O‘zbekiston | 15:43 / 25.04.2019
13866
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2021 yildan majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy etiladi

Toshkent shahrida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilish mavzusida oliy darajadagi siyosiy muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Unga moliyaviy islohotlar va majburiy tibbiy sug‘urtalashni joriy etish uchun mas'ul bo‘lgan vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Ispaniya, Latviya va Koreya Respublikasi kabi yetakchi mamlakatlarning mutaxassis va ekspertlari, xalqaro moliya tuzilma vakillari taklif etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, tadbirda bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyot tizimida muhim o‘zgarish va yangilanishlar bo‘layotgani, 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, tibbiyot rivojida yangi davrni boshlab bergani ta'kidlandi.

Chunki unga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish, tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv va  moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, hududlarda «klaster» modelini shakllantirish, tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, onalik va bolalik muhofazasini kuchaytirish, xususiy tibbiyot, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va tibbiy turizmni rivojlantirish orqali investitsiyalarni keng jalb etish, farmatsevika tarmog‘i, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tibbiyot fanini rivojlantirish hamda elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Muloqot davomida ushbu Konsepsiyadan kelib chiqqan holda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilishning asosiy ko‘rinishlaridan biri davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha «har bir davolangan holat» uchun to‘lash tizimi hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq qilish ishlari boshlab yuborilgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, yurtimizda majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida joriy yildan tizimning huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda ushbu jarayon 2021 yildan joriy etish boshlanadi va birinchi navbatda, yirik tashkilotlarda majburiy sug‘urta ta'minlanadi. Muloqotda ushbu jarayonda, avvalo, majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish ekani ta'kidlandi. Sog‘liqni saqlash xizmatlari uchun barcha resurslarni (daromad manbalaridan qat'i nazar) taqsimlashda tenglik va samaradorlik maksimal darajada hisobga olinadi.

Bo‘lib o‘tgan muloqotlarda sohani moliyalashtirishda e'tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, majburiy tibbiy sug‘urta hamda elektron sog‘liqni saqlashni joriy etish kabi masalalar yana bir bor atroflicha muhokama etildi. O‘tgan davr mobaynida jahon tajribasi va xalqaro ekspertlar takliflari asosida ishlab chiqilgan sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish xamda majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etishga qaratilgan strategiyaga yuqori baho berildi.

Qizg‘in kechgan muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A. Abduhakimov, JSSTning iqtisodiy masalalar bo‘yicha yetakchi eksperti M. Yakab, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari L.Kuppens hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirok etishdi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid