O‘zbekiston | 16:44 / 03.05.2019
23210
3 daqiqa o‘qiladi

Senat Zangiota va Sergeli tumanlari chegaralarini o‘zgartirishni ma'qulladi

Toshkent shahri Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylar qurilayotgan yer maydonlari Toshkent viloyati ma'muriy chegarasi hududida joylashgan bo‘lib, hujjatlarni rasmiylashtirishda bir qator muammolarni vujudga keltirmoqda. Bu haqda senator Sayyora Baratova ma'lum qildi. 

«Yangi qurib bitkazilgan uylarga ko‘chib kelayotgan shahar aholisini doimiy ro‘yxatga qo‘yishda va xonadon hujjatlarini rasmiylashtirishda duch kelinayotgan muammolar aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda», - deya senator Baratovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahrining Sergeli tumani va Toshkent viloyatining Zangiota tumani chegaralari o‘zgartirilishi hamda Sergeli tumaniga 428 gektar yer maydoni qo‘shib berilishi birinchi navbatda Toshkent shahri aholisining turmush tarzini yaxshilash maqsadida yuqorida qayd etilgan 2019 yilga mo‘ljallangan har tomonlama qulay ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. 

Toshkent viloyati hokimi, senator G‘ulomjon Ibragimov viloyat hududidan ajratib berilayotgan hududda 6 mingga yaqin aholi istiqomat qilib, ular 3ta, ya'ni «Pastdarxon», «Yuqoridarxon» hamda «Toshkent» mahalla fuqarolar yig‘iniga birlashgan yangi qurib bitkazilgan uylarga ko‘chib kelayotgan shahar aholisini doimiy ro‘yxatga qo‘yishda va xonadon hujjatlarini rasmiylashtirishda duch kelinayotgan muammolar aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotganini bildirdi.

«Bundan tashqari, mazkur hududda istiqomat qilayotgan aksariyat oilalarning farzandlari Sergeli tumanida joylashgan kasb-hunar kollejlarida tahsil olishadi. 

Shu sababli, hudud aholisi mazkur mahallalarni Toshkent shahrining Sergeli tumaniga o‘tkazilishi bo‘yicha tashabbusni ilgari surib, Zangiota tumani hokimligiga murojaat qilgan. Xalq deputatlari Zangiota tuman Kengashi hamda xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi tomonidan ushbu tashabbus qo‘llab quvvatlandi», - deydi Ibragimov.

Senat Zangiota tumani va Sergeli tumani chegaralarini o‘zgartirishni ma'qulladi.

Bundan avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani hududlari qisman o‘zgartirilishi haqida xabar berilgandi

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid