Sport | 20:17 / 28.04.2019
20739
4 daqiqa o‘qiladi

Yil feyr-pleyi: Belsa o‘z jamoasining bahsli golidan keyin shogirdlariga darvozani ochib qo‘yishni buyurdi

Chempionshipning 45-turida «Lids» va «Aston Villa» o‘rtasida kechgan o‘yin vaqtida futbolda kam kuzatiladigan holat ro‘y berdi.

O‘yinda avvaliga mezbonlar bahsli vaziyatda hisobni ochishdi - bu vaziyatda maydon markazida «Aston Villa» futbolchisi jarohat olib maydonga yiqilgach, mehmonlar to‘p maydondan chiqarib yuborilishini kutishdi va feyr-pleyga amal qilmagan raqib hujumga o‘tayotganida hujumni to‘xtatishga kechikdi. Bu hujum esa Mateush Klixning goli bilan yakunlandi - bu vaqtda o‘yinning 72-daqiqasi o‘tib borayotgandi. Mehmonlar bu holatdan keyin keskin norozilik bildirishdi va Klixga tashlanishdi. Bu tartibsizlik yakunida o‘yin bosh hakam «Aston Villa» hujumchisi Anvar Al-G‘oziyga qizil kartochka ko‘rsatdi.

Bu epizoddan keyin «Lids» bosh murabbiyi Marselo Belsa o‘z futbolchilariga darvozani raqibga ochib qo‘yish va ular emin-erkin hisobni tenglashtirish imkonini berishni buyurdi.

To‘p maydon markazidan o‘yinga kiritilgach, mezbonlar turgan joyidan qimirlamadi, faqat himoyachi Yanssen murabbiy qaroriga bo‘ysunishni istamadi va oxirgi soniyalargacha jamoasi darvozasi ishg‘ol etilishiga qarshilik ko‘rsatdi. Ammo Adoma hisobni tenglashtirishni uddasidan chiqdi.

Qayd etish kerakki, bu o‘yindagi g‘alaba «Lids» uchun o‘ta zarur edi va 3 ochko qo‘lga kiritilgan taqdirda jamoa oxirgi tur oldidan 85 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rindagi «Sheffild Yunayted» (88 ochko) bilan APLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun raqobatni saqlab qolardi. Ammo Belsa APL yo‘llanmasidan halol o‘yinni ustun ko‘rdi.

46-tur oldidan chempionship turnir jadvalidagi birinchi va ikkinchi o‘rin egalari «Norvich» (91) hamda «Sheffild Yunayted» (88) APLga yo‘llanma olishdi. Chempionshipning 3-6 o‘rinlarida «Lids» (83), «Vest Bromvich» (80), «Aston Villa» (76) va «Derbi Kaunti» (70) joylashgan. Bu jamoalar pley-off o‘yinlari orqali APLning uchinchi yo‘llanmasi uchun kurash olib borishadi.

Mavzuga oid