O‘zbekiston | 15:20 / 09.05.2019
32839
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Zangiota tumanida istiqomat qilgan Zulfiya Zokirovaning matonati haqida gapirdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Unda davlat rahbari Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida istiqomat qilgan Zulfiya Zokirova haqida ham gapirib o‘tdi.

«Urush qahramonlari haqida gapirar ekanmiz, tabarruk Ona siymosi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi deb biladigan mard va botir o‘g‘lonlarni voyaga yetkazgan ulug‘ zot – onadir. Urushning barcha azob-uqubatlarini eng ko‘p tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir.

Bamisoli sabr-bardoshdan yaralgan, urush yillarida muqaddas Vatan timsoliga aylangan bunday metin irodali onalar yurtimizda ko‘plab topiladi.

So‘zimning isboti uchun bir misol keltirmoqchiman. Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida Zulfiya aya Zokirova ismli bir mo‘tabar onaxon yashab o‘tganlar. Tom ma'noda buyuk bu insonning jasoratini ta'riflashga til ojiz.

Turmush o‘rtog‘i Xolmat aka vafot etgach Zulfiya aya besh o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazganlar.

Hammamiz yaxshi bilamiz, ona zoti uchun farzand dog‘ini ko‘rishdan ham og‘ir yo‘qotish yo‘q. Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo‘lgan.

O‘zingiz ayting, qadrli do‘stlar, har qanday odamni ham yiqitib, yakson qiladigan taqdirning bunday beshafqat zarbasiga bardosh berish mumkinmi?

Lekin Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon o‘zbek ayoli bunga bardosh bera oldi. Shunday fojiali qismatga besh marta ko‘ksini qalqon qilib, besh marta ham mardona oyoqqa turdi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, qanchalik metin sabr-bardosh bo‘lishi kerak!

Yovuz urush tufayli ayaning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qoldi. Uning o‘zi esa bir umr motamda yashadi. Lekin hech qachon umidsizlikka tushmadi, o‘g‘illarining so‘nmas xotirasi, yorug‘ kunlar yodi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, orzu-umidlari bilan yashadi.

“Joyi chiqsa, turmush qilinglar, men sizlardan mingdan-ming roziman”, deydi Zulfiya aya kelinlariga. Lekin ular ham Zulfiya ayadan o‘rnak olib, unga madad bo‘lib, barchasi o‘z yoriga, oilasiga sodiq qoladi, boshqa turmush qurmaydi.

Mana, o‘zbek ayollarining, o‘zbek xalqining haqiqiy jasorati va matonati!

Mana, sevgi va sadoqat madhiyasi, uning yengilmas kuch-qudrati!

Mana, yoshlarimiz, farzandlarimiz kimdan namuna va o‘rnak olishlari kerak!

Hayotda biron-bir qiyinchilikka duch kelsa, umidsizlikka tushmasdan, ularni bardosh bilan yengib o‘tishda Zulfiya Zokirova va uning oilasi yosh avlodimiz uchun chinakam ibrat maktabi emasmi?

“Yaxshilar yodi hech qachon unutilmaydi”, deydi xalqimiz. Biz ezgu niyat bilan barpo etadigan G‘alaba bog‘i markaziga Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o‘rnatsak, unga “Matonat madhiyasi” deb nom bersak, nima deysizlar?» - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid