O‘zbekiston | 09:30 / 05.05.2019
17408
5 daqiqa o‘qiladi

Tilshunos: «Bugun fan tili ham, xalqaro muloqot tili ham, madaniyat tili ham bitta - ingliz tili»

Taniqli jurnalist va bloger Eldor Asanov o‘zining Telegram kanalida rusiyzabon ziyolilarning rus tilini davlat tili qilib belgilash borasida ilgari surgan taklifi yuzasidan o‘z fikrlarini qoldirdi.

«Men til millatchisi emasman. Bir til qat'iy davlat tili bo‘lishi shart, boshqa tillar bunday huquqdan mosuvo bo‘lishi kerak, deb o‘ylamayman. Lekin til muammosi bugungi kunda asossiz ravishda siyosiy instrumentga aylantirilishi ta'bimni xira qiladi. «U tilga rasmiy maqom berish kerak», «bunisiga alohida e'tibor berish kerak», qabilidagi bahslar faqatgina tillarga zarar keltiradi menimcha: ular orasida ixtilof keltirib chiqaradi, bir tillarning boshqasidan ustun bo‘lishiga sabab bo‘ladi, tilni ijtimoiy muloqot sathidan siyosat sathiga olib chiqadi, tilni siyosat quroliga aylantiradi.

Gapni nimaga burayotganimni tushungandirsizlar. Bir guruh o‘zbek faollari rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi bilan chiqqanini hamma eshitib (mendan boshqalar esa yozib ham) bo‘ldi.

Xulosa qilishdan oldin tomonlarning argumentlarini o‘qidim. Taklif mualliflarining fikrini yetarli darajada asosli, deb o‘ylamayman. Lekin ularga qarshilarning ham «O‘zbekistonda faqat o‘zbek tili bo‘lishi kerak», qabilidagi kategorik fikrlarini ham jiddiy qabul qilib bo‘lmaydi. Har qanday mavzuni muhokama qilish va argumentlarni mantiq tarozisiga solib ko‘rish mumkin.

Mualliflarning argumentlari: rus tilli aholi manfaatlari, Rossiya bilan tarixiy aloqalar, rus tili orqali «buyuk rus madaniyati»ni (sovet davri tarix kitoblarini eslatib yubordi) va jahon fanini o‘rganganimiz, ShHT, MDHga yanada yaqinlashish... Faqat bitta fikrni qabul qilish mumkin — O‘zbekistonning rus tilli aholisi manfaatlari. Lekin bu muammoni hal qilishning boshqa yo‘llari ham bor. Masalan, Yevropa mintaqaviy tillar xartiyasida belgilangan: biror hudud aholisining 10 foizi gaplashadigan tildan rasmiy muomalada foydalanish mumkin. Shunga o‘xshash tartib Afg‘oniston konstitutsiyasida ham qayd etilgan. Bu me'yor qonunlarni murakkablashtirib, bir qancha davlat tillarini qabul qilib, hujjat ishlarini chalkashtirishning oldini oladi, ayni paytda barcha tillarning haq-huquqlarini ta'minlaydi.

Rus tili bugun Putin Rossiyasining imperialistik siyosati quroliga aylangani hech kimga sir emas. Shuni inobatga olishga majburmiz. MDH yoki ShHT ham Rossiya va Xitoyning o‘z siyosiy ta'sir doirasini yaratishga qaratilgan loyihalaridir. Ularga a'zolik O‘zbekistonga tobelikdan boshqa narsa beradi, deb o‘ylamayman. Taraqqiyot garovi — butun dunyoga ochilish va ayni paytda eng rivojlangan davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash.

Yana mualliflar «Rossiyada millionlab o‘zbeklar ishlayapti, shu bois rus tili bizga kerak», deyishibdi. Agar o‘zbeklar doimiy ravishda, o‘n yilliklar davomida Rossiyada gastarbayter bo‘lishda davom etishini xohlasak, unda bu argument o‘tishi mumkin edi. Ammo men O‘zbekiston tezroq taraqqiyot va demokratiya yo‘liga tushishini, o‘zbeklar chetga gastarbayter emas, sayohatchi va malakali mutaxassis bo‘lib borishini xohlagan bo‘lardim. Rossiyaga ishlashga boradiganlarning manfaatlari uchun til kurslarini tashkil etish va yoki maktabda rus tili ta'limini yaxshilashning o‘zi kifoya, deb o‘ylayman.

Bugun fan tili ham, xalqaro muloqot tili ham, madaniyat tili ham bitta — ingliz tili. Rus tili bizga Rossiyada erkin nafas olish imkonini beradi. Ingliz tili bilan esa butun dunyoga eshiklarni ochamiz. Lekin bu bilan ingliz tiliga rasmiy maqom beraylik demoqchimasman. Shunchaki ingliz tiliga asosiy urg‘uni beraylik. Rus tiliga barcha xizmatlari uchun kattakon rahmat. Lekin endi yangi bosqichga o‘tish, yangi do‘stlar topish vaqti keldi.

Mayli, har qanday fikr ochiq aytilayotgani, bu masala ustida bahslar kelib chiqayotganining o‘zi yaxshi».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid