O‘zbekiston | 12:24 / 22.05.2019
16712
4 daqiqa o‘qiladi

«Holatni o‘rgandik. Endi ish boshlaymiz». Vazir o‘rinbosari Chinozdagi «ko‘hna» muammo yuzasidan izoh berdi

Kun.uz saytida 2018 yil oxirida ko‘p yillardan buyon Chinoz shahri aholisini qiynab kelayotgan kanalizatsiya va ichimlik suvlari muammosi bo‘yicha tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. Maqolada bu muammo hududda istiqomat qiluvchi kishilarning hayot tarzi va sog‘ligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatayotgani bayon qilingandi.

 O‘shanda aholi vakillari o‘z shikoyatlarini bildirishgan va hokimiyat idorasida vazirlik, viloyat suvoqova xodimlari holatni o‘rganishga va'dalar berishgan edi.

 Ammo yarim yil vaqt o‘tgandan keyin ham muammo hal etilmasdan qolmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmatlari vazirligi Ichimlik suvi bilan ta'minlash va oqova suv xizmatlari masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Tohirjon Haydarov bilan suhbatimizda ham shu masala haqida eslatdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Aholi tomonidan tushgan murojaatlar sababli hududlarda ko‘p bo‘lamiz. Chinozdagi kanalizatsiya muammosi haqida saytimizda ikki marta tanqidiy material e'lon qilindi. Bu eski muammoning yechimi haqida biror amaliy harakat qilinadami?

— Bu masala bo‘yicha xabarim bor. Chinozga shu haftada vazirlikning suvoqova xizmati, injiniring kompaniyasi va loyiha institutining mutaxassisi bilan joyiga chiqib o‘rgandik. Oqova suv loyihasini loyiha institutiga topshirib, ekspertiza qilinsa qurilishni boshlaymiz. Qurilish ishlarini boshlash uchun pudratchi bilan gaplashganmiz. Menimcha, shu haftadan ishlar boshlanadi. Mustaqillik ko‘chasidan boshlaymiz. Ishlar bu yilga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qilinadi.

Ko‘pqavatli uylardan chiqib kelayotgan oqova suvlar mahalladan o‘tib ketayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Chinozdagi oqova suv bir tashkilotga qaragan. O‘sha tashkilot tugatilganidan so‘ng egasiz qolib ketgan. Uylardan chiqayotgan tizim bor, asosiy qabul qiluvchi magistral tizim to‘lib ishlamay qolgan. Birinchi navbatda, o‘sha qabul qiluvchi tizimni tiklaymiz.

Hammasini ko‘rib chiqdik. Ikki qavatli oqova suvlari bir joyga to‘planib ketayotgan uylarni ham ko‘rdik. Menimcha, ajratilgan mablag‘lar doirasida sentabr oyigacha ishni tugatishga harakat qilamiz. Ishni og‘ir ahvoldagi joylardan boshlaymiz.

Bundan tashqari, Chinozda quvvati yuqori yangi texnologiyali oqova suv tozalash inshooti qo‘yiladi. Joylari ham ma'lum. Boshqa joylarda kanalizatsiya qurib beringlar deb murojaatlar qilishadi. Buning uchun birinchi navbatda suvni joyiga qo‘yish kerak. Suv bo‘lmasa kanalizatsiya qurib bo‘lmaydi», deydi vazir o‘rinbosari.

Bu ishlar amalga oshirilishi uchun albatta o‘ziga yarasha vaqt talab etadi. Lekin juda ham dolzarb masalalar albatta zudlik bilan yechilishi lozim, nazarimizda. Vazirlik vakillari ham bu masalaning jiddiyligini tushunib turishibdi.

Va'da qilingan ishlar bajarilsa, bu haqida albatta xabar beramiz, agar ishlar aytilganidek bajarilmasa bu muammo yuzasidan navbatdagi lavhalar tayyorlanadi. Chinoz ahliga yordam hozir juda-juda zarur.

Bahodir Ahmedov suhbatlashdi

Mavzuga oid