O‘zbekiston | 17:29 / 14.05.2019
13415
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tranzit tashuvlari uchun Aqtau portidan foydalanishni boshladi

Foto: 24.kz

13 may kuni Qozog‘istonning Aqtau portidan ilk bor Aqtau – Toshkent konteyner poyezdida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli o‘nta fitingli platformaga o‘rnatilgan 20 ta yigirma futli konteynerlar yo‘lga chiqdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» xabariga ko‘ra, bu O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Eron va Turkmaniston temir yo‘l ma'muriyatlarining Trans-Kaspiy xalqaro transport marshruti bo‘ylab yuk tashishni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, O‘zbekistonga qarab birinchi tranzit konteynerlari yo‘lga qo‘yildi.

Bildirilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston temir yo‘llarida konteyner tashish masalalari bo‘yicha tadbirkorlar uchun imkoniyatlar kengaytirilmoqda. «O‘ztemiryo‘lkonteyner» aksiyadorlik jamiyati va uning tasarrufidagi filiallar temir yo‘l tarmog‘ining asosiy yuk qabul qilib oladigan va jo‘natadigan, shuningdek, respublikaning turli hududlariga hamda xorijga eksport-import qilinayotgan yuklarni sifatli tashib kelayotgan korxonalaridan biri.

«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning Toshkent filiali tarkibidagi Chuqursoy Sergeli, Xovos logistika markazlarida konteyner yuklarini ortib-tushirish ishlari samarali bajarilyapti. Shuningdek, Ohangaron va Jizzax uchastkalarini ishbilarmon doira vakillarining ishonchli hamkoriga aylantirish maqsadida logistika markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur uchastkalarning barchasida yuk qabul qilish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bank filiallari, valuta ayriboshlash, bankomat, bojxona, katta yuk omborlari, hujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlari, qolaversa, yuklarni belgilangan manzilga yetkazib berish uchun yuk mashinalari ham tashkil etilgan.

«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning Toshkent filiali tarkibidagi Sergeli uchastkasi ham yuk qabul qilib, jo‘natadigan asosiy uchastkalaridan biri. Bugungi kunda UNICO LOGISTICS, Inter Rail servis, GM Uzbekistan kabi yirik transport kompaniyalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur transport kompaniyalari tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya, Fransiya davlatlariga dukkakli mevalar, yarim tayyor uzum sharbatlari, qizilmiya ildizi kabi mahsulotlar eksport qilinyapti. U yerlardan esa qog‘oz, metall, qurilish mollari, avto va elektrotexnika ehtiyot qismlari keltirilmoqda.

Konteynerlarda kelayotgan import mahsulotlari yuk saroylarida tushirilib, shu yerning o‘zida hujjatlar rasmiylashtirilyapti hamda bojxona nazoratidan o‘tkazilyapti va o‘z manziliga yetkazilmoqda, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid