Fan-texnika | 11:39 / 30.05.2019
12080
3 daqiqa o‘qiladi

Raqamli tobelikdan qutulish: telefoningizni bir chetga olib qo‘yishga tayyormisiz?

O‘zingizning ijtimoiy tarmoq va gadjetlarga bo‘lgan munosabatingizni qanday baholaysiz? Tongda uyg‘onib, birinchi qiladigan ishingiz telefonni qo‘lga olishmi? Yangiliklar lentasini kun davomida necha marta yangilaysiz? Uyqudan oldin Instagram’ni ochish istagi paydo bo‘ladimi? U bir soat va undan ortiq davom etadimi?

Foto: Depositphotos

Agar bu savollarga «ha» deb javob bersangiz, ehtimol sizda yoqimsiz raqamli tobelik yuzaga kelgandir. Biroq vaziyatni to‘g‘rilash mumkin.

Telefonsiz hordiq

Telefondan foydalanmagan holda xotirjamlikka erishishning yoqimli usulini toping. Bu kitoblar (qog‘oz va elektron kitoblar), har qanday xobbi (chizish, tikish, to‘qish) bo‘lishi mumkin. Miyangizga hordiq chiqarish imkonini bering – biroz muddat sukunatda o‘tirishni o‘rganing. Dastlab sizda zerikish va vaqtni bekorga sarflash hissi paydo bo‘lishi mumkin. Biroq vaqt o‘tishi bilan bunday hordiqning ijobiy ta'sirini to‘laqonli ravishda his etasiz.

Tanaffus

Tabiat, ko‘cha, odamlarni kuzatish a'lo variantlar bo‘lishi mumkin. O‘z fikrlaringizga sho‘ng‘ing, atrofni baholashsiz anglang. Yon daftarcha va ruchka bilan yurish yaxshi amaliyotga aylanadi. Masalan, qahvaxonada lentani befoyda yangilashdan ko‘ra fikrlaringiz, savollaringizni yozing va muhim ro‘yxatlar tuzing.

Barcha yorug‘lik manbalarini o‘chiring

Tadqiqotlar uyqudan oldin mobil telefondan foydalanish oqibatida uyqu uchun mas'ul melatonin ishlab chiqarilishi izdan chiqishini isbotlagan. Bundan tashqari, organizm uchun bu kuchli antioksidant va immunostimulyator hisoblanadi. Uyqudan avval organizmga sozlanish imkoniyatini berish muhim, yorug‘ ekrandan o‘qish esa buni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaydi.

Tarmoqdan chiqish uchun budilnik

Agar ijtimoiy tarmoqqa sho‘ng‘ib, vaqt qanday o‘tganini sezmasangiz, budilnik qo‘ying. Masalan, 15 daqiqadan keyin, u qo‘ng‘iroq chalgach barcha ilovalarni yoping. O‘zingizga yengilliklar bermang.

Axborot asrida telefonni bir chetga surib qo‘yish hammaga ham birdek oson emas. Biroq har bir narsaning foydali jihatlari bilan birga salbiy tomonlari bo‘lishini hisobga olish lozim. Va eng muhimi, barcha yaxshi narsalar me'yorida qo‘llanilganidagina ijobiy natija berishini unutmaslik kerak.

Mavzuga oid