O‘zbekiston | 12:17 / 25.04.2019
97489
3 daqiqa o‘qiladi

1990 yilgi O‘sh fojialari: Karimov Fondi ba'zi ma'lumotlarni e'lon qildi

Foto: Facebook/Karimov Foundation

Karimov Fondi 1990 yilgi O‘sh voqealarini xotirladi hamda Leonid Levitinning «O‘zbekiston tarixiy burilish pallasida» kitobidan parcha keltirdi. Tegishli ma'lumot Fondning Facebook’dagi sahifasida e'lon qilingan.

«Ha, O‘sh fojiasi chindan ham ro‘y bergan. Talay sabablarga ko‘ra 1990 yilning iyunida sodir bo‘lgan O‘sh voqealari haqida batafsil yozishni lozim topmadim. Eslatib o‘tay, Asqar Akayevning guvohlik berishicha, o‘sha millatlararo to‘qnashuvda ikki kun ichida yuzlab o‘zbek va qirg‘izlar behuda halok bo‘ldi. Respublika mo‘jiza tufayli ikkinchi Qorabog‘ga aylanishdan qutqarib qolindi. Bunda esa Islom Karimovning qat'iy siyosati muhim ahamiyat kasb etdi.

Qirg‘iziston janubida olti yuz mingdan ziyod o‘zbeklar yashaydi. Deyarli har birining O‘zbekiston chegaradosh hududlarida qarindosh-urug‘i bor. O‘shanda o‘n minglab qurollangan va qurolsiz insonlar o‘z qarindoshlarini himoya qilish uchun ikki respublika chegarasida to‘plandi. Rossiyaning markaziy hududidan zudlik bilan yuborilgan armiya bo‘linmalari ularni arang to‘xtatib turdi. Vaziyat soat sayin keskinlasha bordi. 

Ana shunday o‘ta mushkul vaziyatda Karimov, toki u Prezident ekan, biror bir o‘zbek yomon niyat bilan Qirg‘iziston chegarasidan o‘tmasligi, qanday sabab bo‘lmasin, o‘ch olishlarga aslo yo‘l qo‘yilmasligini bayon qildi. Prezident o‘z vakolati doirasida barcha vositalarni ishga solib, fojianing oldini oldi. Hayratlanarli axloqiy jasorat! Bizning zamonamizda bu hol favqulodda kam uchraydi.

Karlayl ushbu voqealar xususida gapirib, O‘shda vaziyat izga tushishidan O‘zbekiston ham, Qirg‘iziston ham barobar manfaatdor, degan edi. Binobarin, Karimov 1990 yil iyunda to‘satdan ro‘y bergan fojia yana takrorlanmasligi uchun bor kuch-g‘ayrati bilan harakat qilmoqda. 

1991 yil mart oyida Karimov O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida do‘stlik hamda hamkorlik bitimini imzolash uchun O‘shga uchib boradi. 

Aeroportdan kelish yo‘li hamda shahar ko‘chalari bo‘ylab minglab odamlar Karimovga peshvoz chiqadilar. Davlat arbobi kelishi bilan bog‘liq bunday ommaviy zavq va hayajonni bundan oldin ham, keyin ham ko‘rmadim. Qo‘lida gul tutgan odamlar (o‘shanda mart oyi edi) xuddi musobaqalashgandek ikki respublika rahbari ketayotgan mashinalar yo‘liga guldastalar tashlagan edi. Kortej esa izdihom orasida to‘xtab-to‘xtab borgandi», - deyiladi e'lon qilingan ma'lumotda.

Mavzuga oid