Jamiyat | 20:55 / 07.05.2019
82576
9 daqiqa o‘qiladi

Bugun hokimlar nega g‘azabnok?

Keyingi vaqtlarda nashrlarda va ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marta boshqaruv sohasi vakillari o‘z qo‘li ostidagi xodimlariga (ayniqsa fermerlar) nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatayotgani holatlari yoritildi. Bunday voqealar oldin ham sodir bo‘lganiga shubha yo‘q. Yurak yutib ovoza qilinmagan, xolos.  Afsuski, bu hozir ham davom etmoqda, hattoki do‘pposlash, kaltaklash holatlari ham uchrab turganiga nima deysiz? Vazir, ayrim tuman hokimlari qo‘l ostidagilariga qilayotgan muomalasini eshitib, bir savol tug‘iladi: boshliqlarning quyushqondan chiqishiga sabab nima? Haddan tashqari ko‘p topshiriqlar doimiy asabbuzarliklarga olib kelayotgandir? Ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish qiyin bo‘lyaptimi yoki xodimlarni qo‘rqitib boshqarish stereotipi haliyam o‘z kuchidami? Umuman olganda, rahbar shaxslar boshqaruv san'atidan qanchalik xabardor? Ishda yuqori samaradorlikka erishishdan tashqari xodimlar bilan do‘stona munosabat o‘rnatish uchun nimalar qilmoq lozim?

Boshqaruv psixologiyasi - alohida fan sohasi bo‘lib, yo‘nalishdagi muammolarni tadqiq qiladi. Fanning maqsadi xodimlarning o‘zaro va rahbar bilan munosabatini o‘rganishdir. Rahbarlik alohida mahorat talab qiluvchi ko‘nikma hisoblanadi. Har qanday bilimli, salohiyatli kadr boshqaruvchilikni eplab ketolmaydi. Jamoani yagona maqsad sari olib boruvchi rahbar shaxs namunali shaxsiy sifatlarga ham ega bo‘lishi lozim. Xodim bilan munosabatda o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashish muhimdir. Yuqorida keltirilgan misollarda rahbar shaxslar xodimlarga qilgan xatolari uchun haqorat ishlatishgan. Psixologiya fanlari nomzodi, professori L.D. Stolyarenkoning «Boshqaruv psixologiyasi» kitobida aytilishicha, rahbar xodimining shaxsiyatini emas, faqat ishini tanqid qilishi kerak. Bunda «buterbrod» (ikkita maqtov orasiga bitta tanqidni qo‘shib yuborish) usulidan foydalanish qo‘l keladi. Ushbu kitobda autogen menejmentning (o‘z-o‘zini boshqarish) ahamiyati juda yuqoriligi ta'kidlanadi. Rahbar, eng avvalo, o‘zini ichkaridan turib isloh qilolsa, butun jamoani ortidan ergashtira oladi. Boshqaruvchilarga ulkan talablar qo‘yilayotgani rost. Bu borada har kimda turlicha mulohaza bor. Fikrlar xilma-xilligini ta'minlash uchun boshqaruv sohasidan yaxshigina xabardor bir necha ekspert bilan suhbatlashdik.    

«Davlat xizmatchilarini moliyaviy qo‘llab quvvatlashning o‘zi yetarli emas»

SmartGov konsalting kompaniyasi ijrochi direktori Aziza Umarova:

«Fikrimcha, davlat xizmatchilari faoliyatini takomillashtirish eng katta islohotlardan biriga aylanishi kerak. Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi borasida 2019 yilgi davlat dasturida batafsil yoritilgan. O‘zbekiston uchun davlat boshqaruvi to‘g‘risidagi qonun nechog‘lik ahamiyatli? O‘tgan asr 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshida O‘zbekiston va Turkmanistondan tashqari barcha MDH davlatlarida bu bo‘yicha tayanch huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Vakolatli organning tashkil etilishi va qonun qabul qilinishi davlat xizmatining huquqiy asosini ta'minlagan bo‘lardi. Shuningdek, bu qonuniy ishonchlilik, qonuniy javobgarlik, davlat xizmatining huquqiy prognozi prinsiplarini amalga oshirishga hissa qo‘shadi. Bu o‘z-o‘zidan davlat xizmati faoliyati barqarorligini ta'minlaydi. Bu yerda har bir xizmatchi o‘z faoliyatini kim, qanday qilib va nima uchun baholanayotganini anglaydi».

«Professional davlat xizmati topshiriqni vaqtida sifatli bajaradigan malakali kadrlarni jalb etadigan meritokratiyani yaratishga qodir.  Masalan, davlat xizmatchisi vazifasi uchun bir qancha sifatlarni (yetakchilik, analitik ko‘nikma, jamoada ishlash, o‘zini tutishi va boshqalar) talab qiladigan markazlashgan tanlov tashkil qilinishi lozim. Bundan tashqari, davlat xizmatchilari uchun yagona axloq normalarini ishlab chiqish lozim, ish vaqtida xodim va rahbar o‘rtasidagi kelishmovchilikni hal qiladigan Ombudsman faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kerak. Ayni vaqtda moliya vazirligi Jahon banki bilan davlat xizmatchilarini moliyaviy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ish olib boryapti. Bu muammoni to‘la yechib berishi dargumon», deya qo‘shimcha qildi Umarova.

«Bir vaqtda bir necha vazifaning bajarilishi osonroq topshiriqlarni ham murakkablashtiradi»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi «Boshqaruv mahorati» kafedrasi dotsenti v.b. Lola Inog‘omova:

«Rahbarning asosiy maqsadlaridan biri jamoani muvaffaqiyatli boshqarishdir. Rahbarning ham o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bo‘ladi, lekin bu kamchilik hech qachon jamoaning faoliyatiga ta'sir qilmasligi, u rahbar bilan qo‘l ostidagi xodimning munosabati, ish faoliyatiga ta'sir qiladigan darajada bo‘lmasligi kerak. Jamoada psixologik iqlimni shakllanishida rahbarning o‘rni katta bo‘lib, boshqaruv samaradorligini oshirishda rahbardan oqilona qaror qabul qilish, ishni reja asosida tashkil etish, vazifalarni to‘g‘ri taqsimlashda undan katta mahorat talab etiladi.

Ba'zida mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatida bir vaqtning o‘zida bir necha topshiriq va vazifani bajarilishi ishlar rejali tashkil etilmagani tufayli, oddiy vazifalarni bajarishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lmoqda.

Qonunchilik nima deydi?

Toshkent Davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi O‘tkirbek Xolmirzayevning  ta'kidlashicha, shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish ma'muriy (MJtKning 41-moddasi), agar u odobsizlik bilan va ma'muriy javobgarlikka tortilganidan keyin sodir etilsa jinoiy javobgarlikka asos bo‘ladi.

Haqorat qilish jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda sodir etilganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi (JKning 140-moddasi). Shuningdek, ish holatidan kelib chiqib, ayrim harakatlar boshqa moddalar bilan ham malakalanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi «Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori (Qaror) bilan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari tasdiqlangan.

Davlat rahbari yil davomida barcha viloyatlarga tashrif buyuradi. O‘tgan yili berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas'ullarning hisoboti tinglanadi. E'tibor bersangiz, har bir tashrifda turli sabablar bilan rahbar shaxslar ish lavozimidan ozod qilinadi (ular orasidan hech bo‘lmaganda bittasi hokim bo‘ladi). Jamoatchilik bu vaziyatga ko‘nikib ham ketdi.  Amaldorlar qo‘nimsizligiga nima sabab bo‘lyapti? Yangi talablarga javob berisholmayaptimi yoki tepadan buyruq kelishini kutib yashash dogmasini o‘zgartirish qiyinchilik tug‘diryaptimi? Balki, hokimlarning vakolat va majburiyatlarini chegaralab qo‘yish kerakdir? Shunda ish hajmi qisqarib, sifat oshishiga erishiladi. Yana bir muhim masala ham bor: rahbar shaxslar psixologiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish kerak. Mansab kursisiga o‘tirgan ayrim boshliqlar o‘z lavozimini mas'uliyat, ishonch deb emas, imkoniyat (korrupsiya uchun) deb qabul qiladi. Boshqaruvchi o‘zini o‘zgartira olsagina, ma'lum maqsadga erishish imkoniyati paydo bo‘ladi. Muammo ildizi aniqlansa, uni bartaraf etish yo‘llari ham topiladi.

Mavzu yuzasidan hokimlardan ham fikr olishga harakat qilindi. Ammo urinishlar samara bermadi. Bir necha hokimlarga murojaat qilindi. Hokimlarda vaqt tig‘izligi yoki boshqa qator sabablar tufayli savollar javobsiz qoldi. Keltirilgan mulohazalarga ular ham o‘z munosabat va takliflarini taqdim etishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid