Jamiyat | 02:13 / 29.05.2019
11933
4 daqiqa o‘qiladi

Zulm o‘z egasini yomon oqibatga yetaklaydi

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Zulm - harom”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li sharhlab berdi.

YouTube

Tas-IX

Abu Zarr G‘iforiydan (r.a) rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Alloh azza va jalladan rivoyat qilib dedilar: “Alloh taolo deydi: Ey fazilatli bandalarim! Men zulmni o‘zimga harom qildim, uni sizlarning o‘rtangizda ham harom etdim, bir-birlaringizga zulm qilmangiz. Ey bandalarim! Barchalaringiz zalolatdasizlar. Faqat men hidoyat etganlargina bundan mustasno. Mendan hidoyat tilang, sizlarni hidoyatga yo‘llayman.

Ey bandalarim! Barchangiz ochsizlar, faqat men taom berganlargina bundan mustasno. Mendan taom so‘rangiz, sizlarga taom beraman.

Ey bandalarim! Barchalaringiz yalang‘ochsizlar, faqat men kiyintirgan kishigina yalang‘och emas. Mendan kiyim so‘ranglar, sizlarni kiyintiraman.

Ey bandalarim! Sizlar kecha-yu kunduz xato qilasizlar, men barcha gunohlarni mag‘firat etaman. Mendan mag‘firat tilangiz, sizlarni mag‘firat qilaman.

Ey bandalarim! Sizlar menga zarar yetkazish darajasiga hech qachon yetolmaysizlarki, menga zarar yetkazsangizlar, menga foyda yetkazish darajasiga ham hech qachon yeta olmaysizlarki, menga foyda yetkazsangizlar.

Ey bandalarim! Agar avvalingiz-u oxiringiz, ins-u jinlaringiz orangizdagi eng taqvodor insonning qalbidek bo‘lsangiz ham, bu mening mulkimga hech narsa ziyoda qilmas. Ey bandalarim! Agar avvalingiz-u oxiringiz, insu jinlaringiz orangizdagi eng fojir insonning qalbidek bo‘lsangiz ham, bu mening mulkimga hech narsani kamaytirib qo‘ymaydi. Ey bandalarim! Agar avvalingiz-u oxiringiz, insu jinlaringiz bir joyga to‘planib, mendan hojatlarini so‘rasalar va men ularning har biriga so‘ragan narsasini berganimda ham, bu huzurimdagi narsalarni kamaytirmaydi. Magaram, egni dengizga botirilganda, undan qancha suvni kamaytiradigan bo‘lsa, o‘shancha miqdorda kamaytiradi xolos.
Ey bandalarim! Bular sizning amallaringiz xolos. Men ularni hisoblab qo‘yaman va shunga qarab sizlarga to‘liq jazo yoki mukofot berurman. Kim yaxshilikni topsa, Allohga hamd aytsin. Kim boshqa narsa topsa, faqat o‘zini malomat qilsin”.

Imom Muslim rivoyati.

Alloh zulmni o‘ziga harom qildi. Shu bilan birga, bandalari uchun ham harom qildi. Ulamolarimizning aytishicha, zulm ikki xil bo‘larkan. Birinchisi, o‘ziga zulm qilishlik. Mazkur zulmning eng dahshatlisi, Alloh taologa shirk keltirmoqlik ekan. Ikkinchisi esa, boshqa birovga zulm o‘tkazishlik ekan. 

Odamlar o‘rtasida adolat o‘rnatish, zulmga butunlay barham berish shak-shubhasiz dinimizni, shaffof bo‘lgan Islomning eng oliy maqsadlaridan biri ekanligini hech qachon unutmasligimiz lozim. Zulm qilgan odam xotirjam bo‘lmasin. Alloh taolo bularning barchasiga guvoh bo‘lib turganini hech qachon yodimizdan ko‘tarmasligimiz lozim. 

 

Mavzuga oid