O‘zbekiston | 19:08 / 14.05.2019
149403
6 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Abdusamatov ishi. DXX musodara qilgan 400 ming dollar sobiq hokimning turmush o‘rtog‘iga topshirildi

13 may kuni 2018 yilning sentabr oyida o‘z xizmat xonasida 400 ming AQSh dollari miqdorida pora olishda ayblanib qo‘lga olingan Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markazi» korxonasining sobiq bosh direktori Shohrux Malikov hamda vaqtincha ishsiz bo‘lgan O‘lmas Muhamedsaidovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi.

Sud majlisi boshida raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga so‘nggi so‘z berildi.

«Hamma gaplar aytildi. Biz suddan adolatli qaror chiqarilishini so‘raymiz. Tajribangizga ishonaman», dedi sobiq hokim.

O‘lmas Muhamedsaidov esa pora olganini tan oldi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Sud tergovi jarayonida eshitdingiz. O‘sha odamlardan pul olganman. Xato qilganman. Imkoniyat bersangiz o‘sha pullarni qaytarib berib oilam bag‘riga qaytsam. Yengilroq jazo berib imkoniyat berishingizni so‘rayman», dedi sudlanuvchi Muhamedsaidov.

«Menga qo‘yilgan ayblovlar tuhmat deb hisoblayman. Bo‘lib o‘tgan ishlar aytib o‘tildi. Adolatli hukm chiqarishi so‘rayman», deydi sudlanuvchi Malikov.

Sudlanuvchilarning oxirgi so‘zlarini tinglagandan so‘ng, sud maslahatlashish uchun kirib ketdi. Ma'lum vaqt o‘tib, raislik qiluvchi sud hukmini e'lon qildi. Sud hukmining sanksiya qismi quyidagicha bo‘ldi:

«Baxtiyor Xasanovich Abdusamatovning harakatlarida Jinoyat Kodeksining 210-moddasining (pora olish) 2-qismi «a» bandi (ta'magirlik yo‘li bilan) va 3-qismi «a» bandida (juda ko‘p miqdorda) nazarda tutilgan        jinoyatlar tarkibi bo‘lmagani sababli reabilitatsiya qilinsin va Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismi bilan harakatdan tugatilsin. 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) 2-qismi «a» bandida (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilsin. Sobiq hokimga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilansin.

O‘lmas Qobiljonovich Muhammedsaidov Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilsin. Ushbu shaxsga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil-u 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘talsin.

Shohrux Farhodovich Malikov Jinoyat Kodeksining 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) 3-qismi va 211-moddasi (pora berish) 3-qismi «a» bandida keltirilgan jinoyatlar aniqlanmagani sababli reabilitatsiya qilinsin (oqlansin). Malikov sud zalidan ozod etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirilgan 400 ming AQSh dollari Baxtiyor Abdusamatovning turmush o‘rtog‘i D. Abdusamatovaga, shuningdek ikkita «Captiva» va bitta «Malibu» rusumli avtomobillar o‘z egalariga topshirilsin. Ushbu avtomobillarga qo‘yilgan taqiq bekor qilinsin.

Ish bo‘yicha manfaatdor tomonlarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik sudlovi tartibida murojaat qilish huquqi tushuntirilsin».

Raislik qiluvchi tomonidan ushbu sud hukmi hali kuchga kirmaganligi va taraflar hukmdan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori instansiyaga murojaat etishi tartibi va muddati tushuntirildi.

Malikov sud zalining o‘zida ozod etildi va oilasi bag‘riga qaytarildi. Sobiq hokimga apellyatsiyaga berish to‘g‘risidagi huquqlari tushuntirildi va undan sud hukmi haqida so‘raldi, u esa buni izohsiz qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, Yunusobod tumanining sobiq hokimi v.b. Baxtiyor Abdusamatov 2018 yil sentyabrida xizmat xonasida pora olayotganida ushlangani haqida xabarlar berilgandi. Bu xabarlarda u yer uchastkasi yoki uchastkalari ajratish uchun 400 ming dollar miqdorida pora olgani aytilgan, u hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilishda ayblangandi.

1 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudya Zafar Nurmatov raisligida Baxtiyor Abdusamatov, vaqtincha ishsiz O‘lmas Muxamedsaidov hamda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasining «Milliy PR-markazi» sobiq bosh direktori Shohruh Malikov ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sud davomida sobiq hokim o‘zining qo‘lga olinishi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbarlari tomonidan uyushtirilganini taxmin qilgandi.

«Bir narsani aytishni xohlayman. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan boshlab sakkiz oy davom etgan turli harakatlar, ayniqsa tergov harakatlarigacha, — bularning barchasi «korrupsion sensatsiya» uchun qasddan Davlat xavfsizlik xizmatining ayrim sobiq rahbarlari tomonidan amalga oshirildi. Bu mening taxminim.

Kimdir yolg‘ondan shon-shuhratga ega bo‘lishni xohladi va bu ishni… Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov, boshqarmalarning sobiq rahbarlari amalga oshirdi.

Yana bir qiziq narsa bor: qanday qilib deputatni o‘tqazishib, uning oilasiga telefon qilib, ularni pul to‘lashga majburlashdi va buni poraga aylantirishdi — haligacha tushuna olmayman. Biroq prokurorga minnatdorchilik bildirishni istardim, u 210-moddani (pora olish) to‘xtatish to‘g‘risida da'vo kiritdi», — degandi u.

Mavzuga oid