Jamiyat | 20:23 / 27.05.2019
32536
2 daqiqa o‘qiladi

Yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari aralashishi taqiqlanganligi ma'lum qilindi

Xalq ta'limi vazirligi maktab direktorlari yoki sinf rahbarlarining yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvi taqiqlanganligini ma'lum qildi. 

“Ishlab chiqaruvchilar ota-onalardan hali tikilmagan maktab formasi uchun bo‘nak (avans) mablag‘larini yig‘ish mumkin emasligini ma'lum qilamiz. 

Maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari tomonidan yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvi qat'iyan taqiqlangan. Ota-onalar yangi formani tashkil etiladigan savdo shaxobchalaridan sotib olishlari lozim”, deyiladi vazirlik tomonidan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida zamonaviy yagona maktab formasi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini hududlar bo‘yicha shakllantirilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda respublikaning har bir tuman (shahar) markazining aholiga qulay joylarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shaxobchalarini tashkil etishlari, savdo shaxobchalarini joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinishi belgilangan. 

Qayd etilishicha, maktab formasining narxini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning o‘zi erkin bozor munosabatlaridan kelib chiqqan holatda belgilaydi.

Mavzuga oid