O‘zbekiston | 21:30 / 13.05.2019
12375
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident xorijiy investitsiyalar hisobiga Toshkentda tezroq sanoat korxonalarini ishga tushirish haqida ko‘rsatma berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar tarqatdi.

«Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati olib borilmoqda. Investitsiya muhiti tobora yaxshilanib, ishbilarmon doiralar yurtimizdagi loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda. Xalqaro moliya institutlari, rivojlangan davlatlar va yirik kompaniyalar iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga sarmoya kiritmoqda. 

Birgina joriy yilning o‘zida Germaniya Federativ Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar rahbarlari bilan oliy darajada muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Ular doirasida sanoat, energetika, infratuzilma, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta'lim kabi sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi. Har bir davlat bilan qo‘shma loyihalar ijrosini ta'minlash uchun Prezident qarorlari asosida «yo‘l xaritalari» tasdiqlandi.

Joriy yil 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rtta ro‘yxatga ajratilib, birinchi ro‘yxatdagi eng muhim strategik loyihalar Prezidentning doimiy nazoratida bo‘lishi belgilangan edi. 

Yig‘ilishda ana shunday ustuvor investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi atroflicha tahlil qilindi», deyiladi xabarda. 

«Investitsiya iqtisodiyot rivoji, xalqimiz hayot sifati va farovonligini ta'minlaydigan asosiy manbalardan biridir. Rivojlangan davlatlar bilan munosabatlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilganidan kelib chiqib, jadal va tizimli ishlashimiz kerak», degan davlat rahbari. 

Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgani, investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga shu soha bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritilgani, har bir mamlakat bilan ishlash bo‘yicha alohida boshqarmalar tashkil qilingani, bundan tashqari, mutasaddi rahbarlar boshchiligida maxsus ishchi guruhlar tuzilgani qayd etilgan. 

Yig‘ilishda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitilgan. 

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish holati juda sustligi, ulkan moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilingan. Erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berilgan. 

Shu bilan birga, ish o‘rinlari yaratib, xalqqa foyda keltiradigan, iqtisodiy samarador yangi loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. 

Taraqqiy etgan mamlakatlarda investitsiyalar jalb etish bo‘yicha tajriba Birlashgan Arab Amirliklari misolida ko‘rib chiqilgan. Eng zamonaviy yondashuv va ish yuritish uslublarini soha va tarmoqlarimiz faoliyatiga jalb etish, ushbu mamlakatdan mutaxassislar taklif etgan holda yoki onlayn tarzda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish va tajriba o‘rganishni tashkil etish masalasi muhokama qilingan, bu borada aniq vazifalar belgilab berilgan.

Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etishga qaratilgan ishlar ijrosi ham tahlil qilingan. Bu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, ayniqsa, aholini ish bilan ta'minlash jihatidan muhimligi qayd etilib, ularni tezroq ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratilgan. Davlat rahbari investitsiya sohasiga doir qonunchilik xalqaro normalar darajasida takomillashtirilishi, ular har bir investorga ishonch, kafolat bo‘lishi zarurligini ta'kidlagan.  

Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilangan.

 

Mavzuga oid