Ishidan nohaq ajrab qolayotganini aytgan 6 nafar farzandning onasi chorasiz qoldi
Nohaqlik ko‘rib, nochor ahvolga tashlab qo‘yilgan inson ko‘p narsadan umid qilmay qo‘yadi, ammo haqiqatni ko‘p izlarkan. Ayniqsa, gap ishdan bo‘shatish, bundan keyin ro‘zg‘orni tebratish vahmi boshlanganda alamli bo‘lib boraveradi.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
«Xalq banki» Surxondaryo viloyati filiali amaliyot bo‘limiga qarashli 3-sonli maxsus kassada ishlagan, 6 farzandning onasi bo‘lmish Dildora Ismoilova ishidan butunlay ajrab qolishi mumkin.
«Xalq banki» Boshqaruvining 2018 yil 18 maydagi qaroriga asosan u ishlab turgan o‘rin qisqartirilishi belgilangandi. Mehnat kodeksiga muvofiq, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunga qaramay, filial tomonidan Ismoilovaga ogohlantirish xati yuborilgan, qonun talabi esa buzilgan.
Ayni ogohlantirish xatini bekor qilish bo‘yicha Surxondaryo viloyati Adliya boshqarmasi Termiz shahar bo‘limining taqdimnomasi mavjud.
Ismoilova bank boshqaruvining 2018 yil 18 maydagi qarorini bekor qilishni so‘rab, sudga murojaat qiladi. Dastlab, Fuqarolik ishlar bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining sudyasi Ikrom Almanov da'vo arizasini qabul qilishini-da rad etgan. Chilonzor tuman prokurorining xususiy protest keltirib, Ismoilova xodim sifatida bevosita uning mansab lavozimiga oid bank boshqaruvining qarorini sudda nizolashishga haqli ekanini bildiradi.
Da'vo arizasini rad etgan sudya Almanovning o‘zi ishni ko‘rib chiqib, hal qiluv qarorida da'voni qanoatlantirishni rad etgan.
Shundan so‘ng, bankning amaliyot bo‘limi Dildora Ismoilovaga plastik kartochkalar tizimini rivojlantirish sho‘'basi yetakchi mutaxassisi lavozimiga ishga o‘tishni taklif qilgan. Ammo bu ish o‘rnining ham egasi bor: asosiy xodim Matlyuba Bozorova bola parvarishlash ta'tilidan qaytgunga qadar taklif etilgan ishni Dildora qabul qilmaydi.
«Endilikda hech qanday vazifa va vakolatga ega bo‘lmagan ish o‘rni taklif etilmoqda. Bank sohasidagi katta tajribam va ish stajim ham inobatga olinmay, kassirning yordamchisi — deyarli bekorchilik bilan shug‘ullanish taklif etildi. Aslida bu ish o‘rni ham yo‘q bo‘lishga mahkum. Farzandim uch yoshga to‘lishi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ham bekor qilishmoqchi, shekilli. Lekin ishlash kerak, jamiyatda o‘z o‘rnimni tutib qolish, olti nafar farzandimni tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun maosh kerak-ku?», — deydi ayol.
«Xalq banki» Surxondaryo viloyati Amaliyot bo‘limi boshlig‘i Kun.uz bilan suhbatda Ismoilova va bank o‘rtasida tushunmovchilik yuz berganini ta'kidlab, Dildoraga, albatta, munosib ish o‘rni va sharoiti yaratib berilishini aytgandi. Oradan 3 hafta o‘tib, Dildora sim qoqdi: rahbariyat muxbirlar ketishi bilan va'dasini yana unutdi...
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
19:00 / 25.10.2024
“Ba’zi nogironlar to‘rt muchasi sog‘lardan yaxshi ishlashadi” – buxorolik tadbirkor
17:00 / 20.06.2024
Xalq banki tomonidan vodiyga press-tur tashkil etildi
16:54 / 29.05.2024
Xalq bankining sobiq bosh ofisi qariyb 120 mlrd so‘mga sotildi
19:00 / 25.04.2024