Jamiyat | 11:30 / 13.05.2019
23204
4 daqiqa o‘qiladi

Tarixchi va «tarixchi»

Millatimning oyoqqa turishini, dunyo uzra nomi jaranglashini, hurmatlanishini men ham istayman. Aynan shuning uchun o‘sib kelayotgan yosh avlod bosiq-vazmin, yo‘lidagi to‘siqlarni ong kuchi bilan yenga oladigan avlod bo‘lishini istayman. Zero, aynan shunday bir avlod yuzaga kelsa... u yog‘ini o‘zi eplab ketadi.

Ammo yangi avlod qalbi nafratga to‘lgan, faqat hissiyot bilan «qurollangan», so‘kong‘ich bo‘lsa, unday avlod hech narsaga qodir bo‘lmaydi, autsayder, «luzer» va qaram avlod bo‘ladi. Insonni idishga qiyoslasak, idish nafrat bilan liq to‘lsa, ichida tafakkurga o‘rin qolmaydi. Tafakkursiz inson esa puch yong‘oq kabidir. Shuning uchun ham yoshlarning qalbiga nafrat urug‘ini o‘tqazishayotganini ko‘rsam — achinaman.

Tafakkur urug‘i sekin unib chiqadi, nafrat urug‘i — tez.

Tafakkurli avlodni tarbiyalash vaqt, himmat, ilm va olijanoblikni talab etadi, so‘kong‘ich lyumpen olomonni «yetishtirish» uchun bir-ikkita fitna-suiiste'molning o‘zi yetadi.

Tarixni suiiste'mol qilish qo‘shtirnoq ichidagi tarixchilarning asosiy va sevimli mashg‘uloti. Ular faqat bitta gapni — «kecha falonlar millatimizni undoq qilishgan edi, bundoq qilishgan edi»ni takrorlayverishadi, takrorlayverishadi, faqat shu ma'nodagi tafsilotlarni topib aytaverishadi, boshqa ma'nolarni chetlab o‘tishadi. Natijada, tarix shunday bir narsaga aylanadiki, go‘yo uni qancha ko‘p bilsangiz, qalbingiz shuncha nafratga to‘lishi kerakdek bo‘lib qoladi.

Bunday «tarixchilik» g‘olib kelsa tarixning asosiy foydasi — hikmatlanish — «o‘tmishda nima xatolar qilingan-u, biz ularni takrorlamasligimiz kerak?», degan savollarga javob izlanmaydi. Omma tarixning asosiy foydasidan — qimmatli ichki tadqiqotdan mahrum qilinadi. Tarix o‘zining asosiy vazifasini, asosiy ma'nosini yo‘qotadi. Shaxs va millat xatolarni qayta-qayta takrorlashga mahkum etiladi.

Tarixni hikmatlanish, deb tanitadigan haqiqiy tarixchi bilan suiiste'molchilarni ajratib olish kerak. Tarixchi tarixiy ishoralar vositasida kishini o‘z shaxsiga nazar tashlashga undaydi, o‘z ichki dunyosiga qaratadi, suiiste'molchi esa kishini tashqi dunyodan aybdor topishga odatlantiradi va bu ishni unga chiroyli qilib ko‘rsatadi, «sen haqiqiy vatanparvarsan!» deb uqtiradi.

Tarixning bir sanasida shunday ishlar ikkinchi jahon urushini keltirib chiqargan edi...

Tarix suiiste'molchisining vazifasi oson. Zero, tuban hissiyotlar yuzada bo‘ladi — qo‘zg‘atish qiyin emas. U haqiqiy tarixchilarning sustkashligidan yoxud bunday tarixchilarning mavjud emasligidan foydalanib, odamlarning tarixiy chanqoqligini suiiste'mol qiladi. Tarixiy voqealarni istagancha saralaydi, xohlagancha bo‘rttiradi, nafsiga muvofiqlashtiradi. Maqsadi esa — odamlarning tuban hissiyotlarini uyg‘otib, hissiy quvvatdan ozuqa olish yoxud kimningdir buyurtmasini bajarib mukofot olish — ikkisidan biri. Tarixni ommaga hikmatlanish deb tanitish esa uning vazifasi ham emas, bunga u qodir ham emas.

«Millat», «millat g‘ururi», «millat sha'ni» kabi tushunchalar tarix suiiste'molchisining qo‘lida zahri qotilga aylanib, ruhlarni kasal qiladi. Chunki bu tushunchalar o‘zni isloh etish ehtiyoji bilan emas, balki atrofni «tuzatish», atrofga nafrat qilish bilan bog‘liq bo‘ladi. U yosh qalblarga nafrat urug‘ini sochuvchi zolim dehqon.       

Shokir ShARIPOV.

Mavzuga oid