O‘zbekiston | 15:30 / 07.05.2019
11982
2 daqiqa o‘qiladi

«SamAvto» Afg‘onistonga navbatdagi texnikalar partiyasini jo‘natdi

Foto: SamAvto

2019 yil mart oyidan may oyiga qadar Samarqand avtomobil zavodi Afg‘oniston Islom Respublikasiga 78 dona avtomobil eksport qildi.

“SamAvto” zavodi va Afg‘oniston Xaridlar bo‘yicha milliy idorasi o‘rtasidagi hamkorlik 2018 yilda 121 dona tez yordam mashinasi (ambulans) yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilishi bilan boshlangandi. Yangi yilda yetkazib berilayotgan texnika turlari ko‘paydi va 11 dona ambulansdan tashqari, Afg‘onistonga samosvallar, sut tashuvchi mashinalar, kran-manipulyator, sug‘orish-yuvish va kombinatsiyalangan sug‘orish-o‘rish supurish mashinalari ham jo‘natildi.

Foto: SamAvto

65 dona yangi texnika, Afg‘oniston hududiga kirib kelgach, Kobul hokimligiga foydalanishga topshirildi, 2 dona sut tashish mashinasi esa bolalar bog‘chasiga xizmat ko‘rsatishga yuborildi.

Afg‘onistonda mahsulotni ilgarilatish maqsadida, “SamAvto” MChJ va Ahmad Samir Ahmadi Ltd. kompaniyasi o‘rtasida dilerlik kelishuvi imzolandi, unga ko‘ra ushbu kompaniya Afg‘oniston hududida texnikani sotishi, transport vositalariga kafolat va servis xizmatini ko‘rsatishi, ehtiyot qismlar yetkazish bilan shug‘ullanishi mumkin.

Shuningdek, Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan texnika Afg‘onistondagi potensial xaridorlar tanishishlari uchun O‘zbekiston tovarlari ekspozitsiyasi tashkil etilgan “Termiz-Kargo” hududiga qo‘yilgan.

Mavzuga oid