Jamiyat | 18:18 / 08.05.2019
28611
4 daqiqa o‘qiladi

Mohi Xosa saroyiga durbin bilan keling

Buxoroi sharifning eng ko‘p qiziqishga sabab bo‘ladigan obidalaridan biri Sitorayi Mohi Xosa majmuasidir. Mahalliy aholi shunchaki oddiy qilib, uni «Amir Olimxonning dachasi»  deb yuritadi. Buning o‘ziga xos sabablari bor: Buxoroning so‘nggi amiri Sayid Olimxon asosan Eski shahar markazidagi Ark qo‘rg‘onida istiqomat qilgan. Amir xos mehmonlarni kutib olish, ko‘ngilxushlik, hordiq chiqarish uchun esa shaharning eng bahavo nuqtasi, markazdan 4 km shimolda joylashgan Mohi Xosa yozgi saroyini afzal bilgan. 

Sitorayi Mohi Xosa forschada «oyga o‘xshash yulduz»  degan ma'noni anglatadi.

Qattiqqo‘lligi bilan Buxoro tarixida iz qoldirgan Nasrulloxon (1826 ─ 1860) bu majmuaning dastlabki binolarini qurdiradi. Chunki asosiy qarorgohdan tashqari yozgi saroyga ham ega bo‘lish o‘z davrida podshohlik uchun qo‘shimcha obro‘ hisoblangan. 

Amir Abdulahadxon (1885 ─ 1910) hukmronligi davrida majmua hududida saroy va xushmanzara bog‘ barpo etiladi. Peterburgda tahsil olgan Amir Olimxon esa (1910 ─ 1920) yangi saroy qurdiradi va unda ko‘hna Buxoroning boshqa tarixiy obidalaridan farqli ravishda g‘arb andozalari, rus arxitekturasi elementlaridan foydalanadi. Buxorodagi aksar tarixiy obidalarda gulsimon, yozuvni yodga soladigan naqshlar faol qo‘llanilgan bo‘lsa, Mohi Xossa bezaklari Yevropa Renessansining mozaikalarini eslatadi.

Majmuaning eng diqqatga sazovor qismlaridan biri  —  Oq zal. Unda hashamatli ballar, rasmiy qabullar tashkillashtirilgan.

Shahar sovetlar tomonidan mustamlakaga aylantirilgach, 1927 yilda majmua muzey vazifasini bajara boshlaydi.

Hozir ham bu obida badiiy-amaliy hunarmandchilik muzeyi sifatida mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarning diqqat markazida.

Muzeyda XX asr avvaliga taalluqli eksponatlar bor: Xitoy chinnisi, amir va uning harami foydalangan kiyim-kechaklar, o‘z davri uchun o‘ta zamonaviy hisoblangan mebel jihozlari, Yevropa madaniyatini eslatuvchi idish-tovoqlar...

Xonani isitish uchun foydalanilgan pechka va XX asr avvali uchun noyob hisoblangan taqvim eng g‘aroyib eksponatlar sanaladi.

Bu muzey majmuaning yana bir «o‘ziga xosligi»  bor. Uni tomosha qilish uchun kelmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz bilan durbin ola keling. Nega deysizmi? Eksponatlar haqidagi ma'lumotnomalarni o‘qiy olish uchun yoki o‘ta o‘tkir ko‘rish qobiliyatiga yoki durbinga ega bo‘lish kerak.

 Ba'zi xonalardagi jihozlarning yaqiniga borib bo‘lmaydi, lenta tortib qo‘yilgan. Eksponatni-ku, mayli, nariroqdan tomosha qilasiz, lekin nomi, yili, izohlarini o‘qiyman desangiz, ahvol chatoq. 

Nega eksponatlar haqidagi ma'lumotnomalar bunday noqulay tartibda joylashtirilgan, degan savolga muzey xodimining javobi ham tayyor: «Agar ma'lumot olmoqchi bo‘lsangiz, gid yollang. U hammasini tushuntiradi» . Nima muzeyga borganda gid yollash majburiymi? Men o‘zim ma'lumotlarni o‘qib olishim mumkin emasmi? Yoki bu zamonaviy marketingmi, a labbay?

Yana bir gap. Bir ahli Buxoroni yig‘ib, Sitorayi Mohi Xosada hashar uyushtirish kerak. Bo‘lmasa, hamma joyni yaxshigina chang bosibdi. Saroy ko‘rinishiga putur yetkazayotgan holatlarni bartaraf etish, yog‘ingarchilik ta'siri yaqqol iz qoldirgan joylar haqida bosh qotirishga ma'muriyatning hech vaqti yo‘q, chamasi...

Saodat Abdurahmonova