Sport | 19:47 / 06.05.2019
13333
11 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» yaqqol yetakchiga aylandi, «Qo‘qon-1912» «Loko»ni to‘xtatdi – Superliga 7-tur yakunlari

Foto: Ma'ruf Asqarov / Tribuna.uz

5 may kuni Superligada 7-tur o‘yinlari yakunlandi. Ketma-ket 5 o‘yinda g‘alaba qozongan «Lokomotiv» bu turda ochko yo‘qotdi. Bundan foydalangan «Paxtakor» o‘z maydonida «Metallurg»ni yengdi va «temiryo‘lchilar» bilan oradagi farqni 3 ochkoga yetkazib oldi. Mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan «Bunyodkor» bu turda «Qizilqum» mehmoni bo‘lib, kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. Quyida Superliga 7-turining qiziqarli voqealarini eslaymiz.

Hafta o‘yini: «Andijon» - «Dinamo».

O‘tgan turda «Dinamo» - «Navbahor» uchrashuvini haftaning eng yaxshi o‘yini deb topgandik. Bu turda ham «Dinamo» ishtirokidagi o‘yinni shu nomga munosib deb topdik. Chunki asosan quyi ligada o‘ynab yurgan futbolchilardan tashkil topgan Davron Fayziyev jamoasi quvnoq o‘yin ko‘rsatmoqda.

Andijondagi o‘yinda mezbonlarning imkoniyatlari yuqoriroq baholanayotgandi, chunki tarkib borasida «Andijon» samarqandliklardan yaxshiroq imkoniyatga ega. Ammo «Dinamo» o‘yin borasida andijonliklardan qolishmadi. Ayniqsa ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirish uchun harakat qilgan samarqandliklar ustunlikka ega bo‘lishdi.

O‘yindagi barcha gollar chiroyli urildi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Hisobni mehmonlar yarimhimoyachisi Shohrux Abdurahmonov ochdi. U «Dinamo»ning qarshi hujumini chiroyli gol bilan yakunlandi. «Andijon» ko‘p o‘tmay hisobni tenglashtirdi. O‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni Abrur Husinov bosh bilan uzoq burchakka joylab qo‘ydi.

Mezbonlarning ikkinchi goliga Shahzod Ubaydullayev mualliflik qildi. Hujumdagi sherigi Ro‘zimboy Ahmedovdan to‘pni qabul qilib olgan Shahzod ajoyib texnika ko‘rsatib, Botrali Ergashevni dog‘da qoldirdi. Ikkinchi bo‘limda juda ko‘p hujum qilgan «Dinamo» 87-daqiqada hisobni tenglashtirdi. O‘ng qanot himoyachisi Mirkomil Loqayev chap oyoqda olis burchakni aniq nishonga olib, super gol muallifiga aylandi.

Qiziqarli kechgan o‘yinda har ikki jamoadan bir nechta futbolchilar yaxshi harakat qilishdi. Ayniqsa «Andijon» yarimhimoyachisi Oybek Qilichev maydon markazidagi xotirjam harakatlari bilan jamoasi o‘yinini boshqardi. Shuningdek Ro‘zimboy Ahmedov va Shahzod Ubaydullayev mezbonlar hujum chizig‘ida yaxshi o‘ynashdi.

«Dinamo»dan har doimgidek darvozabon Botirali Ergashev seyvlari bilan jamoasini qutqarib qoldi. Shuningdek maydon markazidagi Shohrux Abdurahmonov va vinger Mirkomil Loqayev faol o‘yin ko‘rsatishdi.

Namanganda ham stadion ochildi. «Navbahor» chiroyli g‘alabaga erishdi

7-turga kelib vodiydagi yana bir stadion ochildi. Namangandagi maysasi yangilangan «Markaziy» o‘yingohi ilk marta «Navbahor» - «So‘g‘diyona» bahsini qabul qildi. «Navbahor» bu o‘yinda ortiqcha kuch sarflamay g‘alaba qozondi. Kanchelskis shogirdlari 31-daqiqaga kelib 3:0 hisobida oldinga chiqib olgandilar. Qolganiga «Navbahor» futbolchilari kuchlarini tejashdi, chunki oldinda «Paxtakor»ga qarshi jiddiy o‘yin kutib turgandi.

Aleksandr Kasyan «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yinni yuqori saviyada o‘tkazdi. Rossiyalik futbolchi ikkita hujumchilarga xos gol urdi. Slavko Lukichning hisobni ochuvchi bo‘lgan goli ham chiroyli chiqdi. U jarima zarbasini o‘tkir burchakda turganiga qaramay, to‘g‘ri darvozaga yo‘lladi.

«Navbahor» stadionining maysasi haqida ko‘p murabbiylar salbiy munosabat bildirishar, bu yerda futbol o‘ynab bo‘lmaydi deyishga ham borishardi. 7-turda qayta ochilgan stadionning maydoni esa barchada yaxshi taassurot qoldirdi. Endi vodiyda faqat «Qo‘qon-1912» jamoasining stadioni ochilishi qoldi. Qolgan jamoalar o‘z stadionlarini yaxshi holatga keltirib olishdi. Qo‘qondagi maydon ham tez orada o‘yinlarni qabul qilishni boshlaydi.

«Paxtakor» eng qulay raqibi «Metallurg»ni kutilganidek mag‘lub etdi. Bekobodliklar murabbiyi asosiy hujumchilarga «Paxtakor» bilan o‘yinda dam berdi

«Paxtakor» va «Metallurg» jamoalarining homiysi bitta ekani hech kimga sir emas. Aslida «Paxtakor», «Metallurg» va OKMK «bitta ariqdan suv ichadi». Shu sabab muxlislar o‘rtasida «Metallurg» «Paxtakor»ning ikkinchi jamoasi, bu klub «Paxtakor»ga qarshilik qilmaydi degan gaplar haqli tarzda tarqalgan. Chindan ham «Metallurg» oxirgi yillarda «Paxtakor»ga umuman qarshilik ko‘rsata olmayotgani bor gap. O‘tgan mavsumda jamoalar uch marta to‘qnash kelishgan va «Metallurg» birorta gol urishni ham eplay olmagandi.

Bu mavsumdagi ilk o‘yinda esa Islom Isoqjonov uzoq masofadan chiroyli gol urdi, ammo «Paxtakor» bir daqiqa o‘tmay javob qaytarishga erishdi. O‘tgan mavsumdagi o‘yinlarda ham, bu yilgi bahsda ham bitta bog‘liqlik bor edi. «Metallurg» nimagadir «Paxtakor»ga qarshi o‘yinlarda asosiy futbolchilarga dam beradi. Masalan 1 may kuni o‘tkazilgan o‘yinda bekobodliklar safida Muzaffar Muzaffarov, Sergey Tumasyan va eng asosiysi Zohid Abdullayevlar asosiy tarkibda o‘ynashmadi.

Zohid Abdullayev doim «Paxtakor»ga qarshi o‘yinlarda «kutilmaganda» maydonga tusha olmaydi. Vaholangki u «Metallurg»ning asosiy to‘purari hisoblanadi. Xullas «Paxtakor» bu gal ham «Metallurg»ni mag‘lub etdi. Darvoqe, gollardan biri penaltidan urildi. Hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan vaqtda Aleksandr Lobanov rostmi yolg‘onmi hakam bilan janjal ham qilib qo‘ydi...

«Bunyodkor» kutilmaganda «Navoiy»da yengildi

Superliganing dastlabki ikki o‘yinida mag‘lub bo‘lgach, «Bunyodkor» o‘ziga kelib oldi. Abramov yosh futbolchilardan iborat jamoasida yaxshi uslubni shakllantira oldi. Shu sabab «Bunyodkor»ning tarkibida yaxshi futbolchilar, xususan yaxshi legionerlar jamlangan «Qizilqum»ga yengilishini kutilmagan deb aytish mumkin.

Navoiydagi o‘yinda «Bunyodkor» yaxshigina ustunlikka ega bo‘ldi. Abramov shogirdlarining qarshi hujumlari ham xavfli chiqdi, biroq «qaldirg‘ochlar» imkoniyatlardan foydalana olishmadi.

«Qizilqum» birgina golni penaltidan urdi. Elguja Grigalashvili penaltini golga aylantirdi. Bu g‘alabadan so‘ng Hamidjon Aktamovning iste'fosi haqidagi gaplar bir muddat esdan chiqadigan bo‘ldi.

«Lokomotiv» «izdan chiqdi»

Birinchi turdagi «Paxtakor»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng «Lokomotiv» ketma-ket 5 o‘yinda g‘alaba qozongandi. Lekin 7-turga kelib «temiryo‘lchilar» «izdan chiqishdi». O‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ni qabul qilgan «Loko» 2:2 hisobida durang o‘ynadi. «Qo‘qon-1912» birinchi golini ofsayddan urdi, ikkinchi golni esa penaltidan. Ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada belgilangan penaltida himoyachilar chindan ham Shahboz Erkinovni yiqitishgandi.

Xullas «Lokomotiv» kerak bo‘lmagan vaqtda ochko yo‘qotib, «Paxtakor» bilan farq uch ochkogacha ortishiga sabab bo‘ldi.

Temurxo‘ja ketma-ket oltita o‘yindan buyon gol urmoqda

«Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» o‘yinida mezbonlarning gollaridan biriga Temurxo‘ja Abduxoliqov mualliflik qildi. Hujumchi Superliganing ketma-ket 6-o‘yinida gol urdi. U faqat 1-turdagi «Paxtakor»ga qarshi o‘yinda gol urma olmadi. Keyinchalik «Navbahor», «Andijon», OKMK, «Buxoro», «Qizilqum» va «Qo‘qon-1912» Temurxo‘jadan gol o‘tkazib yubordi.

«Nasaf» to‘rtlikka yaqinlashdi

Ro‘ziqul Berdiyev «Nasaf»da yana yaxshi jamoa tuza olganini ko‘ryapmiz. Qarshiliklar 7-turda «Buxoro» mehmoni bo‘lib, 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Humoyun Murtazoyevning goli evaziga g‘alaba qozongan «Nasaf» ochkolari sonini 10 taga yetkazib, 5-o‘ringa ko‘tarildi. Berdiyev shogirdlari faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra «Metallurg»dan ortda borishmoqda.

OKMK oxirgi pog‘onani tark etdi

Olmaliqning OKMK jamoasi 7-turda «Surxon»ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Mirjalol Qosimov shogirdlari Qarshidagi qaqshatqich mag‘lubiyatdan so‘ng o‘zlariga kelib olishganini kuchli raqibga qarshi o‘yinda isbotlashdi. «Surxon» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng OKMK oxirgi pog‘onani tark etdi.

Tur qahramoni: Aleksandr Kasyan

«Navbahor»ning rossiyalik hujumchisi Aleksandr Kasyan 7-turdan o‘rin olgan «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yinda ikkita gol urdi. Bu bilan Kasyan chempionat to‘purarlar poygasida Temerxo‘ja Abduxoliqov, Dragan Cheran va Zafar Polvonovlarga yetib oldi. Kasyanni haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topdik.

Mavzuga oid