Light | 12:08 / 20.05.2019
29551
4 daqiqa o‘qiladi

Bolalarni o‘ylashga o‘rgatish kerak

Bolalar – bizning kelajagimiz. Kelajagimiz vaqtining ko‘p qismini idealdan ancha yiroq bo‘lgan maktabda o‘tkazadi. Mashhur aktivist Uill Stenton bolalarni passiv quloq soluvchilardan haqiqiy tadqiqotchilarga aylantirish uchun mavjud ta'lim tizimini o‘zgartirish borasidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan.

Foto: Layfxaker

Uill Stenton (Will Stanton) - yozuvchi va faol, umrini ta'lim tizimini o‘zgartirishga bag‘ishlagan. U Education Revolution loyihasi muallifidir. Mazkur loyihada mavjud ta'lim tizimi ko‘rib chiqilgan va bolalarni g‘oyaviy ta'sirdan ozod etib, ular salohiyatini rivojlantirishda yordam beradigan, bolalarga ijodiy shaxslarga ko‘rsatiladigan munosabatni shakllantirishda yordam beradigan yangi model taklif etilgan.

Bugun ta'lim tizimi bolalarni o‘qitmaydi, ularga g‘oyalarni singdiradi. Aslida bu ancha vaqt davomida sodir bo‘lgan. O‘qituvchilar yoshlarni haqiqatni obro‘ deb emas, obro‘ni haqiqat deb qabul qilishga ishontiradilar. O‘qituvchilar o‘quvchilar bilan suhbatlashish o‘rniga ularga so‘zlab berishadi.

O‘qituvchilar axborot yetkazuvchilarga aylangan. Ular qachonlardir o‘z ustozlaridan eshitganlarini takrorlashadi. Bolalar o‘z ta'limining egasi sanalmaydi. Buning o‘rniga ularning aqli saqlash konteynerlari sifatida qo‘llaniladi.

Bizga murakkab, ijodiy, qiziquvchan shaxslar sifatida qaralmaydi, buning o‘rniga – katta mexanizmning detallari sifatida munosabat bildiriladi.

Ta'lim tizimi inson tabiatining tadqiq etish qismini filtrlaydi, maqsad – tizimga nisbatan norozilikning oldini olish. Tizimga tafakkur egalari kerak emas. Unga savol beradigan insonlar kerak emas. Unga boshqarish oson bo‘lgan aholi zarur.

Maktabda tanqidiy fikrlashni o‘rgatib bo‘lmaydi, deb hisoblaydiganlar mavjud. Suqrot bu fikrni eshitganida jirkanib kulgan bo‘lardi. Chunki u shunday degan: “Men hech kimni hech narsaga o‘rgata olmayman, men ularni faqat o‘ylashga majbur qilaman”.

Agar maktab tizimida bolalarni tarbiyalash muammosini hal etishni istasak, tayyor javoblarni emas, savollar berishni o‘rganishimizga to‘g‘ri keladi.

Haqiqiy bilimni tadqiqot jarayonidagina olish mumkin. Bolalarni javoblarni mustaqil izlashga ilhomlantirish lozim. O‘qituvchilarga keladigan bo‘lsak, ular bolalarni fanlarni o‘rganish va shaxsiy kashfiyotlarni takomillashtirishda zarur bo‘lgan vosita va resurslar bilan ta'minlashlari lozim. Bitta yaxshi ifodalangan savol cheksiz miqdordagi tayyor javoblarga qaraganda kishini ko‘proq ilhomlantirishi mumkin. Ta'lim jarayonining har jihatida o‘quvchilar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, sog‘lom bahslarni rag‘batlantirish va bolalarga xulosalarni mustaqil chiqarish imkoniyatini berish kerak.

Falsafaning maktablarda o‘qitilishi ahamiyati to‘g‘ri baholanmayapti. Odamlarning katta qismi xuddi g‘ildirakda aylanayotgandek ishlaydigan dunyoda vaqti-vaqti bilan o‘z istiqbollarimizni qayta ko‘rib chiqish va yaxlit manzarani ko‘zdan kechirishimiz zarur.

Falsafa bizni o‘ylash, savol berish, anglashga majbur qiladi. Bu ko‘nikmalarsiz insoniyat avtouchish rejimida harakat qilishda davom etadi va shu tariqa hokimiyatga ega bo‘lganlar tomonida bosim o‘tkazish, jabrlash, ozodlikdan mahrum qilishiga yo‘l qo‘yamiz.

Biz o‘ylashni qaytadan o‘rganishimiz lozim.

Mavzuga oid