Jamiyat | 20:55 / 22.05.2019
9160
4 daqiqa o‘qiladi

«Isroilda bunday muammo yo‘q». Odam savdosi muammosini matbuotda yoritish bilan bog‘liq kamchiliklar aytildi

Bugun, 22 may kuni “Poytaxt” biznes markazining «Yuksalish» umummilliy harakati kovorking markazida «Istiqbolli Avlod» ijtimoiy axborot markazi tashkilotchiligida odam savdosi muammosi bo‘yicha OAV vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, «Istiqbolli Avlod» ijtimoiy axborot markazi rahbari Nodira Karimova hamda rahbar o‘rinbosari Shohida Qosimova yig‘ilganlarga markaz faoliyati va olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Shohida Qosimovaning so‘zlariga ko‘ra, markaz tashkil etilganiga 18 yil bo‘ldi. Ko‘plab odamlarga yordam qo‘li cho‘zildi, biroq markaz faoliyati haqida hali-hanuz odamlarda tushuncha kam. 

“2001 yildan boshlab 2014 yilgacha Toshkent shahar "Istiqbolli Avlod" yoshlar axborot-ma'rifat markazi bo‘lgan. 2014 yilda Toshkent shaxar "Istiqbolli Avlod" ijtimoiy-axborot markazi sifatida aholining barcha qatlamlari doirasida ish yuritishni boshladik. 2018 yilda Respublika "Istiqbolli Avlod" ijtimoiy-axborot markazi maqomiga ega bo‘ldik. Odam savdosi bo‘yicha ko‘plab ishlar o‘rganilgan. Bunday ishlarning 65-70 foizi Rossiya va Qozog‘iston hududiga ishlagan ketganlar orasida kuzatilmoqda. Ayollarni aldov yo‘li bilan Tailand, BAA, Turkiya kabi davlatlarga olib ketish hollari mavjud. Bizda psixologlar, yuristlar suhbat qilishadi. Bu juda ham og‘ir jarayon. Jabrlanuvchining dardini, boshidan kechirganlarini eshitish og‘ir jarayon. Jurnalistlar kelib «bizga jabrlanuvchi topib beringlar» deyishadi. Odam savdosiga uchragan shaxs ruhiyatida ko‘plab jarohatlar bo‘ladi. U uyiga qaytib, boshdan kechirganlari endi esidan chiqib qo‘li ishga borganda yana chaqirib nima bo‘lganini so‘raymizmi? Jabrlanuvchilarga yordam berib chet davlatdan olib kelamiz, aybdorlar jazolanadi, lekin jabr ko‘rganlarning keyingi taqdiri nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.

Bunday masalalar OAVda yoritilishi sust holatda. Faoliyatimiz davomida 800 dan ortiq jabrlanuvchi ayollarga yordam berdik. Bizda «Dolzarb aloqa» telefon xizmati ishga tushirilgan» deydi markaz rahbari o‘rinbosari Shohida Qosimova.

«Biz bunday muammolarga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rgandik. Isroil davlatidagi holatni o‘rgangan vaqtimizda bu davlatda odam savdosi borasida muammo umuman yo‘q ekanligini ko‘rdik. Ularning aytishicha, kurashda ikki omilga qattiq e'tibor qaratilgan. Bular: jazoning qat'iyligi va OAVning ishtiroki. Bu turdagi jinoyatlarga jazo juda qattiq qilib qo‘yilgan. Aholi orasida targ‘ibotni jurnalistlar, ya'ni OAV bajargan», dedi markaz rahbari Nodira Karimova.  

Tadbirda jurnalistlar va markaz vakillari bilan savol-javoblar o‘tkazildi. Jurnalistlar bu boradagi muammolar va ularning oldini olish bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi.

Mavzuga oid