Jamiyat | 19:18 / 13.05.2019
12962
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz saytida xayriya bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi

Foto: Flickr

Kun.uz saytida e'lon qilingan barcha xayriya aksiyalari ezgu maqsadlarda uyushtiriladi.

Albatta, umid bilan qilingan murojaatning har biri ortida inson taqdiri yotibdi va biz ularning hammasiga xayrixohmiz. Ammo Kun.uz sayti eng avvalo tezkor va xolis axborot tarqatishga ixtisoslashgan va asosiy faoliyati xayriya emas.

Hozirgi kunda saytimizda haftasiga ikki marta xayriya bo‘yicha murojaat e'lon qilish imkoniyati mavjud, bir hafta davomida bunday mazmundagi murojaatlar soni esa elliktadan oshadi. Shunday ekan istaymizmi yo‘qmi ko‘pchilikni rad etishga yoki ijrosi juda mavhum muddat asosida qabul qilishga majbur bo‘layapmiz. Qolaversa, e'lon qilingan xayriyalar soni emas, sifati ham kerak, ya'ni ko‘zlangan maqsadga erishilishi – zarur mablag‘ yig‘ilishi va bir insonning og‘iri yengil bo‘lishi juda muhim.

Shuningdek, so‘nggi paytlarda xayriya pullariga ko‘z olaytirganlar, to‘g‘rirog‘i ko‘zida shundoq ham yosh to‘la bo‘lgan muhtojlarni qon qaqshatib, pulini o‘g‘irlaydiganlar toifasi ham paydo bo‘ldiki, bu jarayonda ehtiyotkorlikni, xavfsizlikni kuchaytirish zarurati tug‘ildi. Xavfsizlik tizimi joriy etilgach, qilingan har qanday murojaat tahlil qilinib, o‘rganib chiqiladi va mablag‘ yig‘ish eng zarur deb topilgan bemorlargagina xayriya tashkil etiladi.

Yuqoridagi omillar tufayli joriy yilning 12 maydan boshlab Kun.uz saytida xayriya aksiyalari uyushtirish bo‘yicha yangi murojaatlar qabul qilish to‘xtatildi. Bu sanadan keyin faqat shu paytgacha qabul qilingan murojaatlar o‘rganiladi va asosli bo‘lsa, qanoatlantiriladi.

Aksiyalar qayta yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Ammo yodda tuting! Biz, Kun.uz sayti ijodkorlari, xayriya ishlaridan voz kechmaymiz va bu e'lon ham xayriyalar butunlay to‘xtatilishini anglatmaydi. Aksincha, barcha yurtdoshlarimizni Muborak Ramazon oyida e'lon qilinayotgan bunday aksiyalarda yanada faol qatnashishga chorlab qolamiz.

Mavzuga oid