O‘zbekiston | 19:40 / 30.05.2019
2782
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xavfsiz va samarali dori vositalarini ishlab chiqarishda jahon trendiga muvofiqlashadi

Foto: iStock

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi va Fanlar Akademiyasining V.I.Romanovskiy nomli Matematika instituti hamkorligining natijasi mahalliy farmatsevtika sohasidagi innovatsion ishlanmalar shaklida namoyon bo‘lishi kutilmoqda. Milliy palata raisi Ravshan Izamov va Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov tomonidan imzolangan Hamkorlik memorandumi shundan dalolat beradi. Kun.uz muxbiri Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmatidan olingan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Hamkorlik rejalaridan O‘zbekiston innovatsion farmatsevtikasini rivojlantirishga oid loyihalar o‘rin olgan. Birinchi bosqich sifatida farmatsevtikani sun'iy intellektli kompyuter ilovalarini tayyorlash shaklidagi raqamlashtirilish jarayoni ko‘zda tutilgan. 

Memorandumga ko‘ra, dori vositalarini kompyuter ishlanmalari bo‘yicha ishlab chiqilishiga doir ilmiy yutuqlar bosqichma-bosqich tatbiq qilinadi hamda ularning kommersializatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi.

Ta'kidlanishicha, ishtirokchilar farmatsevtik tadqiqotlar sohasida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun birgalikdagi tashabbuslarni rivojlantirishga ko‘mak berishadi. 

Hamkorlikning keyingi bosqichlarida unga davlat va nodavlat tuzilmalar hamda xususiy sektor tashkilotlarini jalb qilish rejalashtirilgan. 

Qayd etish lozimki, ushbu memorandum ilk marta matematika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmokologiya sohalari mutaxassislarining mahalliy farmatsevtikani rivojlantirishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlari birlashuvini namoyish qiladi. 

Bu O‘zbekistonning yanada yangi, samarali va xavfsiz dori vositalarini ishlab chiqishda jahon trendiga muvofiq kelishga intilayotganidan dalolat beradi. Bugun butun dunyoda yangi soha – innovatsion farmatsevtika rivojlanib bormoqda, u an'anaviy farmatsiya va sun'iy intellekt innovatsion usullariga asoslangan innovatsion farmatsevtika uyg‘unlashuvidir. Uning maqsadi – gen, molekulyar darajada ta'sir ko‘rsatuvchi va ma'lum bir bemor uchun muayyan vaqtda samaraliroq hisoblanuvchi dori vositalarini yaratish. 

Hamkorlik memorandumining imzolanishi O‘zbekistonning innovatsion farmatsevtika rivoji tomon qo‘yilgan aniq qadamdir. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid