Jamiyat | 18:50 / 12.05.2019
12810
3 daqiqa o‘qiladi

Haqiqiy musulmon - hayotining har bir jabhasida samimiy bo‘lganidir

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Nasihat – Islomning asosi”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni “Mirzo Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy sharhlab berdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Tamim Doriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam dinning ajoyib mazmun-mohiyatini anglatmoqdalar. Aytdilarki: “Din – nasihatdur”.

Sahobalar, albatta, tushunmadilar va darhol so‘rashdi: “Kim uchun nasihat bo‘ladi Yo Rasululloh?”. “Alloh uchun”, deb javob berdilar Payg‘ambar alayhissalom. Din – Qur'on kitobi uchun, Payg‘ambari uchun, musulmonlarning rahbarlariga, xalq uchun nasihat, dedilar Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam. 

Muhaddislarimiz bu hadisni tushunishimiz uchun “an-nasiha” so‘zini “samimiyat” ma'nosida tushuninglar, deb o‘rgatishgan. Shunda osonroq tushunamiz. Nasihat, aslida, jumlalardan terib olingan durdona degani. “Din – nasihatdur” degan jumlani “din – samimiyat” deb tushunishga harakat qilaylik. Din kim uchun samimiyat – Alloh uchun. Ya'ni, Allohga iymon keltirish, uni Robbim deb bilish – mana shu samimiyat. Yoki Qur'onga nasihat, samimiyat - bu kitobning Allohning kalomi deb bilish, unga iymon keltirish, uni o‘qib-o‘rganish va amal qilish. Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarini bajarish, u kishini yaxshi ko‘rish, siyratlarini o‘rganish – bu ham samimiyat, nasihat. Musulmonlarning rahbarlariga samimiyat qanday bo‘ladi? Bu ularga bo‘ysunish, ergashish, beg‘araz va sodiq bo‘lishda o‘z aksini topadi. Xalqqa nasihat qilish nima degani? Bu butun xalq bilan samimiy bo‘lishdir. Mana shularning barchasini jamlab turib, Payg‘ambarimiz alayhissalom “din” deyaptilar.

Din – bu hayot degani. Agar biz mazkur hadisga amal qilib, hayotimizning har bir jabhasida samimiy bo‘lsak, (u savdoda bo‘ladimi, ishxonamizda bo‘ladimi, oilamizdami, ibodatxonadami, ko‘chadami, jamoat joyidami) tilimiz va qo‘limiz bilan musulmonlarga ozor bermagan haqiqiy musulmon bo‘lamiz.

Mavzuga oid