«Toshshahartransxizmat» «Chinni bozor»dagi YTHdan so‘ng yig‘ilish o‘tkazdi. O‘ndan ziyod haydovchi ishdan bo‘shatildi
Joriy yil 3 may kuni «Toshshahartransxizmat» AJ tarkibidagi 18-avtobus saroyi tasarrufidagi 147-yo‘nalishda qatnovchi «Mersedes-Bens» rusumli avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l transport hodisasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati xabar qilmoqda.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, o‘tgan haftada jamoat transporti, ayniqsa, avtobuslar bilan sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisalari hali tizimda harakat xavfsizligini ta'minlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘pligini yana bir karra ko‘rsatgan.
Ayniqsa, haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solish, xizmat sifatini yanada takomillashtirish, bu borada o‘zini oqlamay qolgan an'analardan voz kechish kunning muhim vazifasiga aylangan.
Shu nuqta-nazardan jamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan transport xizmatiga yig‘ilishda tanqidiy baho berildi. Yo‘l transport hodisalarining kelib chiqish sabablari, ularga imkon yaratgan omillar, buning oqibatidagi yo‘qotishlar chuqur tahlil etildi, deyiladi xabarda.
Bunday noxush holatlarga yo‘l qo‘ygan, belgilangan tartib-qoidalarni chetlab o‘tgan, ayniqsa, avtobuslardagi GPS boshqaruv tizimiga qasddan zarar yetkazgan yoki uni sun'iy ravishda o‘chirgan va boshqa qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan o‘ndan ziyod haydovchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Bu borada o‘z vaqtida yetarlicha tushuntirish, yo‘riqnomalar o‘tkazmaganligi uchun jamiyat hamda avtosaroylarning mutasaddilariga hayfsan va boshqa intizomiy jazolar qo‘llandi.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, jamiyat tomonidan qo‘llab kelinayotgan ayrim tartib-tamoyillarga o‘zgartirish kiritiladigan bo‘ldi. Xususan, shu kungacha yo‘l transport hodisasida aybdor deb topilgan haydovchilardan yetkazilgan moddiy zarar bosqichma-bosqich undirilgan bo‘lsa, endilikda keltirilgan zarar darajasiga qarab uni bir yo‘la qoplash choralari ko‘riladi.
Bu jarayon sud va majburiy ijro byurosi orqali amalga oshiriladi. Bundan maqsad haydovchilarda o‘z vazifasiga bo‘lgan mas'uliyatni oshirish, yo‘lovchilar hayoti uchun javobgarlik, jamiyat mulkini asrab-avaylash borasidagi majburiyatni chuqur his etishlarini ta'minlashdir, deya yakunlanadi xabar.
Mavzuga oid
23:59 / 16.08.2024
Toshkentda avtobuslar tezligi 50 km/soatgacha cheklanadi
16:23 / 29.07.2024
Volgograd oblastida yo‘lovchi poyezd yuk mashina bilan to‘qnashdi
15:50 / 27.07.2024
AQShda 38 yashar o‘zbekistonlik trakchi YTH tufayli vafot etdi
13:07 / 27.07.2024