Sport | 10:59 / 02.05.2019
11860
2 daqiqa o‘qiladi

YeChLda Messidan gol o‘tkazgan klublar soni 32taga yetdi. Leo faqat bir futbolchidan ortda qolmoqda

Foto: AFP/Getty Images

«Barselona» sardori, YeChLda ingliz klublari darvozasiga eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanuvchi Lionel Messi musobaqa yarim finalining «Liverpul»ga qarshi ilk o‘yinida (3:0) dubl qayd etdi. U bunga qadar biror marta «qizillar» darvozasini ishg‘ol etmagandi.

Natijada «Liverpul» Chempionlar ligasida Messidan gol o‘tkazgan 32-jamoaga aylandi. Bu borada Leo «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronalduga tenglashib oldi. Ular «Real»ning sobiq hujumchisi, klub futbolidagi eng nufuzli turnirda 33ta raqib darvozasiga to‘p kiritgan Raul Gonsalesdan ortda qolishmoqda.

Qayd etish kerak, 31 yoshli argentinalik yevrokuboklarda APL jamoalariga qarshi 33ta o‘yin o‘tkazib, 26ta gol muallifi bo‘lgan.

Messidan eng ko‘p gol o‘tkazgan ingliz klubi – «Arsenal»dir. Leo «to‘pchilar» darvozasiga 9 marta aniq to‘p yo‘llagan. Shuningdek, «Manchester Siti» 6, «Manchester Yunayted» 4 marta «Barsa» sardoridan gol qabul qilgan bo‘lsa, «Chelsi» undan 3ta, «Tottenhem» esa 2ta gol o‘tkazgan. Kecha bu ro‘yxatga «Liverpul» ham qo‘shildi.

Eslatib o‘tamiz, 10-raqam egasi «Kamp Nou»dagi kechagi bahsda «Barselona» libosidagi yubiley 600-golini urdi. 

Mavzuga oid