Jahon | 08:24 / 14.05.2019
7576
2 daqiqa o‘qiladi

WikiLeaks rahbari Assanjning AQShga topshirilishidan xavotir bildirdi

Foto: RIA Novosti / Djastin Griffits-Uillyams

WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Shvetsiyadan AQShga topshirilishi mumkin, chunki qirollik odamlarni topshirish borasida AQSh bilan “yaxshi tarix”ga ega. Bu haqda saytning bosh muharriri Kristinn Xrafnsson aytdi.

“Shvetsiya odamlarni topshirish borasida AQSh bilan “yaxshi tarix”ga ega. Stokholm tomonidan Markaziy razvedka boshqarmasi qo‘liga ko‘plab qochqinlar topshirilgan. Hamma narsa yuz berishi mumkin”, deb aytgan Xrafnsson RT telekanaliga bergan intervyuda.

U shuningdek bu “yuqori siyosiylashgan ishda ko‘plab g‘alizliklar borligiga” e'tibor qaratgan. Misol uchun, uning fikricha, Assanjni nomusga tegishda ayblagan ayollar buni politsiya bosimi ostida qilishgan. Assanjga qarshi ish 2 marta yopilganiga qaramay, u har gal qayta boshlangan.

“Shubhasiz, siyosiy bosim bor”, deb aytgan Xrafnsson va sudning ushbu ish bo‘yicha qarori “siyosiy qaror” bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

13 may kuni Shvetsiya prokuraturasi Shvetsiyada nomusga tegish va jinsiy negizdagi boshqa jinoyatlarda ayblangan Assanjga qarshi ishni tiklagan. Ushbu ish 2017 yilda Assanj sudga kelmagani sababli yopilgan edi. 

Shvetsiyada 2010 yilda tegajog‘lik qilish va zo‘rlashda ayblangan Assanj Shvetsiyaga topshirilishidan xavotirlanib, 2012 yilda Ekvadorning Londondagi elchixonasida yashiringan. Biroq 2019 yil 11 aprelda u Shvetsiya va AQSh orderlari bo‘yicha hibsga olindi. Jurnalist AQShda davlat sirini oshkor qilishda ayblanib keladi.

Mavzuga oid