Jahon | 08:45 / 29.04.2019
17612
3 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShga Hurmuz bo‘g‘ozini yopish va yadro quroli haqidagi kelishuvdan chiqish bilan tahdid qildi

Foto: REUTERS

Agar Vashington Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirsa, Tehron Fors ko‘rfazidan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi neft yetkazmalarini to‘sish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda 28 aprelda Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Bagariy ma'lum qildi. Bu haqda Isna axborot agentligi xabar bergan. 

Bagariyning ta'kidlashicha, yaqin vaqtlargacha AQSh aviatashuvchi kemalari Hurmuzdan o‘tishni Eron Islom inqilobi soqchilari korpusi bilan kelishishi kerak bo‘lgan, shu sababli Vashingtonda Eron neft olib chiqilishini qanchalik samarali to‘sa olishi mumkinligini bilishadi. 

Foto: RT

“Agar bizning neft bu bo‘g‘ozdan tashilmasa, unda boshqa davlatlardan neft ham u orqali tashilmaydi”, deb aytgan Eron vakili.

Euronews telekanalining xabar berishicha, Eron AQSh sanksiyalari kuchaytirilishiga javoban, shuningdek, Yadro qurolini tarqatmaslik haqidagi kelishuvdan chiqishi imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif ma'lum qilgan.   

“Eronda bir nechta variant bor va hukumat hozir ularni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuvdan chiqish ulardan biri. Davlatimiz AQSh sanksiyalari sababli ba'zi qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda, biroq bizda bu sohada tajriba bor. Biz bunday choralarni qanday chetlab o‘tishni bilamiz va vaziyatdan chiqa olamiz. Eron xalqining tajribasi va kuchi evaziga biz bu sanksiyalarning salbiy ta'sirini minimallashtiramiz”, deb aytgan Zarif.

AQSh 2018 yilda bir tomonlama tartibda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvdan chiqib, Tehronga qarshi yana sanksiyalar kiritgan. Biroq AQSh bir qator davlatlarga vaqtinchalik istisnolar o‘rnatib, ma'lum muddatgacha Eron neftini sotib olganlik uchun bu davlatlarga qarshi sanksiyalar kiritmaslikka qaror qilgan. 22 aprelda esa Donald Tramp ma'muriyati bu istisnolar 2 maydan keyin uzaytirilmasligini e'lon qildi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid