O‘zbekiston | 09:30 / 25.05.2019
104233
6 daqiqa o‘qiladi

Video: Usmonxon Alimov «Qora ro‘yxat», yosh bolalarning masjidga kirishi, Andijondagi mashmasha va hijob haqida gapirdi

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov “Amerika ovozi” nashriga intervyu berdi. Unda e'tiqod erkinligi, diniy ta'lim, ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralar, masjidlarning bolalarga ochiqligi, “Qora ro‘yxat” va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

“Amerika juda katta mamlakat. Katta mamlakatning qadami ham katta bo‘ladi. Diniy e'tiqod deganda maqsad bitta, bu borada O‘zbekiston va Amerikaning orasida farq yo‘q. Bugun O‘zbekistonda jaholatga qarshi ma'rifat bilan yondashish katta yo‘lga chiqib oldi, desak bo‘ladi.

Masjidlarda ichki ishlar idoralari xodimlarining turishi tashqaridan qaraganda xuddi nazorat qilish uchun bo‘layotgandek tuyuladi. Biroq, aslida bunday emas. Haqiqatni bilish uchun bunda qatnashib ko‘rish kerak, namozga borib, ularni ko‘zdan kechirish lozim: qani, ular qanday turibdi, kimga nima deyapti? Borib ko‘rgan odam maqsad boshqa narsada ekanini biladi. 

Bolalar to‘g‘risida. Men qaysi bir masjidga boradigan bo‘lsam, u yerda yosh bolalarni ko‘raman. Yosh bolalarga hech kim hech narsa degani yo‘q. Bolalar kiritilmasin, degan tartib yo‘q. Bunday tartib umuman bo‘lmagan, bu tashqaridagi gaplar. Biz ham shu gaplarni eshitamiz, lekin namoyon bo‘lgani boshqacha. Bizga ham aytishadi, tekshirganimizda hech qanday to‘siq yo‘qligi ko‘rinadi. Lekin, bitta gap - yosh bolalar ilm bilan shug‘ullanishi kerak. Ilm afzalmi, ibodat afzalmi? Ilm afzal. Bu sen kelmagin, degani emas. Tushungan odam tushunadi.

Musulmonlar idorasi nodavlat tashkilot. Idora butun musulmonlarni boshqaradi, dinlar o‘rtasidagi ahillikni yo‘lga qo‘yadi. Andijondagi masjid masalasiga kelsak - bu masjidni arabistonlik bir kishi qurgan, uning mablag‘iga qurilgan. Arabistondan turib mablag‘ yuborgan, bu yerdagi mas'ul kishisi esa qurdiradi. Ular masjid deb emas, balki madrasa deb quradi. Diniy idora bunga o‘z taklifini kiritadi: Andijonda bir madrasa bor, u ishlayapti, buni masjid qilib foydalanaylik. Shunda mas'ul kishi ham, mablag‘ yuborgan kishi ham bunga rozi bo‘lmadi. Avvalgi muftiy Abdurashid qori Bahromov bir necha marotaba borib, bu bilan shug‘ullanganlar. Hattoki, bizning vakilligimiz hokimlik bilan kelishib, buni vakillik idorasi qilaylik, Musulmonlar idorasiga beraylik, deganda ham bular rozi bo‘lmagan. Shundan qolib ketib, hokimlik tasarrufiga o‘tib ketgan. Bu masalada diniy idoraga emas, balki Adliya vazirligiga murojaat qilish kerak edi. Hozir ham diniy idora qarab turmayapti: tadbirkorlar jalb qilinib, odamlarga uy-joy qilib berish, o‘zini esa “Vaqf” tasarrufiga olishga harakat qilyapmiz. Bu masala aslida bizga umuman aloqasi yo‘q. Hozir sotiladi, degan gaplar ham chiqdi. Biroq, menda bu borada aniq ma'lumot yo‘q. Agar sotiladigan bo‘lsa, tadbirkorlarni jalb qilib uni sotib olishga urinamiz. 

Masjidlardagi imomlar, xodimlarning maoshlari, kommunal to‘lovlar “Vaqf” fondi orqali to‘lanyapti. Oldin imomlar ish haqi olmasdan ishlagan, tizim endi yo‘lga qo‘yildi. Imomlar eng kam ish haqining uch barobari - 800-900 ming so‘m atrofida maosh oladi. Bundan tashqari, “Vaqf” kam ta'minlangan oilalar, nogironlar, yetimlar, kasalmandlarning ahvolidan xabar olish bilan shug‘ullanadi. Fondga hali ko‘p mablag‘ yig‘a olganimiz yo‘q. Hozir “Vaqf”ga mulk qilish bilan ovoramiz, shunda mulkdan daromad tushadi.  

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan e'tibor juda katta. Davlatchilik bor, jamiyat bor - u har doim bir maromda ketmaydi, past-balandi, tushungan-tushunmagani, bilib-bilmagani bo‘ladi. Hijob bo‘yicha bir, ikki, uchta manbadan olingan gap bilan xulosa qilib bo‘lmaydi. Biz aslida buni hijob demaymiz - bu ro‘mol. Ro‘mol bizning milliy kiyimimiz. Onalarimiz, momolarimiz ro‘mol taqib kelishgan. Bunga hech bir joyda monelik bo‘lganini ko‘rganimiz yo‘q. Bizga ham gohida murojaat qilib qolishadi: “Ro‘mollarni ko‘chada, uylarga kirib yechib olishyapti”. Bularning hammasi isbotsiz gaplar bo‘lib chiqyapti. Bugun ro‘mol o‘rab yurgan hech kimga hech qanday gap yo‘q. Biroq, maktab boshqa narsa. U yerning o‘z nizomi bor, o‘sha nizom bilan ish qiladi.

Diniy idora hukumat bilan birga harakat qilishi natijasida 20 mingdan ziyod kishi “qora ro‘yxat”dan butunlay chiqarib yuborildi. Endi ularga: “Sen ro‘yxatdasan, nima qilyapsan”, degan gaplar bo‘lmaydi. Kuzatuv yo‘q. Lekin bugun ularning oldiga borayotganlar yaxshi niyat bilan bormoqda: “Nima kamchiligingiz bor, qanday yordam qilaylik, ijtimoiy ko‘makka muhtojmisiz?!”. Ularga issiqxonalar qurish, ishga joylashish, mahalla bilan aralashib ketishga ko‘mak berilyapti. Shuni ular ba'zida noto‘g‘ri tushunib qolishmoqda. Bu ularning foydasi uchun bo‘lyapti”, - dedi Usmonxon Alimov.

Mavzuga oid