Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchilar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunda ko‘rsatilishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish;
- lokal tarmoqni (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘ini) yaratish;
- lokal tarmoq (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘i) orqali yetkazib beriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr, issiqlik energiyasi va (yoki) biogazni realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida investitsion, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagicha qo‘llab-quvvatlash amalga oshiriladi:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar belgilash;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovatsion texnologiyalar yaratish va ularni qo‘llashga ko‘maklashish;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining yagona elektr energetikasi tizimiga kafolatli ulanishini ta'minlash;
- elektr energiyasining yagona xaridori va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish uchun shartnomalar tuzish huquqini berish.
Foydalanilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini salmoqli tarzda oshiradigan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini import qilish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslarga soliqlar hamda bojxona bojlariga doir imtiyozlar berilishi mumkin.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e'tiboran o‘n yil muddatga ozod etiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e'tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan ozod etiladi.
Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulkka qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e'tiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i solinmaydi.
Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e'tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.
Energiya yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan berilgan amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi ma'lumotnoma ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan imtiyozlarni berish uchun asos bo‘ladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar blok-stansiyalar shartlari asosida, shuningdek hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati ko‘rsatilgan holda tanlov asosida yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishi mumkin. Blok-stansiya iste'molchilarning yagona elektr energetikasi tizimiga bevosita yoki iste'molchilar elektr tarmog‘i orqali ulangan hamda operativ-dispetcherlik boshqaruvi tizimiga kiradigan elektr stansiyasi hisoblanadi.
Amaldagi elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va (yoki) kengaytirish uchun zarur bo‘lgan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ulash bilan bog‘liq xarajatlarni ularning egasi amalga oshiradi, yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish nuqtasigacha bo‘lgan xarajatlarni esa, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchi amalga oshiradi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulash taqiqlanadi.
Lokal elektr tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Elektr energiyasi iste'molchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarning lokal elektr tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hududiy va magistral issiqlik tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
Lokal issiqlik tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Issiqlik energiyasi iste'molchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarning lokal issiqlik tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.
Biogaz mahsulotlarning, chiqindilarning hamda kelib chiqishi o‘simlik va hayvonotga mansub qoldiqlarning, sanoat va kommunal-maishiy chiqindilarning biologik jihatdan parchalanadigan moddalardan iborat bo‘lgan biomassasidan ishlab chiqariladi.
Biomassadan shaxsiy ehtiyojlar uchun biogaz ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.
Biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hududiy va magistral gaz tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.
Lokal gaz tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Biogaz iste'molchilarini biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarning lokal gaz tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.