O‘zbekiston | 13:10 / 19.05.2019
9478
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro ekspert: «O‘zbekiston investitsiya bozorida yangi chiqayotgan yulduzga o‘xshaydi»

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti bitiruvchilarining V forumida dunyoning investitsion xaritasi, investitsiya bozorida O‘zbekistonning imkoniyatlari xususida muhokama sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, unda ishtirok etgan BCG (Boston Consulting Group)ning Rossiyadagi rahbari Vladislav Butenko O‘zbekistonda investitsion muhitni yaxshilashning 5ta shartini aytib o‘tdi.

─ Sarmoyani jalb qilishga talabgorlar ko‘p. Shu bois sarmoyani egallashda birinchi bo‘lishga intilish, bozorlarni tezroq ochish kerak;

─ Mamlakat salohiyatini, bozor sharoitini investorlarga to‘g‘ri yetkazib bera olish lozim;

─ Investitsiyani faqat pul ko‘rinishida emas, inson omili sifatida kiritish mumkin. Investitsiyani to‘g‘ri yo‘naltira oladigan kadrlar salohiyatini oshirishga ham e'tibor qaratish muhim;

─ Chet mamlakatlarinng texnologiyalarini jalb qilgan holda mahalliy kuchdan unumli foydalanish lozim;

─ Jahondagi muhitni ham hisobga olish lozim. O‘zbekiston jahon miqyosida eng kuchli bozor bo‘lmasligi mumkin, lekin Markaziy Osiyo mintaqasida buning uchun unda yetarlicha imkoniyat mavjud.

«Dunyo bo‘yicha 60 trln dollardan ortiq mablag‘ kishilarning hisobida bekor yotibdi. Ularni aylantirish kerak, mablag‘ egalari o‘z sarmoyasini kiritish uchun joy izlaydi. O‘zbekiston investitsiya bozorida yangi chiqayotgan yulduzga o‘xshaydi. Markaziy Osiyoning eng ilg‘or rivojlanayotgan mamlakati sifatida unining bu sohadagi imkoniyatlari juda katta», ─ deydi Butenko.

Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti bitiruvchilarining V forumida mazkur oliygoh bitiruvchisi, o‘zbekistonik tadbirkor Fattoh Shodiyev ham ishtirok etmoqda.

Forumning ochilish marosimida nutq so‘zlagan Shodiyev mazkur institutning ahamiyati, o‘z hayotida tutgan o‘rniga to‘xtalib o‘tdi. «Xalqaro munosabatlar institutida o‘qishni oddiy qishloq maktabiga qatnab yurganimdayoq orzu qilardim. Va bu menga nasib qildi. Bu institut avvaldan O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilib keladi. Lekin uning xorijdagi birinchi rasmiy filiali aynan Toshkentda ochilgani katta yutuq, menimcha. Hamyurtlarim Moskva xalqaro munosabatlar instituti kabi nufuzli ta'lim dargohida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishini doim istardim, buning uchun ilk amaliy qadam qo‘yildi», ─ deydi u.

Mavzuga oid