O‘zbekiston | 19:07 / 02.05.2019
6451
2 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Komilov bilan Toshkentda Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish masalasini muhokama qildi

Foto: Anvar Ilyosov / mfa.uz

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan Toshkentda Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish masalasini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, TIVdagi uchrashuvda Rossiyaning to‘rtta yetakchi oliy o‘quv yurtlari – MIFI, VGIK, Moskva energetika instituti va Rossiya kimyo texnologiyalari universiteti filiallarini O‘zbekistonda ochish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, shuningdek, ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi, dolzarb xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

“Tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston va Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha hamkorligi, jumladan, Afg‘onistonda tinchlik muzokaralarini boshlash, mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy tiklash bo‘yicha xalqaro sa'y-harakatlar doirasidagi aloqalarga alohida e'tibor qaratdilar. Shuningdek, vazirlar mintaqada xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar”, deyiladi xabarda.

Sergey Lavrov ikki tomonlama muzokaralar olib borish va Giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasida mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi ishtirokchi davlatlarining 11-uchrashuvida qatnashish uchun Toshkent shahriga kelgan.

Mavzuga oid