O‘zbekiston | 14:59 / 04.05.2019
16912
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Shodmonov: «Internaturada o‘qish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirildi»

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Senatning 19-yalpi majlisida tibbiyot sohasidagi kadrlar muammosini hal etish va ularni o‘qitish, shu bilan birga tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi masalalari yuzasidan axborot berdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«Kadrlar taqchilligining bir qancha sabablari bor. Tibbiyot muassasalari faoliyatining moddiy-texnik bazasi xarob ahvolda. 2017 yilning boshida umumiy tibbiyot muassasalarining 70 foizi ta'mirtalab holatda bo‘lgan. Natijada, xodimlarga yetarlicha sharoit yaratilmagan. Shu tufayli malakali kadrlar xususiy sektorga yoki xorijga ketishdi. 2017 yil boshida 8 ming 680 ta shtati bo‘lgan 1 ming 600 ta vakansiya bo‘lgandi.

Mavjud muammoni hal etish maqsadida tibbiyot muassasalarini ta'mirlash, jihozlashga mablag‘ ajratish masalasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, 2018 yilda 40 ta obektni qurish-ta'mirlash uchun 118 mlrd. so‘m (o‘tgan yilgiga nisbatan 6 baravar ko‘p) ajratildi. 2019 yilda esa investitsiya dasturi asosida 30 ta obektga 68 mlrd. so‘m yo‘naltirildi. Birinchi marotaba mahalliy budjetdan 60 mlrd. so‘m davolash-profilaktika muassasalariga sarflandi», - deydi vazir.

Ma'lum qilinishicha, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bo‘yicha Prezident qarorida 1 yillik internaturani tiklash vazifasi qo‘yildi. 

«Ilgari bu muddat 3 yildan iborat edi. Shuningdek, tibbiyot xodimlarining 2 stavkada ishlashiga ruxsat berish masalasi ko‘rilyapti. Yosh bitiruvchilarga xizmat uylarini tashkil qilinyapti hamda ularga uy-joy va avtomobil uchun imtiyozli kreditlar berish masalasi ko‘zda tutilmoqda», - deya qo‘shimcha qildi Shodmonov.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid