Jamiyat | 18:22 / 09.05.2019
11330
5 daqiqa o‘qiladi

Tanqidiy maqolalardan so‘ng «O‘zneftgazquduqta'mirlash» ishchilarining muammolari hal etilmoqda. Qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilmoqda

Kun.uz saytida joriy yilning 2 aprel kuni «Kechlikka mog‘orlagan non. «O‘zneftgazquduqta'mirlash» ishchilari og‘ir sharoitlarda ishlab, oylik olishmayapti» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyatining «Sho‘rtan» uchastkasida ishlovchi ishchilar og‘ir sharoitdaligi, oylik maoshlarini o‘z vaqtda olishmayotgani va yana bir qator muammolar jurnalistik surishtiruv asosida yoritilgandi.

Tanqidiy maqoladan so‘ng «O‘zbekneftgaz» AJ mazkur holatlar yuzasidan o‘rganish olib borgan, uning natijalari kompaniya saytida maqola yuzasidan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati o‘rganish olib borilganini va ishchilarning ko‘rpa-to‘shak, choyshab, yostiqlari yangilangani, har bir mutaxassisga barcha xavfsizlik qoidalariga va zavoddagi mehnat sharoitlariga mos yangi kiyimlar berilgani, ishchilarning talab va istaklari bilan joriy yilning 19 aprel kunidan neft va gaz quduqlarini ta'mirlash uchastka, sex va xizmatlarida bir oylik ish rejimidan 15 kunlik vaxta asosida 12 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgani haqida ma'lumot bergan edi.

Ammo bu xabar ortidan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ «Sho‘rtan» uchastkasi ishchilari saytga takroriy murojaat bilan chiqishib, maqoladan so‘ng «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ rahbariyati va mas'ul xodimlari tomonidan bir necha ishchiga bosim kuchaygani, ularga tazyiq o‘tkazish boshlangani, majburlab tushuntirish xati yozdirishayotgani, yozmaganlarga esa ishlashga ruxsat berilmayotganini bildirishgandi.

Shundan so‘ng tahririyat tomonidan bu borada takroriy o‘rganish olib borilib, 28 aprel kuni «Tanqidiy maqoladan so‘ng ishchilarga tazyiq o‘tkazildi(mi)? Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Mehnat vazirligi bu holatga qanday baho beradi?» nomli maqola berilgandi.

Mazkur maqolada keltirilgan holatlar O‘zbekiston neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi mas'ul xodimlari va «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati rahbariyati tomonidan muhokama etildi. Ushbu muhokamada taklifga binoan biz ham ishtirok etdik.

O‘zbekiston neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi mas'ul xodimlari bizga dastlabki maqoladan so‘ng bu borada Buxoro viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari kengashi tomonidan o‘rganilgani haqida ma'lumotnoma taqdim etishdi.

Unda keltirilishicha, o‘rganish davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlar belgilab olingan.

Muhokama jarayonida «O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati direktori Imom Magomedov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Korxonamizda moliyaviy muammolar borligi rost. Buning ortidan boshqa muammolar ham yuzaga keldi. Bu bu holatdan imkon darajasida tezroq chiqishga harakat qilyapmiz va bu bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Maqolada keltirilgan kamchiliklarni ham bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Ishchilarning ko‘rpa-to‘shaklari yangilab berildi, 15 kunlik ish rejimiga o‘tkazildi va imkon darajasida maxsus kiyimlar ham berildi. Oylik maoshlari ham qisman to‘lab berildi. Joriy yilning 15 may kunigacha ishchilarning oylik maoshlaridan qarzdorlikni to‘liq uzishni rejalashtirganmiz. Lekin ishchilarga tazyiq o‘tkazilayotgani yo‘q. Ammo ba'zi holatlarni aniqlashtirib olish uchun ayrim ishchilardan tushuntirish xati olingani rost», – deydi korxona direktori.

«O‘zneftgazquduqta'mirlash» aksionerlik jamiyati kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev shu kuni o‘qishda bo‘lgani uchun muhokama jarayonida ishtirok etmadi. Ishchilarning asosiy e'tirozi ham aynan shu mas'ul xodimning tazyiqlari yuzasidan edi.

Muhokama jarayonida kadrlar bo‘limi boshlig‘i Akobir Barakayev tomonidan ishga qo‘yilmagan ishchilar «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ rahbariyati tomonidan o‘z ishiga qaytarildi. Korxona direktori Imom Magomedov ishchilarga hech qanday bosim va tazyiq o‘tkazilmasligini bildirdi.

O‘zbekiston neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi mas'ul xodimlari bu borada o‘z tavsiyalarini berib o‘tishdi.

«O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ rahbariyati tomonidan ishchilarning oylik maoshlari yaqin kunlarda to‘liq to‘lab berilishi bildirildi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi mas'ul xodimlari tomonidan «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJda qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilmoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid