘lingizdagi bir parcha qog‘oz bo‘lmish «fan doktori», «professor» degan diplom emas, balki oxirgi 1-2 yildagi ilmiy izlanishlaringizning manfaatli natijasidir. Shuning uchun ham barcha olimlar doimiy raqobatda, o‘z ustida ishlashga harakat qilishadi. Tajribamdan aytishim mumkin, bir mashhur yapon professori ilmiy kengashda hammaning oldida so‘roqqa tutib, nega o‘z ustida ishlamayotgani va natija ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi va u hattoki talabalarga ma'ruza o‘qish huquqidan ma'lum muddatga mahrum qilindi. O‘z-o‘zidan uning professorligi ham sariq chaqalik ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi o‘shanda, ya'ni hech kim tan olmaydigan holga keldi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Akademik erkinlikning qay darajada muhimligi borasida oddiy bir misol keltirib, xulosani siz azizlarga qoldirsam: oxirgi ikki-uch yildagi matbuot erkinligi natijasida internet axborot vositalarida saviyali tahliliy maqolalar ko‘paydi. E'tibor berdingizmi? Ammo maqolalarning aksariyatini davlat universitetlari professor-o‘qituvchilari emas, balki boshqa soha vakillari yozishyapti. Bir-ikki professorni istisno qilganda, deyarli yo‘q hisobi.

Nega bunday ekan-a?

Mavzuga oid