Jamiyat | 19:15 / 04.05.2019
34481
14 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda «o‘rmon qonunlari». Hokimlik baliqchi fermerlarni qaqshatib, ularning toshloq yerlarini kimga bermoqchi?

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida 100 gektardan ortiq maydonda baliqchilik xo‘jaligi barpo etayotgan fermerlarning hovuzlariga shaxsan tuman hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan suv berilmay, quvurlar sindirib tashlangani haqida avval ham hikoya qilgan edik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Bizga ma'lum bo‘lishicha, tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev ushbu yer maydonlarini berish haqidagi qarorlarni bekor qilib, yerlarni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish haqidagi qarorlarini ham chiqargan.

Keling, bu fermerlarga baliqchilikni rivojlantirish uchun yerlar qanday bo‘linib berilgani xronologiyasini eslaylik. O‘zi ish nimadan boshlangan?

2018 yilning 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Past Darg‘om tumanida viloyat faollari bilan uchrashib, videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan edi.

Yig‘ilishda prezident 1 oy muddatda sharoiti nisbatan og‘ir bo‘lgan Nurobod, Past Darg‘om, Ishtixon, Narpay va Qo‘shrabot tumanlarida Vazirlar Mahkamasining 2018–2019 yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarini ishlab chiqib, taqdim etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Ushbu topshiriqdan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 apreldagi «Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–3657-sonli qaroridan kelib chiqib, Past Darg‘om tumanida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

2018 yilning may oyida Past Darg‘om tumanining «O‘zbekiston mustaqilligi» massividan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishga yaroqsiz, unumsiz yerlardan 100 gektar yer fermerlarga bo‘lib beriladi. Ushbu hududda bungacha ham baliqchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan fermerlar bor edi. Ularning ayrimlariga 2018 yil mayda qo‘shimcha yer maydonlari beriladi.

Bosh vazirning (sobiq) o‘rinbosari Zoyir Mirzayev boshchiligida 2018 yilda selektor yig‘ilishi o‘tkaziladi va Samarqand viloyatida baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, jumladan, intensiv usulda baliq yetishtirishga o‘tish yuzasidan topshiriqlar beriladi. Qayd etib o‘tish joizki, ushbu yig‘ilishda tumanning hozirgi hokimi, o‘sha paytda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Shunqor Xudoyberdiyev ham qatnashgan. Barchasiga o‘zi bevosita guvoh bo‘lgan.

Biroq bugungi kunga kelib Shunqor Xudoyberdiyev «yerlar unumdor edi, ball boniteti 68–72 bo‘lgan yerlar xo‘jasizlarcha baliqchi fermerlarga bo‘lib berilgan», degan vaj bilan fermerlarning yerini zaxiraga qaytarish haqida qaror chiqargan. Bunda 2018 yilda berilgan yerlar emas, 10 yil muqaddam berilgan va shu vaqtgacha baliqchilik xo‘jaliklari barpo etilib faoliyat ko‘rsatib kelinayotgan yerlar ham birvarakayiga zaxiraga qaytarilmoqda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tuman hokimi «1200 gektar yerning meliorativ holati yomonlashuvining oldini olish maqsadida, vatanparvarlik tuyg‘usidan kelib chiqib, bu ishni amalga oshirayotgani»ni aytib o‘tdi. Tuman hokimi va hokimning qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Husan Bo‘riyev baliqchilikdan bo‘shagan ushbu yerlar faoliyati asosini chorvachilik tashkil etuvchi «Chortut» fermer xo‘jaligi ixtiyoriga berilishini, mazkur fermer xo‘jaligi raisi Hamza Hojimamatov baliqchilikdan bo‘shagan yerlarga chorvasi uchun makkajo‘xori ekishini yashirib ham o‘tirishmadi.

Ayni paytda fermerlarga umuman suv berilmayapti. Hovuzlarga haydash mumkin bo‘lgan ariqdagi oqova suv esa bekorga oqib yotmoqda. Bu ishga hokimga tuman prokuraturasi, ichki ishlar bo‘limi yaqindan yordam bermoqda. Hovuzlar tobora bo‘shamoqda, katta pul evaziga yetishtirilayotgan baliqlar nobud bo‘lmoqda.

Xullas, hech kimdan hech qanday najot yo‘q. Baliqchi fermerlardan birining aytishicha, avvalgi maqola chiqqanidan so‘ng tuman hokimi bu joylarga viloyat hokimi Erkinjon Turdimovni ham boshlab borgan. Tuman hokimining fikrini qo‘llab-quvvatlagan viloyat hokimi ham baliqchilik xo‘jaliklari tugatilishini aytgan.

Biroq shu hududda yillab mehnat qilgan fermerlarga ko‘ra, tuman hokimligining qarori yolg‘on da'volarga asoslangan. Bu yerlarda hech qanday qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishning imkoni yo‘q. Baliqchilik uchun ajratilgan, hali hovuz barpo etilmagan joy qamishzor ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Chunki bu joylar azaldan buloq o‘rinlari bo‘lgan va paxta-ku umuman o‘smagan, g‘alla ekilganida ham baland qamishlar tufayli kombaynlar uni o‘rolmasdan qolib ketgan paytlar bo‘lgan ekan.

Boz ustiga, Erkinjon Turdimovga tuman hokimi faqat yangi barpo etilgan, hali suvga to‘latilmagan hovuzlarni ko‘rsatgan. Ajratilgan 100 gektar yerdan katta qismi joylashgan Zarafshon daryosi bo‘yida toshloq yerlarda barpo etilgan hovuzlar ko‘rsatilmagan.

Biz esa o‘sha yerga bordik. Chunki bu yerlar ham «68-72 ball bonitetli yerlar» sifatida suvi to‘silib, baliqchilik kasod qilinib, yer tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, shu joydan yer olgan fuqaro Hamroqulov Muzaffarga Past Darg‘om tumanning avvalgi hokimi S.Ergashev imzolagan 1867-Q sonli qaror bilan 2018 yilning 15 mayida 3 gektar yer 49 yilga ijaraga beriladi.

M.Hamroqulov 23 may kuniyoq baliqchilikka ixtisoslashgan «Shombuloq Amur» fermer xo‘jaligini tuman DXAda yuridik shaxs sifatida tashkil etadi.

M.Hamroqulov bu yerni Rossiyada ishlab jamg‘arib kelgan pullari, farzandlari mehnat migratsiyasidan jo‘natayotgan pullari evaziga qazib, baliq chavoqlari tashlaydi. Shu kungacha uning sarflagan pullari 100 million so‘mdan oshib ketgan. Baliqlar hali kichik, uni sotib foyda ko‘rishga ham ulgurmagan.

«Bir necha yildan buyon bekor yurgandim. O‘g‘lim Rossiyada ishlagan pullarni yig‘ib, shu yerga sarfladim. Davlatimiz yaratayotgan imkoniyatlardan foydalanib, biz ham oilaviy fermer, tadbirkor bo‘lmoqchi edik. Endi esa tuman hokimi «suv bermayman, qayerga borsang bor» deb bandlarimizni buzib tashladi», — deydi M.Hamroqulov.

Fermerning rafiqasi hammasi qanday boshlanganini hikoya qilib berdi:

«O‘sha kuni (15 mart kuni) biz ishda edik. Hovuz boshida farzandim bor edi. «Hovuzlarni ko‘rishga hokim keldi», dedi. Hamza fermer bilan yana ikki formalik kishi ham bor ekan. Ular «Chortut» fermer xo‘jaligi raisi Hamza Hojimamatovning «Chevrolet Lacetti» mashinasida kelishgan ekan».

Muzaffar Hamroqulov davom ettirdi:

«Biz yetib kelgunimizcha ular bu yerlarni ko‘rib qaytayotgan ekan. Men Hamza akani tanidim. Ularning mashinasini to‘xtatdim.

«Hamza aka, bizning hovuzni buzmoqchi ekansiz, 15 yildan buyon bekor yotgan yerlar edi, shuncha mehnat qildik, — deb gap boshlashimni bilaman, uning oldida qora ko‘zoynak taqib, kepka kiyib olgan odam, jyerkib tashladi:

«Hey, nima demoqchisan?! Men — hokimman!» — dedi. Shunda u tumanning yangi hokimi Shunqor Xudoyberdiyev ekanini bildim.

Men hokimga vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldim.

«Xohlagan ishimni qilaman! Buziladi bu joy», — dedi hokim.

«Axir 2018 yilda menga hokimlik qaror chiqarib bergan, men tentakmasman-ku, o‘z-o‘zimcha, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ish boshlasam», — dedim.

«****** hokimingni ham, qaroringni ham!», — dedi hokim.

Uning qo‘pollashayotganini ko‘rgan rafiqam chiday olmasdan mashinadan chopib tushdi va hokimga «qo‘pollashmang, uyalmaysizmi?» dedi.

«Xo‘sh, nima qila olasan, qo‘pollashsam?! — dedi Shunqor Xudoyberdiyev sensirab. — Men hali onangni… deb so‘kkanim yo‘q-ku?!»

Xotinim uning madaniyatiga e'tiroz bildirib, gapirsa mashinadan tushib kelgan kamuflyajdagi organ xodimlari «gapirmang, opa bas qiling», deb xotinimni gapirtirgani qo‘yishmadi.

Shunaqa gaplar. «Qayerga borsang bor, xohlagang ishingni qil — yer buziladi», dedi hokim. Mana endi hayron bo‘lib o‘tiribmiz. Qarorimizni bekor ham qilibdi. Endi sudga murojaat qilmoqchimiz», — dedi M.Hamroqulov.

Yer berilishidan oldin tumandagi mutasaddilardan iborat komissiya xulosa bergani, tanlov bo‘lib o‘tgani, fermerlar tanlovda g‘olib chiqqani, bu yerlarga qancha mehnat va mablag‘ sarflashgani tuman hokimini zarracha qiziqtirayotgani yo‘q. Zararlarni qoplash to‘g‘risida og‘iz ham ochilgani yo‘q.

Qandaydir hujjat noto‘g‘ri bo‘lsa, bunda tadbirkorning nima aybi borligi ham viloyat va tuman rahbarlariga qiziq emas. Yana shular o‘zlari o‘ylab topgan «o‘rmon qonunlari» bilan Samarqandga investor jalb qilmoqchi...

Tumanning hozirgi hokimi Shunqor Xudoyberdiyev 2019 yil 20 aprelda «Shombuloq Amur» fermer xo‘jaligining 3 gektar yer maydoni unumdorligi yuqori bo‘lgan 68–72,2 bonitetli yer maydonlari qonun hujjatlariga zid ravishda ajratib berilganini qayd etib, tuman hokimligi zaxira yer maydoni hisobiga qaytarish, 2018 yil 15 maydagi 1867-Q sonli qarorni bekor qilish haqida qaror chiqarib bo‘lgan.

M.Hamroqulovning hovuzlariga suv katta kanaldan emas, hovuz chetidagi oqova va sizot suvlardan hosil bo‘lgan ariqdan keladi. Tuman hokimi ana shu ariqqa solingan dambalarni buzishni buyurib, baliqchini kasod qilib, yerini tortib olib, boshqa fermerga berishni maqsad qilgan.

Lekin M.Hamroqulov va shu hududda boshqa fermerlarga ajratilgan yerlarning nimasi unumdor ekan? G‘irt toshloq yerda baliqchilik hovuzlari barpo etilgan-ku?

Endi vijdonan javob bering: ana shu toshloq joyga yillab o‘zga yurtlarda qora mehnati bilan orttirgan to‘rt-besh so‘m pulini tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, deya tikkan insonni sindirish insofli rahbarning ishimi?

Quyidagi fotosuratga e'tibor bering: ustki qismida ajriq o‘sib yotgan, bor-yo‘g‘i 5 sm unumdor qatlami bo‘lgan yerning nimasi 68–72,2 ball bonitetiga ega bo‘lishi mumkin?

Savol tug‘iladi: xo‘p, hokim Shunqor Xudoyberdiyev haq ham deylik, baliqchilarga 2018 yilda ajratilgan yerning boniteti juda yuqori va unumdor bo‘lsin, nega unda baliqchilarga berilishidan avval qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilmasdan, 4-5 yil mobaynida tuman zaxirasiga olib qo‘yilgan edi?

Eng qizig‘i, hokimning o‘zi aytishicha, ustozi sanalmish, o‘rtada biroz muddat Jomboy tumani hokimi ham bo‘lib ishlagan, ayni paytda Past Darg‘om tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lmish va ayni kunlarda «bu yerlar azaldan unumdor yerlar edi, ne-ne paxtalar ekilgan, mo‘l hosil ko‘tarilgan, falon-pismadon», deb da'vo qilayotgan Husan Bo‘riyevning o‘zi 2010 yilda «Shombuloq sazan baliqlari» fermer xo‘jaligiga baliqchilik uchun 5 gektar yer ajratilishini ma'qullagan komissiya tarkibida imzo qo‘ygan.

«Shombuloq sazan baliqlari» fermer xo‘jaligiga 2018 yilda yana 2,2 gektar yer berilgan. Endi 2010 yildagi 5 gektar, 2018 yildagi 2,2 gektar — jami 7,4 gektar yer tortib olinmoqda.

Ko‘ryapsizmi, bu bitta M.Hamroqulov bilan bo‘layotgan holat emas. 2018 yil may oyida tanlovdan yer yutib olgan fermerlarning barchasini Past Darg‘omda shu qismat kutmoqda. Nafaqat, 2018 yilda yer olgan, azaldan shu ish bilan shug‘ullanib kelayotganlarning yerlarini ham!

Tuman hokimi fermerlarga peshvoz chiqmayapti. Umuman, tuman hokimligi binosiga kirishning o‘zi bir masala. Hokim bilan shaxsan uchrashib o‘z masalasini hal qilishga urinish ko‘pincha besamar ketadi. Chunki hokimlik binosi baland panjaralar bilan o‘ralgan. Eshikog‘asi vazifasini bajarayotgan militsionerlar najot istab kelgan har qanday insonni ichkariga qo‘ymasdan, darvoza oldidan qaytarib yuboradi.

 

Ayni damda tadbirkorlarni faqat respublika darajasidagi, tuman va viloyat vakillari aralashmagan mustaqil komissiyasining xulosasigina qutqarishi mumkin. Biz tadbirkorlar nomidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, Geodeziya, Kartografiya va Davlat kadastri davlat qo‘mitasidan mazkur vaziyatga aralashib, maxsus mustaqil komissiya tuzib, yerning unumdorlik masalasi borasida aniq bir to‘xtamga kelishni iltimos qilar edik. Agar tadbirkorlar haq bo‘lib chiqishsa, ular sudga murojaat qilishga tayyor. Yo‘qsa, ular hokimning kasriga qolib, sarflagan milliardlab pullariga kuyishadi.

Kun.uz bu qayg‘uli vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatadi va tadbirkorlar tushib qolgan murakkab vaziyatni yoritishda davom etadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid