O‘zbekiston | 15:50 / 22.05.2019
8659
5 daqiqa o‘qiladi

Raddiya: Reyting natijalari to‘g‘rimi yoxud ta'lim sifati mezonlarisiz aniqlangan OTMlar reytingi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz saytida UniRank tuzgan reytingga asoslanib «O‘zbekistondagi 65ta OTM reytingi e'lon qilindi» sarlavhasi bilan berilgan xabarga raddiya berdi.

Reyting OTMning davlat organlari tomonidan litsenziyalash yoki akkreditatsiyalash, kamida to‘rt yillik bakalavr yoki boshqa ta'lim darajalarini (magistratura va doktorantura) ta'minlash vakolati va ta'limni asosan an'anaviy shaklda o‘qish joyida o‘tkazilishini ta'minlash mezonlari asosida tuzilgan.

«Oliy ta'lim muassasalari reytingi ma'lum bir sohadagi eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari, ularning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ta'lim berish faoliyatining sifatini baholovchi mezondir. Dunyodagi yirik xalqaro reyting agentliklarining tajribasi shuni ko‘rsatadiki, universitetlarni baholashda asosan, 4tadan 13tagacha indikatorlardan foydalanilgan. Shu bilan birga, dunyodagi mahalliy reyting tizimlariga nazar solsak, unda asosan 9tadan 42tagacha indikatorlar ishlatiladi.

Shu o‘rinda dunyo mamlakatlarining milliy reyting ko‘rsatkichlariga to‘xtalib o‘tsak, Buyuk Britaniyada 42ta, AQShda 39ta, Makedoniyada 35ta, Malayziyada 32ta, Xitoyda 22ta, Polshada 19ta, Turkiya va Qozog‘istonda 1ta, Turkiyada 18ta, Braziliya va Polshada 12ta, Chili va Pokistonda 9ta ko‘rsatkich bo‘yicha OTMlar reytingi aniqlanadi. Shu bilan birga, milliy reyting tizimidan tashqari xalqaro reyting agentliklari mavjud bo‘lib, ularning baholash ko‘rsatkichlari quyidagicha: TNe (Times Higher Education) 13ta, ARWU (Academic Ranking of World Universities)  10ta, LEIDENS va SCImago 7ta, QS (Quacquarelli Symonds) va URAP 6ta, HEEACT 5ta, WEBOMETRICS 4ta ko‘rsatkichdan iborat.

Milliy reyting agentliklari baholash jarayonida 46 foiz o‘quv jarayoniga, 26 foiz ilmiy faoliyatga va 28 foiz boshqa yo‘nalishlarga e'tibor qaratishadi. Xalqaro agentliklar reyting tizimi esa 72 foiz ilmiy faoliyatga, 16 foiz o‘quv jarayoniga va 12 foiz boshqa yo‘nalishlarga e'tibor qaratadi. Ko‘rinib turibdiki, xalqaro reyting agentliklarining asosiy etibori ilmiy faoliyatga yo‘naltirilgan.

O‘zbekistonda ham milliy oliy ta'lim muassaslari reytingini shakllantirishda dunyoning ilg‘or reyting tizimlari chuqur tahlil qilib chiqildi va reyting tizimini baholovchi indikatorlardan O‘zbekiston ta'lim tizmiga mos keladiganlari o‘rganilib tanlab olindi. Xususan, THE (Times Higher Education), QS (Quacquarelli Symonds), ARWU (Academic Ranking of World Universities) kabi yirik reyting agentliklari uslublarini o‘rgangan holda 23ta eng muhim va o‘zimizga mos indikatorlar tanlab olindi. 2018 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 57ta oliy ta'lim muassasalari faoliyati tahlil qilinib, natijalari e'lon qilingan edi.

Yaqinda turli internet saytlari orqali UniRank agentligi tomonidan O‘zbekistonning eng yaxshi oliy ta'lim muassasalari e'lon qilindi deb xabar tarqatildi. Lekin ushbu reyting agentligining metodologiyasi qanday? U qaysi ko‘rsatkichlar asosida baholagan? Mezonlar reyting mazmunini ko‘rsata oladimi? Shu kabi savollar ochiq qolmoqda. Faqatgina OTMning veb sayti va unga necha nafar odam kirgani bilan aniqlangan reyting natijalari bu ta'limning sifatini to‘g‘ri baholay olmaydi, shubhasiz. Yana bir jihat, reyting natijalarini e'lon qilgan har qanday agentlik yoki tashkilot ham jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan bo‘lavermaydi.

Shunday ekan, reyting natijalarini e'lon qilayotgan vaqtda reytingni amalga oshirgan va baho bergan xalqaro agentliklarning bu sohaga qanchalik chuqur yondashgani va qaysi mezonlar asosida aniqlaganiga ham e'tibor qaratish ayni muddao. Zero, OTMlar reytingi to‘g‘ri, aniq va shaffof baholanishi respublikamizda faoliyat yurtitayotgan ta'lim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda yuksaltirish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda sog‘lom raqobat yaratuvchi zamin bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, UniRank agentligining maqsadi jahon universitetlari va kollejlarining jahon miqyosida onlayn taniqliligi va aloqalarning onlayn mavjudligiga asoslangan. Shuningdek, chet ellik talabalar va o‘qituvchilarga maxsus oliy ta'lim muassasasining boshqa davlatda qanchalik mashhurligini tushunishlariga yordam berish uchun mo‘ljallangan. Ushbu tashkilot reytingida oliy ta'lim muassasalarining ta'lim sifati, akademik xizmatlari, o‘quv va ilmiy faoliyat  asosiy mezonlar sifatida qabul qilinmagan», deyiladi raddiyada.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid