O‘zbekiston | 18:29 / 03.05.2019
38918
3 daqiqa o‘qiladi

Tungi klublar atrofidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun hukumat qarori qabul qilinadi - Po‘lat Bobojonov

Foto: KUN.UZ

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» davlat dasturi bo‘yicha belgilangan vazifalardan biri aholi tinchligi va xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek jinoyat qonunchiligini takomillashtirish va liberallashtirish masalalari bo‘lgandi. 

Senator Boymatjon Rasulov hanuzgacha tungi dam olish maskanlari atrofida jinoyatchilikka qarshi kurash choralari ko‘rilmayotganini tanqid qilib, mutasaddilarga savol berdi. 

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning aytishicha, haqiqatdan tungi paytda faoliyat ko‘rsatadigan ko‘ngilochar maskanlar va uning atroflarida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha huquqiy hujjat, yagona tartib yo‘q edi. 

«Keyingi vaqtlarda tungi klublarda jinoiy xatti-harakatlar kuzatildi, xususan, Toshkent shahrining o‘zida yettita jinoyat qayd etildi. Shu bois bunday hududlarda jamoat tartibini o‘rnatish, yagona tartibni belgilash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan edi. 

Dastlabki loyihada belgilangan hududlarda jamoat tartibi bo‘yicha qat'iyroq talablar qo‘yilgan edi. Tegishli idoralar tomonidan ular ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlar huquqlarini cheklash, xavfsizlik uchun ortiqcha xarajatlar, turistlarning kelishi kabi omillarni hisobga olgan holda Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi organlar bilan birga loyiha qayta ko‘rib chiqildi», - deydi vazir.

Bobojonovga ko‘ra, yangi tahrirda ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasida xavfsizlik bo‘yicha eng minimal to‘rtta talab qo‘yilgan. Bular: 

videokuzatuv tizimini o‘rnatish; 

binolarning yon-atrofi, avtoturargohlarni yoritish masalasi; 

yong‘inni o‘chirish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalarning bo‘lishi kerakligi; 

favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya masalasi.

O‘zbekiston ichki ishlar vazirining ta'kidlashicha, hukumat qaror loyihasi muvofiqlashtirish uchun prezident ma'muriyatiga kiritilgan.

Mavzuga oid