Sport | 13:00 / 25.04.2019
12280
11 daqiqa o‘qiladi

Sulsherda Mourinoning konspekti. «Siti» deyarli chempion

«MYu» hamshaharlariga muhim g‘alabaga erishishga imkon berdi. «Siti» yana «Liverpul»dan oldinda.

Angliya chempionati
Premer-liga 
31-tur 

«Manchester Yunayted» - «Manchester Siti» - 0:2 (0:0)
Gollar: Bernardu Silva, 54 (0:1). Sane, 66 (0:2). 
«Manchester Yunayted»: de Xea, Yang, Lindelef, Smolling, Darmian (Marsiyal, 83), Shou, Lingard (Sanches, 83), Fred, Pogba, Reshford, Pereyra (Lukaku, 72).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Lyaport, Kompani, Zinchenko, Bernardu Silva, Fernandinyu (Sane, 51), Gundo‘g‘an (Danilu, 89), Silva, Sterling, Aguero (Gabriel Jyezus, 89).
Ogohlantirishlar: Kompani, 10. Pereyra, 24. Zinchenko, 26. Shou, 89. 
Hakam: Marriner (Angliya).
24 aprel. Manchester. «Old Trafford» stadioni.

Manchesterliklar derbisi bu safar faqatgina ikki klub manfaatida emasdi - «Old Trafford»dagi o‘yin natijasiga yana 4 klub ko‘z tikib turgandi: «qizil iblislar» bilan to‘rtinchi o‘rin uchun kurashayotgan «Tottenhem», «Arsenal», «Chelsi», shuningdek, «Siti» bilan birinchi o‘rin uchun raqobatlashayotgan «Liverpul». Mersisaydliklar endi nafaqat o‘z o‘yinlarida maksimal ochko jamg‘arishi, balki «Siti»ning ochko yo‘qotishiga umid qilishi kerak.

Qizillar jamoasi bosh murabbiyi Yurgen Klopp o‘yindan avval «Yunayted» futbolchilarining jig‘iga tegib, motivator rolida chiqish qildi: «Biz derbi natijasiga ta'sir ko‘rsata olmaymiz, aftidan, «MYu» ham. Ular «Everton»ga qanday hisobda yutqazishdi? 0:3? 0:4?».

O‘yin arafasida Paddy Power bukmekerlik idorasi qiziq ma'lumotni taqdim etdi - APLdagi barcha jamoalar fanatlaridan chempionlik poygasida qaysi jamoani qo‘llab-quvvatlashini so‘rashdi - «Liverpul»nimi yoki «Manchester Siti»ni. Natijalarga ko‘ra, «MYu» muxlislarining 20 foizi «Liverpul» chempionshipga ravona bo‘lishini istashini bildirgandi.

«Gudison Park»dagi sharmandali mag‘lubiyat Sulsherga ishonchsizlikni kuchaytirib yubordi. Chempionlar ligasida «PSJ» ustidan g‘alaba qozongach o‘ziga bo‘lgan ishonchni tiklagan norvegiyalik mutaxassis keyin «Barselona»dan uchralgan mag‘lubiyatlar fonida yana nochor ahvolga tushdi. Jamoa YeChL va Angliya Kubogini tark etgach, muxlislarni ovuntiradigan yagona taskin Yevropa Chempionlar yo‘llanmasi edi. Ammo endi «MYu» yana oltinchi o‘ringa - Joze Mourino davridagi o‘rniga tushib qoldi.

Sulsher o‘yin arafasidagi matbuot anjumanida juda g‘alati tarzda futbolchilari «Siti»ning agressiv o‘yiniga tayyor bo‘lishi, raqib ularning oyoqlariga tepib jarohat yetkazishidan ehtiyot bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi. Lekin Gvardiola jamoalari hech qachon qo‘pol o‘yin namoyish etishmagan, bu jamoa taktik follarni xush ko‘rishi haqida faqat Mourino gapirardi. Albatta, uning bunday bahonalari Pep uni «Old Trafford»dagi ikki o‘yinida ham g‘alaba qozongani ortidan bo‘lgandi, ammo Sulsherda bunday kompleks bo‘lishi notabiiy - axir u «MYu» boshqaruvida ilk marta Manchester derbisida jamoani boshlab tushayotgandi.

Balki Ole Mourinoning klub bazasida qolib ketgan konspektini topib olgandir. Chorshanba oqshomida 3 nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynagan «qizil iblislar» faqat to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirish bilan band bo‘lishdi. Birinchi bo‘lim davomida Lingard va Reshfordda hisobni ochish uchun imkoniyatlar bo‘ldi, ammo ular imkoniyatlardan foydalana olishmadi, Kompani esa derbilarda navbatdagi sariq kartochkasini olib (10), rekordchiga aylandi. De Xea birinchi bo‘lim davomida bir necha marta qutqaruvchi rolida bo‘ldi, ayniqsa bo‘lim oxirida Sterling himoyachilarni bolalarcha aldab yo‘llagan zarbasini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. 

Gvardiola xavotirlanganidek jamoa o‘yinida «Siti»ga jarohat olgan Kevin de Bryuynening yo‘qligi sezilmoqda, ikkinchi bo‘lim boshida esa uning vazifalarini bajarayotgan Fernandino ham safdan chiqdi. Uning yo‘qotilishi aslida Manchesterdagi o‘yinda jamoa foydasiga xizmat qildi desa ham bo‘ladi. Uning o‘rniga tushirilgan Leroy Sane jamoa hujumkorligini oshirdi, u tushishidan 3 daqiqa o‘tib Bernardu Silva Shouning xatosidan keyin de Xeaning yaqin burchagini aniq nishonga olib, hisobni ochdi.

Gol o‘tkazib yuborgan «MYu» futbolchilari tushkunlikka tushishdi. Lingard Liverpulning qizil tomoni «qarg‘ishi»ga qoldi - u qulay vaziyatda to‘pni bo‘sh darvozaga joylay olmadi,  Pogba jarima zarbasi ishladi va u tepgan to‘p «jonli devor»dan o‘tmadi, qarshi hujumda Sane yana bir bor de Xeaning yaqin burchagini ishg‘ol etib, o‘z jamoasiga chempionlik sari qizil gilam to‘shadi.

Birinchi bo‘limda raqib bosimiga qarshi hujumlar bilan javob qaytarib turgan mezbonlar sochilib ketishiga ikkinchi bo‘lim boshidagi 12 daqiqa kifoya qildi. 

Statistikaga ko‘ra, «MYu» zarba berishda ustunlik qilgan - 12:8, ammo bu zarbalarning aksari xato ketgan: faqat bitta aniq zarba - «Siti»da esa 5ta. Qolgan barcha ko‘rsatkichlarda Gvardiola shogirdlari ustun kelishgan: odatdagidek to‘pga egalik qilishdagi ustunlik (65 foizga 35 foiz), aniq paslar borasidagi ustunlik (87 foizga 79 foiz), yakkakurashlardagi ustunlik (60 foizga 40 foiz va raqibni aldab o‘tishdagi ustunlik (17:12).

Sanening golida David de Xea yaqqol xatoga yo‘l qo‘ydi. Ispaniyalik darvozabon qatorasiga uchinchi o‘yinda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘moqda. «Everton»ga qarshi o‘yinda u Sigurdsonning uzoq masofadan bergan zarbasiga reaksiya ko‘rsata olmagandi, undan avvalroq «Barselona»ga qarshi o‘yinda Messining o‘zi turgan nuqtaga yo‘llagan zarbasini qo‘llari orasidan o‘tkazib yuborgandi. 2019 yilda de Xea APLda jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan 5ta zarbani o‘tkazib yubordi - bu ligadagi eng past ko‘rsatkich.

Davidning formasi joyida emasligi uning jamoadagi kelajagiga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin - u «MYu» bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmayapti.  ma'lumotiga ko‘ra, ispaniyalik darvozabon «Yunayted»da eng yuqori miqdorda maosh oluvchi futbolchiga aylanishni istamoqda - hozirda klubda bu maqom Aleksis Sanchesga tegishli (haftasiga 460 ming yevro atrofida). Tomonlarning muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan - klub rahbariyati darvozabonga haftasiga 350 ming yevrodan ortiq to‘lay olmasligini bildirmoqda. Bu futbolchi yozgi transferlar vaqtida klubni tark etishi mumkin: unga da'vogarlar - «PSJ», «Real» va «Yuventus».

Umuman olganda, butun «MYu» keyingi vaqtlarda achinarli holatda: YeChLda «PSJ» ustidan qahramonona g‘alabaga erishgan jamoa keyingi 9 o‘yindan 7tasida mag‘lub bo‘ldi - oxirgi uch o‘yindagi to‘plar nisbati esa - 0:9.

E'tiborlisi, shu vaqtga qadar «MYu» APL doirasida «Old Trafford»dagi o‘yinlarda biror marta 0:2 hisobida yakunlanmagandi. O‘tgan 516 o‘yinda har qanday hisob qayd etilgan, lekin 0:2 ko‘rinishidagi ilk marta. Sulsherning sehri butunlay tugagan.

«MYu» YeChL yo‘llanmasidan hali umid uzmadi: 3 tur qolgan vaqtda jamoa ayni vaqtda 4-o‘rinda joylashgan «Chelsi»dan 3 ochko ortda qolmoqda. Keyingi turni jamoa 28 aprel kuni «Old Trafford»da aynan Sarri shogirdlariga qarshi o‘tkazadi.

«Siti»ning «Tottenhem» va «MYu»ga qarshi o‘yinlaridan keyin esa «Liverpul» juda qiyin ahvolda qoldi. 

«Hammasi bizning qo‘limizda», dedi Pep o‘yindan keyin. U haq. «Siti» og‘ir sinovlardan o‘tdi va jamoa endi chempionlik poygasida favorit. «Shaharliklar»ning keyingi raqiblari «Byornli» (safar), «Lester» (uy) va «Brayton» (safar). «Liverpul» «Haddersfild» (uy), «Nyukasl» (safar) va «Vulverhempton» (uy) bilan o‘ynaydi.

Qayd etish kerakki, chempionlik masalasini APL «Robin Gudi» hal qiladi. Bu jamoa joriy mavsumda APL o‘yinlari doirasida kuchli oltilikdagi raqiblarga qarshi 11 o‘yinda faqat 3 bor yutqazgan («Siti», «Tottenhem» va «Liverpul»ga), to‘rt g‘alaba («Tottenhem», «Arsenal», «MYu» va «Chelsi») va to‘rt durangga («Arsenal», «Manchester Siti», «MYu» va «Chelsi») erishgan. Qolaversa, Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari Angliya Kubogida «Liverpul» va «MYu»ni mag‘lub etib, bu jamoalar turnirni erta tark etishiga sababchi bo‘lgan.

Gvardiola o‘z o‘yinchilaridan asabiylashmaslikni so‘ramoqda. «Endi biz «Byornli»ga safar qilamiz, bu o‘yin ham og‘ir kechishi aniq. Muhimi xotirjamlik bilan harakat qilish. Biz hali chempion emasmiz».

«Manchester Siti» (89) ham, «Liverpul» (88) ham maksimal natijaga erishsa birgalikda qariyb 200 ochko to‘plashadi, ammo «Siti» chempion bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid