O‘zbekiston | 07:55 / 28.05.2019
44688
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Bizning byurokratiyamiz hali zo‘ravonligini qo‘ldan boy bermayapti»

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarini ishga tushirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Eng katta masala - ish joyi. Odamlarning istagi, niyati, talabi ham shu, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Juda katta qaror, farmonlar qabul qilyapmiz. O‘zgarish bor, buni tadbirkorlarning soni oshganidan ham ko‘rib turibmiz. Lekin hozirgi iqtisodiyotimiz, viloyatlarda bo‘layotgan muammolarni chuqurroq tahlil qilsak, eng katta masala odamlarning talabi yuqori, biroq bizning byurokratiyamiz hali zo‘ravonligini qo‘ldan boy bermayapti, desak adolatdan bo‘ladi. Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining qabulxonalari tashkil etilyapti. Bu qarorni qabul qilganimizdan eng katta maqsad - odamlarga to‘g‘ri tushuntirib, kooperatsiya qilib, joylardagi mutasaddi tashkilot va idoralarning javobgarligini joyiga qo‘yish. Hamma tadbirkorlarni qabul qilishdan oldin har bir tumandagi tadbirkorlik sub'yektlarini aylanib ko‘rish kerak. Binosi, inshootlari ellik foizga ishlatilyapti. Juda ko‘p bo‘sh, yarim chala binolar yotibdi. Eng yomon tadbirkorni ham yaxshi qilishimiz kerak», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Savdo-sanoat palatasi raisi va adliya vaziri rahbarligida Respublika ishchi guruhi tuzib, joylarda tadbirkorlar bilan ochiq, amaliy uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini ta'kidladi. Aniqlangan muammolarning hududga taalluqlisi viloyat hokimiga, respublika darajasidagisi esa bosh vazirga berilishi, ular haftada bir kun qabulxona masalalari bilan shug‘ullanishi ko‘rsatib o‘tildi. 

Mavzuga oid