O‘zbekiston | 10:40 / 06.05.2019
8968
4 daqiqa o‘qiladi

Sport yulduzlari yoshlarni ommaviy sportga chorlamoqda

5 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Ekopark» hududida «Sport yulduzlari poytaxt yoshlari bilan» shiori ostida ommaviy sport tadbiri o‘tkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda sport federatsiyalari (assotsiatsiya) mutasaddilari, sport faxriylari, taniqli sportchilar, poytaxt yoshlari va ularning ota-onalari ishtirok etishdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov prezident tomonidan ilgari surilgan 5ta tashabbusdan biri bo‘lgan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan ikkinchi tashabbus bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilanganini ta'kidlab, ushbu loyiha ham poytaxt yoshlari o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida o‘tkazilayotganini ma'lum qildi.

Tadbirga tashrif buyurgan yoshlarga hamda ularning ota-onalariga poytaxtdagi mavjud sport seksiyalari haqida ma'lumotlar jamlangan bukletlar tarqatildi. Bundan tashqari, bog‘ hududiga Toshkent shahridagi sport maktablari haqida ma'lumot beruvchi bannerlar joylashtirildi.

Bog‘ning turli burchaklarida sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali maydonchalar tashkil etildi. Tashrif buyurganlar bu yerda o‘zlarini qiziqtirgan sport turi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlarni tomosha qilish, mashhur sportchilar bilan mahorat darslari o‘tkazib, o‘zlari xohlagan to‘garaklarga a'zo bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida turli xil sport o‘yinlari ham o‘tkazildi.

Shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuni oldidan o‘tkazilgan ushbu tadbir ishtirokchilariga «Sharaf lentasi» tarqatildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahrida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 482 110 nafarni (226 723 qizlar) tashkil etib, ularning 100 247 nafar ya'ni 20,7 foizi muntazam ravishda sport mashg‘ulotlariga jalb qilingan.

Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan sport seksiyalariga jalb qilinmagan 381 863 nafar yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ulardan 60 330 nafari, ya'ni 15,7 foizi sport bilan shug‘ullanish istagi borligi ma'lum qilishgan.

2019 yilning 1 dekabriga qadar poytaxtda yana 50966 nafar yoshni sport mashg‘ulotlariga jalb qilish orqali yuqoridagi ko‘rsatkichni 40 foizdan oshirish rejalashtirilmoqda.

Bunda, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bitiruvchi talabalaridan 84 nafari 23ta bolalar-o‘smirlar sport maktablariga ishga qabul qilinadi.

Poytaxtdagi barcha ta'lim muassasalarida hamda sport inshootlaridagi mavjud sport seksiyalariga qo‘shimcha ravishda yana 393ta sport seksiyalari tashkil etiladi. 

Aholi, shu jumladan, band bo‘lmagan yoshlar o‘rtasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jami 640ta ommaviy sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, yoshlarimizda jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish maqsadida nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan sportchilarni, ayniqsa, Jahon va Olimpiya o‘yinlari chempionlari Toshkent shahridagi 11ta tumanga biriktirildi.

Mavzuga oid